Dunyoda chekuvchilar soni kamaygan. Hozir kashandalar qancha?
Bu qiziq
−
29 noyabr 2021
5234Dunyoda tamaki iste’molchilari soni 2015 yildagi 1,32 milliard kishidan 2020 yilda 1,3 milliardga kamaygan. JSST ekspertlari 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 1,27 milliard kishiga tushishiga umid qilmoqda va mamlakatlarni yomon odatlarga qarshi faol kurashishga undamoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yangi hisobotiga ko‘ra, 60 ta davlat 2025 yilga borib tamaki iste’molini 2010 yilga nisbatan 30 foizga qisqartirish maqsadiga erishmoqchi. Ikki yil avval atigi 32 ta davlat bunday muvaffaqiyat bilan maqtana olardi.
Hisobot mualliflari tamakiga qarshi kompleks chora-tadbirlar yillar davomida millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam berganini eslatgan.
“Odamlar kamroq tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmoqda va ko‘plab mamlakatlar maqsadlariga erishish yo‘lida bu dalda hisoblanadi”, dedi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adhanom Gebreyesus.
Biroq, u hali qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p narsalar borligi va tamaki kompaniyalari “katta daromadlarini saqlab qolish uchun har qanday bo‘shliqdan foydalanishlari” haqida ogohlantirgan.
JSST erishilgan natijalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini ko‘rsatishini va tamaki chekishga qarshi kurashish ularning ma’naviy burchi ekanini ta’kidlaydi. Xususan, ushbu maqsadlar uchun bir kishiga 1,68 dollar sarflash taklif qilinmoqda.
Shunday qilib, ekspertlar 2030 yilga borib yana 152 million kishi yomon odatidan voz kechishi mumkinligiga ishonch bildirgan. Ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun JSST turli kompaniyalar va tashkilotlarni o‘z ichiga olgan tamaki nazorati bo‘yicha maxsus guruh tuzgan.
Hisobotga ko‘ra, 2020 yilda dunyo aholisining 22,3 foizi tamaki iste’mol qilgan - bu erkaklarning taxminan 40 foizi va ayollarning taxminan 8 foizini tashkil qiladi. Taxminan 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 38 million bola - 13 million qiz va 25 million o‘g‘il ham tamakiga qaram bo‘lib qolgan. Aksariyat mamlakatlarda bolalarga sigaret sotish noqonuniy hisoblanadi. JSST bolalar orasida chekishni butunlay to‘xtatishni maqsad qilgan.
2020 yilda chekuvchi ayollar soni 231 million kishini tashkil etdi, asosan 55-64 yoshdagi ayollar. Yevropalik ayollarning 18 foizi tamaki iste’mol qiladi, bu dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ko‘proq. Ammo Yevropadagi ayollar o‘zlarining yomon odatlaridan voz kechishga shoshilmayaptilar: agar mamlakatlar 2025 yilga borib chekuvchilar sonini uchdan bir qismga kamaytirishga harakat qilayotgan bo‘lsa, yevropaliklar hali ham bu maqsaddan uzoqda.
Hisobot mamlakatlarda so‘nggi o‘ttiz yil davomida o‘tkazilgan so‘rovlar ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi. Ular dunyo aholisining 97 foizini qamrab oladi. Bu hisobotlar faqat tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish haqida ketyapti. Tashkilot gap faqatgina tamaki mahsulotlari haqida ketayotganini, bundan tashqari, elektron sigaretalar ham borligini urg‘ulagan.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi