Dunyoni ikkiga bo‘lgan urush. Birinchi jahon urushining boshlanishi (1-qism)

Bu qiziq

image

“Urush bu ayrimlarning manfaati uchun butunlay begunoh odamlarning o‘lishidir”.

Uinston Cherchill, Buyuk Britaniya Bosh vaziri

Odamzod “urush” degan so‘zni eshitishi bilan ko‘z oldiga halok bo‘lgan necha yuz minglab insonlarning jasadlari, vayronkorliklar, to‘s-to‘polon va ochlik keladi. Urush insoniyatga hech zamonda yaxshilik olib kelmagan. Biroq, ming afsuslar bo‘lsinki, dunyo tarixida qonli to‘qnashuvlar juda ko‘p bo‘lgan va hozir ham davom etmoqda.

1918 yil 11 noyabr kuni insoniyat tarixiga “Birinchi jahon urushi” nomi bilan kirgan dahshatli qirg‘inbarot o‘z yakuniga yetdi. Bu urush avvalgi to‘qnashuvlarga qaraganda anchayin uzoq muddat, aniqrog‘i, to‘rt yil davom etdi. Urush ko‘lami va ko‘plab davlatlarni o‘z domiga tortgani bilan ham avvalgilaridan ajralib turardi. Ushbu maqolamizda Birinchi jahon urushining boshlanish sabablari va uning borishi haqida so‘z yuritamiz.

Imperiyalar o‘rtasidagi ziddiyat

XX asr boshlarida imperiyalar o‘rtasidagi ziddiyatning eng muhim sababi sanoat taraqqiyotining jadallashuvi, industrial mamlakatlar sonining ko‘payishi bo‘ldi. Rivojlangan davlatlarning sanoat kapitallari o‘rtasida tashqi bozor uchun kurash boshlandi.

XX asrga kelib, rivojlanayotgan mamlakatlar o‘z raqiblarining ta’sir doiralariga kirib qolishi orqali yangi mustamlakalarni va bozorlarni zabt etishga intila boshladi. Yangi davrning imperialistik urushi Ispaniya – AQSH (1898) o‘rtasida bo‘lib, buning natijasida AQSH Kuba, Filippin, Puerto-Riko va Guam orollarini Ispaniyadan tortib oldi. Shunday qilib, dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun kurash jahon siyosatining muhim omiliga aylandi.

Qonli nuqtalar

XX asrning boshida dunyoning shunday hududlari belgilandiki, ularning geosiyosiy va iqtisodiy muhim ahamiyati tufayli bu yerlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurash boshlandi. Birinchi jahon urushi arafasida shunday hududlar sifatida Xitoy va Bolqon yarim oroli ajralib turdi.

Xitoy va uning portlari ustidan nazorat o‘rnatish keng bozorga va boy resursli yerlarga kirib borish imkoniyatini berardi. Bundan tashqari, Xitoy portlariga egalik qilgan mamlakat jahon taraqqiyotida roli tobora ortib borayotgan Osiyo – Tinch okeani mintaqasini o‘z nazoratida ushlab turishi mumkin edi.

Jahon urushi boshlanishidan oldin kuchli davlatlar o‘rtasida o‘ziga xos muvozanat mavjud edi. Biroq 1900 yilda Rossiya imperiyasining armiyasi qo‘zg‘olonni bostirish bahonasi bilan Manchjuriyaga kirishi bu muvozanatni buzib yubordi. Manchjuriya ustidan nazoratga tayanib, podshoh hukumati Koreyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Bu esa, o‘z navbatida, Buyuk Britaniya, AQSH va Yaponiyaga yoqmadi. Ayniqsa, 1902 yilda Angliya bilan ittifoq tuzgan Yaponiya Rossiyaning bu ishidan qattiq g‘azablangan edi. Ayni shu pallada Yaponiya hukmron doiralari tavakkal qilib, harbiy jihatdan o‘zidan kuchli bo‘lgan Rossiya imperiyasiga urush e’lon qildi. Bir yil davom etgan urushda Yaponiya g‘alaba qozondi.

Ziddiyatlarning yanada murakkab tuguni Bolqon yarim orolida paydo bo‘ldi. XVIII asrda Rossiya va Avstriyaning umumiy dushmani hisoblangan Usmoniylar imperiyasi kuchsizlanishi strategik jihatdan muhim bo‘lgan Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozi va ularga yaqin hududlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun ayovsiz kurash boshlandi. Bu yerlarga Rossiya, Avstriya-Vengriya bevosita, Buyuk Britaniya esa bilvosita ko‘z tikkan edi. Bundan tashqari, XX asr boshlarida anchayin qudratli bo‘lib olgan Germaniya imperiyasi bu kurashga qo‘shildi. Germaniya Usmoniylar imperiyasi bilan alohida munosabat o‘rnatib, Bolqon mamlakatlari orqali Istanbul, Bag‘dod va Basraga chiquvchi temir yo‘l qurilishini boshlab yubordi. Bu yo‘l orqali Germaniya Hind okeaniga, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqmoqchi edi.

Harbiy bloklarning tashkil topishi

1879 yilda Germaniya – Avstriya o‘rtasida harbiy ittifoq tuzildi. 1882 yilda bu ittifoqqa Shimoliy Afrikada hukmronlik uchun Fransiya bilan raqobatlashayotgan Italiya qo‘shildi. Shu tariqa “Uchlar ittifoqi” tashkil topdi.

1904 yilda eng ko‘p koloniyaga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida mustamlakachilik masalasi bo‘yicha eng muhim shartnoma imzolandi. Tomonlar urush vaqtida bir-birini qo‘llab turishga kelishib oldi. 1907 yilda Rossiya imperiyasi Buyuk Britaniya bilan xuddi shunday shartnoma tuzdi. Shunday qilib, ikkita qarama-qarshi harbiy-siyosiy bloklar: “Uchlar ittifoq” (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) va “Antanta” (Rossiya, Fransiya va Buyuk Britaniya) tuzildi.

Germaniya o‘zining raqobatchilarini bir-biriga qarshi qo‘yish uchun bir necha marta harakat qilib ko‘rdi. 1904 yil rus-yapon urushi vaqtida Germaniya imperatori Vilgelm II Rossiya podshohi Nikolay II ga Angliya va Yaponiyaga qarshi ittifoq tuzishni taklif qilib ko‘rdi. 1905 yilda ikkala imperator Byorka oroli yaqinidagi saroyda uchrashdi va unda Nikolay II Germaniya bilan ittifoqqa rozi ekanligini bildirdi. Biroq Vazirlar Kabineti Rossiyaga eng ko‘p qarz bergan Fransiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolishni afzal ko‘rdi. Shunday qilib, ikki imperatorning o‘zaro ittifoqi to‘g‘risidagi shartnoma amalga oshmadi.

Germaniya harbiy va iqtisodiy taraflama rivojlangan bo‘lsa-da, Angliya, Fransiya, Rossiya kabi ulkan mustamlakalarga ega bo‘lmagan. Shu bois har taraflama kuchga to‘lgan Kayzer (Germaniya imperiyasida monarxga beriladigan unvon) Germaniyasi dunyoga “Quyosh barchaning yelkasiga birdek nur sochishi kerak”, degan talab bilan chiqdi.

Shu tariqa XX asr boshlarida vujudga kelgan xalqaro vaziyat, rivojlangan imperialistik davlatlarning dunyo birinchiligi uchun kurashi oxir-oqibat insoniyat tarixidagi eng yirik urushni keltirib chiqardi.

Urushning boshlanishi

1914 yil 28 iyul kuni Avstriya-Vengriya imperiyasining taxt vorisi shahzoda Frans Ferdinand harbiy mashqlarni kuzatish uchun Bosniya markazi Sarayeva shahriga keldi. Bu tashrif shunchaki sayr bo‘lmagan. 28 iyul serblarning motam kuni bo‘lib, aynan shu kuni Serbiya chegaralarida harbiy mashqlar o‘tkazilishi bir ig‘vo edi. Frans Ferdinandning bunday provokatsion harakati serb millatchi doiralarining g‘azabini qo‘zg‘atdi. Tonggi soat o‘n birga yaqin Milyak daryosi yaqinida serb millatchi tashkiloti – “Mlada Bosna” (Yosh Bosniya) a’zosi, 20 yoshli Gavrilo Prinsip oldidan o‘tib ketayotgan shahzoda Frans Ferdinand va uning rafiqasini otib o‘ldiradi. Bundan g‘azablangan Avstriya-Vengriya imperatori o‘z hukumatidan bu qotillikka javoban Serbiyaga urush e’lon qilishni talab qildi.

1914 yil 23 iyunda Avstriya-Vengriya Serbiyaga 10 banddan iborat bo‘lgan talab qo‘ydiki, bu talablarni bajarish suveren davlat uchun haqoratli edi. Shunga qaramasdan, Serbiya o‘zidan talab etilgan 10 ta shartdan 9 tasini bajardi. Birgina “Avstriya hukumati tergovda ishtirok etgan holda Sarayevadagi qotillik ishtirokchilarining har biriga nisbatan tergov o‘tkazishi”, degan band bajarilmadi.

Bu mojaroga “Antanta” davlatlari aralashdi. Xususan, Rossiya mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni va bahsni Gaaga sudiga yuborishni taklif qildi. Biroq 26 iyul kuni Avstriya-Vengriya ultimatum talablari bajarilmaganini aytib, o‘z armiyasini Serbiya chegarasiga olib keldi. 28 iyulda Serbiyaga qarshi urush e’lon qilindi va Belgrad o‘qqa tutildi. Bu vaziyatda Rossiya imperiyasi Serbiyaning bosib olinishiga jim qarab tura olmadi. 31 iyulda Rossiya armiyaga umumiy safarbarlik e’lon qildi. Voqealar rivojini jimgina kuzatib turgan Germaniya agar Rossiya safarbarlikni to‘xtatmasa, urush e’lon qilishini bildirdi. Rossiya bunga javob bermadi va harbiy harakatlarni davom ettirdi. Shundan so‘ng Germaniya 1 avgust kuni Rossiyaga, 3 avgust kuni Fransiyaga urush e’lon qildi. Bunga javoban 4 avgust kuni Angliya Germaniyaga urush ochdi. Shu tariqa Birinchi jahon urushi boshlanib ketdi.

Urush dastlab Yevropa mintaqasida yoyildi. Biroq tezda Yevropa chegarasidan chiqib ketdi. 1914 yil 23 avgust kuni Yaponiya Germaniyaga urush e’lon qildi. 1 noyabr kuni Turkiya ham Germaniya tomonidan urushga qo‘shildi. Shunday qilib, Yevropada boshlangan urush 38 ta davlatni qamrab oldi.

“Shliffen rejasi”

Germaniya urushni barchadan ko‘ra ko‘proq istadi. Hatto, oldindan hujum uchun maxfiy rejalar tuzib, uni amalga oshirish uchun qulay fursat kutdi. Bu maxfiy reja “Shliffen rejasi” deb nomlangan. Unga ko‘ra, Germaniya betaraf Belgiya hududi orqali Fransiyaga bostirib kirib, Fransiyani yashin tezligida tor-mor qilganidan keyin butun kuchi bilan Rossiyaga hujum qilishi kerak edi. Germaniya bosh shtabi “Rossiya hujumga o‘tish uchun o‘z qo‘shinlarini olti haftada jangovar holatga keltiradi” deb o‘ylagan. Imperator Vilgelm II o‘z generallariga “Biz tushlikni Parijda, kechki ovqatni esa Petrogradda qilamiz”, degan edi.

G‘arbiy frontda urush 2 avgust kuni boshlandi. Rejaga ko‘ra, Germaniya armiyasi qisqa vaqt ichida Lyuksemburg va Belgiya hududlarini bosib o‘tib, Fransiya chegarasiga yetib keldi. Dastlabki g‘alabalar nemis armiyasini esankiratib qo‘ydi. Ular G‘arbiy frontda g‘alaba qilganliklariga ishonchlari komil edi. Hatto, Vilgelm II “Barglar to‘kilguncha ortga qaytamiz” dedi. Biroq kutilmaganda rus armiyasi Sharqiy Prussiyaga hujum boshladi. Buning oqibatida Germaniya o‘zining G‘arbiy frontdagi kuchlarining bir qismini Sharqiy frontga jo‘natdi. Bu hol Germaniyaning kelgusidagi hujumlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Nemislarning Parijni shimoldan aylanib o‘tish rejasi chippakka chiqdi. Shundan so‘ng Germaniya armiyasi yo‘nalishni janubga tomon o‘zgartirib, Marna daryosiga chiqdi.

1914 yil 5-9 sentyabr kunlari G‘arbiy frontda asosiy janglar bo‘lib o‘tdi. Bu to‘qnashuvda ikkala tomondan 2 million harbiy qatnashdi. To‘qnashuvning birinchi kuni frontning ayrim nuqtalarida nemis armiyasi himoyaga o‘tishga majbur bo‘ldi. Kun sayin Germaniyaning ahvoli og‘irlashib bordi. 9 sentyabr kuni general Bernxard fon Moltke nemis armiyasiga Marna daryosining ortiga chekinishga buyruq berdi.

Sharqiy frontdagi holat

1914 yil ikkita yirik jang – Sharqiy Prussiya operatsiyasi va Galitsiya jangi bo‘lib o‘tdi. Bu janglar paytida rus armiyasi Avstriya-Vengriya qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratdi. Bundan xavotirga tushgan Germaniya 1915 yilning boshida G‘arbdagi asosiy kuchlarini Sharqiy frontga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. 1915 yil 2 may kuni Germaniya armiyasi Sharqiy frontda hujumga o‘tib, ruslarning himoya chizig‘ini yorib o‘tdi. 1915 yilning iyul oyida nemis qo‘shinlari Latviya va Polshaga hujum boshladi. Avgust oyida Varshava zabt etildi. Shundan so‘ng Sharqiy frontda pozitsion janglar boshlandi.

Kimyoviy qurol

1915 yilning boshida G‘arbiy frontda ham faol hujum harakatlari boshlandi. Janglar, asosan, Ipr daryosi yaqinida bo‘lib o‘tdi. Bu yerga nemislar ehtiyotkorlik bilan ko‘plab gaz to‘ldirilgan ballonlarni olib kelib, front bo‘ylab 6 kilometr masofaga joylashtirib chiqdi. Ballonlarda nafasni bo‘g‘uvchi gaz – xlor bo‘lgan. Nemislar qulay fursatni kutib, 22 aprel kuni ingliz va fransuz qo‘shinlari tomonga shamol esgan vaqtda o‘zlari himoya niqobini taqib, gaz ballonlarining jo‘mragini ochdi. Atrofga yashil-sariq rangli tuman tarqala boshladi. Gaz hujumi oqibatida dushman tomondan 15 ming askar zaharlanib, shulardan 5 ming nafari vafot etdi.

QALAMPIR.UZ Birinchi jahon urushining borishini yoritishda davom etadi. Navbatdagi maqolamizda 1915-1918 yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan janglar, Italiya va AQSHning urushga qo‘shilishi hamda Turkiston o‘lkasiga jahon urushining ta’siri haqida so‘z yuritamiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

555

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing