“Dunyoda bitta Xitoy bor”. Pekin AQSH Tayvan himoyasiga otlanganidan norozi
Olam
−
19 Sentabr 2022
8741Xitoy hukumati AQSH Prezidenti Jo Baydenning Tayvan va Pekin o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda Amerika Qurolli Kuchlari orolni himoya qilishi niyatida ekanidan norozi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning ma’lum qildi.
“Amerika tomonining so‘zlari “Yagona Xitoy” tamoyili va Xitoy-AQSH kelishuv kommyunikesini qo‘pol ravishda buzadi. AQSHning Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaslik haqidagi muhim majburiyatidan sezilarli darajada farq qiladi. Shuningdek, bu Tayvan mustaqilligi tarafdori bo‘lgan kuchlarga noto‘g‘ri xabar yuboradi. Xitoy bu borada keskin norozilik bildiradi”, deydi diplomat.
Uning ta’kidlashicha, dunyoda faqat bitta Xitoy bor va Tayvan uning bir qismidir hamda Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Xitoyning yagona qonuniy hukumati hisoblanadi.
“Biz orolni tinch yo‘l bilan birlashtirish istiqboliga chin dildan umid qilamiz. Shu bilan birga, biz separatistik harakatlarga mutlaqo toqat qilmaymiz va barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zimizda saqlab qolamiz. Hech kim Xitoy xalqining milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilishdagi qat’iyatini past baholamasligi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan TIV vakili.
Shuningdek, u Vatanni to‘liq birlashtirishni amalga oshirish Xitoyning barcha o‘g‘il-qizlarining umumiy intilishlari va muqaddas burchi ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSH harbiylari Xitoydan ehtimoliy bosqin sodir bo‘lgan taqdirda Tayvanni himoya qilishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lib, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qoldi. XXRning aksariyat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, orol Xitoy provinsiyalaridan biri hisoblanadi.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, XXR bilan o‘rnatdi. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taypey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR hukumatining noroziligiga sabab bo‘ldi. 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi ortidan Tayvan bo‘g‘ozi mintaqasidagi keskinlik jiddiy ravishda avj oldi, bu esa Pekinning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi
Farangiz Salimova
LiveBarchasi