Dunyoni parcha-parcha qiling – xonanda Rojer Uoters Putinga ochiq xat yozdi
Madaniyat-san’at
−
27 Sentabr 2022
19550Musiqachi va “Pink Floyd” guruhi asoschisi Rojer Uoters Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat yozdi.
Gap shundaki, joriy yilning avgust oyida Uoters AQSH Prezidenti Jo Baydenni Ukrainada urush boshlaganlikda ayblab, olovga moy sepgan “harbiy jinoyatchi” deb atagan edi. Sentyabr oyida esa musiqachi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning rafiqasi Yelena Zelenskayaga ikkita ochiq xat yozib, unga erini “to‘g‘ri ish qilishga” majburlab, Rossiya bilan muzokaralar olib borishga ko‘ndirishi kerakligini aytgan. Zelenskaya bunga javoban “Rossiya Ukrainaga hujum qilib, shaharlarni vayron qildi va odamlarni o‘ldirdi” deb javob qaytargan.
Kecha, 26 sentyabr kuni Musiqachi o‘zining Facebook tarmog‘idagi sahifasi orqali Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llagan.
“Mendan ko‘pchilik sizga xat yozishimni so‘rayapti. Sizga beradigan ilk savolim, siz urushga yakun yasalishini xohlaysizmi? Agar sizning javobingiz “ha, albatta” bo‘lsa bu hammasini juda osonlashtiradi. Agar siz “Rossiya Federatsiyasining Qrim, Donetsk va Luganskdagi rusiyzabon aholining xavfsizligidan boshqa hududiy manfaatlari yo‘q”, desangiz, bu ham yordam beradi. Men buni Polsha va Boltiqbo‘yining qolgan qismidan boshlab butun Yevropani egallashni xohlaysiz deb o‘ylaydigan odamlarni bilganim uchun aytyapman. Agar shunday bo‘lsa sizni “jin ursin”. Atlantika okeanining ikkala tomonida yadroviy kallaklar o‘yinini o‘ynashni to‘xtatishingiz mumkin. Buning uchun bir-biringizni va dunyoni parcha-parcha qiling. Ammo muammo shundaki, mening bolalarim, nevaralarim butun dunyo bo‘ylab aka-uka, opa-singillarim bor va hech birimiz bunday bo‘lishini xohlamaymiz. Shunday ekan, iltimos, janob Putin, menga xo‘p deng va bizga bu kafolatni bering”, deydi u.
Musiqachi fikrida davom etar ekan, Putindan Rossiya boshqa hech kimga hujum qilmasligi haqida va’da berishi va ushbu maktubiga Rossiya Prezidentidan javob kutishini qo‘shimcha qilgan.
“Agar sizni chiqishlaringizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, siz qo‘shni Ukrainaning betarafligi haqida muzokaralar olib borishni istaysiz, to‘g‘rimi? Tinchlik o‘rnatilishi mumkin deb hisoblasak, siz boshqa hech bir davlatga bostirib kirmaslik bo‘yicha majburiyatlarni o‘z bo‘yningizga olishingiz kerak. Men bilaman, AQSH va NATO boshqa suveren davlatlarga bir necha barrel neft uchun bostirib kiradi, lekin bu shunday qilish kerak degani emas. Ukrainaga bostirib kirishingiz meni butunlay hayratga soldi, bu dahshatli tajovuz va provokatsiya emasmi? Zelenskaya xonim menga Twitter orqali javob berganida, men juda ta’sirlandim, agar menga javob bersangiz, buni mustahkam tinchlik sari olijanob qadam sifatida qabul qilgan bo‘lardim”, degan ijodkor.
Ma’lumot o‘rnida, Rojer Uoters 1943 yilning 6 sentyabr kuni Buyuk Britaniyaning Greyt-Bukxem shahrida dunyoga kelgan. U o‘z kursdoshlari bilan 1965 yilda “Pink Floyd” guruhiga asos solgan va 1985 yilgacha guruh tarkibida gitarachi va vokal ijrochi sifatida ijod qilgan. 1985 yildan e’tiboran yakkaxon ijodkor. Rojer Uoters so‘ngi yillarda Buyuk Britaniya va AQSHda isteqomat qilib o‘zining siyosiy qarashlarini muntazam bayon etib keladi.
LiveBarchasi