Dunyodagi eng baland charxpalaklar
Bu qiziq
−
29 may 2019
17068Ilk charxpalakni qurish g‘oyasi amerikalik arxitektor Jorj Ferrisga tegishli. U 1893 yilda Chikagoda o‘tkazilgan butunjahon ko‘rgazmasiga bag‘ishlab ilk charxpalakni bunyod etdi. Bu Parijda barpo etilgan Eyfelga javob edi. Uning balandligi o‘sha paytdagi rekord darajada – 80 metrga teng edi. Og‘irligi 2000 tonna bo‘lgan ulkan inshoatni har biri 1000 ot kuchiga teng bo‘lgan ikkita par mashinasi harakatga keltirgan. Ushbu charxpalakda 36 ta kabinka bo‘lib, u 20 ta o‘rindiqli va 40 ta turib tomosha qiluvchilar uchun mo‘ljallangan. U bir paytning o‘zida 2160 kishini o‘z bag‘riga sig‘dira olgan. Charxpalak qanchalik omadli loyiha bo‘lmasin Eyfelning soyasida qolib ketavergan.
Hozirda har bir davlatda baland charxpalaklar bor va u kishilarning yoqimli hordiq chiqarishiga xizmat qilib kelmoqda. Biz siz bilan dunyodagi eng baland charxpalaklarga sayohat qilamiz.
Singapore Flyer (Singapur charxpalagi)
Bugungi kunda dunyodagi eng baland charxpalak Singapurda joylashgan. Ushbu inshoat 165 metrga teng bo‘lib, 37 daqiqada to‘liq aylanib ulguradi. Charxpalak 28 ta kabinali bo‘lib, unga bir vaqtning o‘zida 28 kishi joylashadi. 2008 yil 15 aprleda ochilgan Singapur charxpalagining chipta narxi 21 dollarni tashkil etadi.
High Roller
Las-Vegas shahri mashhur kazinolari, mehmonxonayu tamaddixonalari bilan butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etib keladi. Bu yerda barchasi haqida eng, eng deyishni yoqtirishadi. AQSHlik bir guruh arxitektorlar shahar ko‘rkiga monand charxpalak g‘oyasini ishlab chiqdi va amalga oshirdi.
"High Roller" deb atalgan ushbu inshoat xuddi Singapurdagidek 165 metr balandlikka ega bo‘ldi. Charxpalak 28 ta kapsuladan iborat va uning har biriga 40 kishi bemalol sig‘a oladi. Inshoat ma’muriyatining xabariga ko‘ra, bu kapsulalarda tug‘ilgan kun, turli bazmlar hattoki nikoh to‘ylarini ham o‘tkazish uchun imkoniyat mavjud. Har bir kapsula kuchli havo sovutkichi bilan jihozlangan.
Ulkan inshoat to‘la aylanishi uchun yarim soat vaqt kerak bo‘ladi. Unga bir martalik sayohat kunduzi 24,95 dollar kechasi esa 34,95 dollarini tashkil etadi.
Star of Nanchang (Nanchan yulduzi)
Xitoyning Nanchan shahrida barpo etilgan charxpalakning balandligi 160 metrni tashkil etadi. Uni qurish uchun 7,3 mln dollar mablag‘ sarflangan. Qurilma yarim soatda to‘la aylanib ulguradi. Chipta narxi esa sayyohlarbop, bor yo‘g‘i 6 dollar. Sakkiz kishiga mo‘ljalangan kabinalar soni 60 tani tashkil etadi.
London eye (London ko‘zi)
Yevropada tengi yo‘q bo‘lgan "London ko‘zi" charxpalagi sayyohlar orasida juda mashhur. Hattoki, ushbu inshoat Londonning sayyohlik ramziga aylanib ulgurgan. Yevropaga, xususan Angliyaga tashrif buyurgan sayyoh borki, mazkur charxpalakka bir marta bo‘lsa-da chiqishni maqsad qiladi.
Balandligi 135 metr bo‘lgan inshoat 32 kabinadan iborat. London ramziga bir martalik sayohat narxi biroz qimmatroq, 30 dollarni tashkil etadi. 2000 yilda me’mor Mark Barfild loyihasi asosida barpo etilgan charxpalak bugunga qadar sayyohlik, arxitektura yo‘nalishida 80 dan ortiq mukofotlarga loyiq ko‘rilgan.
Aytgancha, ushbu inshoatga sayrni rejalashtirgan bo‘lsangiz eng avvalo, uning rasmiy saytida (https://www.londoneye.com) chiptani oldindan band qilishni unutmang. Aks holda sayohatingiz bir necha kunga kechikishi mumkin.
The Southern star (Janub yulduzi)
Agar Avstraliyaning Melburn shahriga borsangiz albatta "Janub yulduzi" charxpalagiga albatta chiqing. 120 metr balandlikka ega charxpalakda shaharning 40 kilometr masofadagi go‘zalligidan bahramand bo‘lasiz. Bir martalik chipta narxi 29 dollarni tashkil etadi. Ushbu inshoatni bekorga "Janub yulduzi" deb atashmagan. Undagi ko‘zni quvnatuvchi chiroqlar har qanday sayyohda ko‘rish ishtiyoqini o‘yg‘ota oladi. 2008 yilda barpo etilgan inshoatni qurish uchun 100 mln Avstraliya dollari miqdorida mablag‘ sarflangan.
Suzhou Ferris Wheel (Suchjou charxpalagi)
Osiyodagi o‘ziga xos uslubda barpo etilgan charxpalak 2009 yilda sayyohlarga ilk bor eshigini ochgan. Suchjou shahri aholisi bu inshoat bilan faxrlanib, uni tabiatning uyg‘un bir bo‘lagi sifatida baholaydi. Ushbu 120 metrli gigant charxpalak Suchjoudagi Jinji ko‘li yaqinida barpo etilgan. U 60 ta kabinadan iborat va bir paytning o‘zida 300 kishiga xizmat qila oladi. Inshoat 20 daqiqa ichida to‘la aylanib ulguradi.
Tianjin Eye (Tyanszin ko‘zi)
Tyanszin shahrida joylashgan ushbu inshoatning balandligi 120 metrni tashkil etadi. Charxpalak qurilishi 2007 yilda boshlanib, 2008 yil 7 aprelda sayyohlar uchun ochilgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, inshoat Tyanszin shahridan o‘tgan Yongl-Bridj ko‘prigi ustida qurilgan. Gigant inshoat 40 ta kapsuladan iborat bo‘lib, har biriga 8 kishini sig‘dira oladi. U to‘la aylanib ulgurishi uchun yarim soat vaqt kerak bo‘ladi. Attraksion narxi kattalar uchun 11 dollar kichik yoshdagilar uchun 6 dollarni tashkil etadi.
"Anhor yulduzi"
O‘zbekistondagi eng baland charxpalak Toshkent shahrida 2018 yil 22 dekabr kuni foydalanishga topshirildi. "Anhor-Lokomotiv" bog‘i yaqinida qurilgan inshoatning balandligi 72 metrni tashkil etadi va o‘z bag‘riga bir vaqtning o‘zida 272 kishini sig‘dira oladi.
Unda 48 ta yopiq kabinalar mavjud. Shundan 8 tasi “VIP” turda bo‘lib, uning oddiy kabinalardan farqi to‘rt kishiga mo‘ljallangan va yumshoq o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Oddiy kabinalar esa o‘z ichiga 6 kishini sig‘diradi. Charxpalak 12 daqiqada to‘liq aylanib ulguradi.
Charxpalakka kunduzi ham kechasi ham chiqish birdek maroqli. Yuqoridan Toshkentning eng ko‘rkam manzaralarini tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi