Dunyoda bolalarni majburiy mehnatga jalb etish holati ko‘paydi
Olam
−
12 iyun 2020
5295Koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyo bo‘ylab millionlab bolalar majburiy mehnatga jalb etildi. Shu bilan birga, avvaldan ishlab kelayotgan bolalar yanada og‘ir sharoitlarda qolmoqda. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va UNICEF ma’lumotlarida so‘z boradi.
"Pandemiya oilaviy daromadlarga zarar yetkazdi. Shu sabab ko‘pchilik bolalar mehnatidan foydalanishni boshladi", dedi Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder. Bundan tashqari, epidemiya tufayli ko‘plab maktablar yopilmoqda. Ta’limni to‘xtatishga majbur bo‘lgan o‘quvchilar ishchi kuchiga aylanmoqda.
XMT va UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim muassasalari faoliyati qayta tiklanganidan keyin ham, barcha ota-onalar farzandlarining ta’lim olishiga imkoniyat yaratib bera olmaydi. Maktablarning to‘xtatilishi dunyodagi 130 mamlakatda bir milliard o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatdi. "Gender tengsizligi yanada kuchayishi mumkin, chunki qizlar qishloq xo‘jaligida va uy xo‘jaligida ekspluatatsiyaga juda moyil", deya qo‘shimcha qildi ular.
XMT ma’lumotlarida keltirilishicha, dunyoda 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 152 million bola majburiy mehnatda yoki qullikda ishlamoqda. Ularning 73 millioni xavfli ishlarda band. Bolalar mehnatidan eng jiddiy vaziyat Afrikada qayd etilgan. U yerda yashaydigan bolalarning beshdan bir qismi ishlaydi.
LiveBarchasi