Dunyoda 8 martdan tashqari ayollarga bag‘ishlangan yana qanday bayramlar bor?
Olam
−
08 mart 2021
7697Bugun, 8 mart kuni ko‘plab mamlakatlar nemis siyosiy arbobi, xotin-qizlar huquqlari uchun faol kurashgan Klara Setkin tomonidan asos solingan Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlamoqda.
Biroq, ushbu sana ayollarga bag‘ishlangan yagona bayram emas. Butun dunyo bo‘ylab va alohida mamlakatlarda aynan ayollar e’tibor markazida bo‘lgan kunlar mavjud. Bular sirasiga bayramlar, an’anaviy festivallar va ayollar huquqlari uchun kurashilgan tarixiy sanalar kiradi. Quyida shulardan bir nechtasi bilan tanishamiz.
Onalar kuni
Onalar kuni – onalik va onalarning jamiyatdagi roliga bag‘ishlangan dunyodagi eng mashhur bayramlardan biri. Bu kun 40 dan ortiq mamlakatlarda nishonlanadi, ularning aksariyati may oyining ikkinchi yakshanbasiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shma Shtatlarda Onalar kuni 1914 yilda Anna Jarvisning sa’y-harakatlari bilan milliy bayramga aylangan. Jarvisning onalarga bag‘ishlangan kunni davlat miqyosida nishonlash kampaniyasi qayg‘uli voqea – tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun kurashgan onasi, fuqarolik jamiyati faoli Anna Mariyaning vafoti bilan boshlandi.
Anna Mariya Amerikada “Onalar kuni holati bo‘yicha ishchilar klubi” deb nomlangan ayollar tashkiloti tarmog‘ini yaratgan, bu tashkilot muhtoj insonlarga kerakli dori-darmonlarni olishda yordam bergan va tibbiyotni yaxshilash uchun kurashgan.
AQSH Prezidenti Vudro Vilson “Onalar kuni”ni Davlat darajasidagi bayramga aylantirishga rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng, ko‘pgina mamlakatlarda aynan ushbu kun hali ham ayollarga bag‘ishlangan asosiy bayram hisoblanadi.
15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni, deb nomlangan yana bir bayram mavjud. Ushbu kun rasmiy ravishda BMT Bosh assambleyasi tomonidan 2007 yilda ro‘yxatga olingan va uning rezolyutsiyasida qishloq ayollari, shu jumladan mahalliy ayollarning hayotiy roli va ularning qishloq xo‘jaligi va taraqqiyotini jadallashtirishga qo‘shgan hissasi olqishlangan.
AQSH
AQSHda 26 avgust “Ayollar tengligi kuni” hisoblanadi. Sana tasodifan tanlanmagan: 1920 yilning shu kunida AQSH Konstitutsiyasiga 19-tuzatma kiritilgan. Unga ko‘ra, ayollar faol saylov huquqiga ega bo‘lgan.
Ushbu bayram birinchi marta 1972 yilda AQSH Prezidenti Richard Nikson 26 avgustni Ayollar tengligi kuni, deb e’lon qilganidan boshlab nishonlanmoqda.
Yaponiya
Yaponiyada Xalqaro xotin-qizlar kuni rasmiy ravishda nishonlanmaydi, ammo 3 mart kuni mamlakatda Xinamatsuri yoki “Qo‘g‘irchoqlar kuni” deb ham ataladigan qizlar kuni nishonlanadi. Ushbu kunda yaponlar qizlarning sog‘ligi va baxtli bo‘lishlari uchun ibodat qiladi.
“Qo‘g‘irchoqlar kuni” bayramida qiz farzandi bor bo‘lgan yapon oilalar uylarida qizil mato bilan o‘ralgan ko‘p qavatli peshtaxta o‘rnatadi va uning ustiga qo‘lbola qo‘g‘irchoqlarni terib chiqadi. Qo‘g‘irchoqlar o‘zgacha bir tartibda, aniqrog‘i yoshga qarab joylashtiriladi. Undan tashqari, eng qimmat qo‘g‘irchoqlar birinchi darajali bo‘lib, imperator oilasini, ikkinchisi saroy xonimlari, uchinchisi saroy musiqachilari va boshqalarni anglatadi.
Yaponlar uchun ushbu bayramda mehmonlarni taklif qilish va dasturxon yozish odatga aylangan. Qizlar an’anaviy kimono kiyib, shirinliklar bilan siylanadi. Garchi ilgari festival faqat qizlarga bag‘ishlangan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu barcha yoshdagi ayollar bayramiga aylanmoqda.
Armaniston
Armanistonda “Onalik va go‘zallik kuni” 7 aprelda nishonlanadi. 90-yillarda, Armanistonda mustaqillik e’lon qilinganidan so‘ng, mamlakatda 8 martni Davlat bayramlari safidan chiqarib tashlash va uning o‘rnini onalik kuni bilan almashtirish masalasi muhokama qilindi. Natijada, bugunga kelib ikkala bayram ham nishonlanyapti.
Janubiy Afrika
9 avgustda Janubiy Afrika Respublikasi Milliy ayollar kunini nishonlaydi. Ushbu kun mamlakat tarixidagi unutilmas voqeaga bag‘ishlangan: 1956 yilda Pretoriyadagi Hukumat binosiga aparteid qonunlariga qarshi 20 mingdan ziyod ayol kelgan. Ayollar Hukumat binosi oldida 30 daqiqa sukut saqlab turgach, qo‘shiq kuylaydi. Ushbu qo‘shiq mazmuniga ko‘ra, ayolga qarshi qo‘l ko‘targaningda, qoyani urding, degan ma’noni anglatadi.
1995 yildan buyon “Milliy Ayollar kuni” Janubiy Afrika Respublikasida davlat bayrami sanaladi va har yili nishonlanadi. 2006 yilda ayollar ushbu tadbirning 50 yilligini nishonlash uchun Pretoriya ko‘chalari bo‘ylab yurish o‘tkazgan.
Mozambik
Mozambikdagi Milliy xotin-qizlar kuni 7 aprelda nishonlanadi va ushbu bayram Mozambik ayollarining kuni sifatida ham tanilgan. Bayram 1971 yilning 7 aprelida vafot etgan milliy qahramon Josina Machel xotirasiga bag‘ishlangan.
Josina Machel mamlakatning birinchi Prezidenti Samora Machelning rafiqasi bo‘lgan, ammo u mamlakat mustaqilligi uchun kurashda ulkan rol o‘ynagan “Mozambikni ozod qilish Fronti”ning faoli sifatida tanilgan.
Ushbu kunda Mozambik ayollari an’anaviy musiqa ostida raqsga tushadi va qo‘shiq kuylaydi, poytaxt Maputo aholisi qahramonning yodgorligiga gul qo‘yadi.
Tunis
13 avgust – Tunisda Milliy ayollar kuni. 1956 yilning shu kunida Shaxsiy holat kodeksi qabul qilindi. Unga ko‘ra, ayollar huquq sub’ektlari sifatida tan olindi. Bosh vazir Habib Burgiba tomonidan qabul qilingan kodeks ko‘pxotinlilikni bekor qildi, ajrashishning qonuniy tartibini joriy etdi va har ikki tomonning o‘zaro roziligini nikoh uchun zaruriy shart qilib qo‘ydi.
2018 yilning “Xotin-qizlar kuni”da Tunis Prezident Beji Kaid Es-Sebsi ayollarga erkaklar bilan teng bo‘lgan meros huquqini berish niyatini bildirdi. Bu esa jamiyatda katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Qonun esa shundan so‘ng, parlament tomonidan ma’qullanmadi.
Lotin Amerikasi
25 iyul Lotin Amerikasida Xalqaro afro-amerikaliklar, afro-kariblik va afrikalik ayollar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kun birinchi marta 1992 yilda Dominikan Respublikasida bo‘lib o‘tgan mintaqaning 32 mamlakatidan kelgan ayollarining birinchi sammitida nishonlangan. Ushbu uchrashuvning asosiy mavzusi irqchilikkka qarshi kurash edi.
Shu kuni Lotin Amerikasi mamlakatlarida irqiy va jinsiy kamsitishlariga qarshi kurashish uchun “Afro-ispan va afro-karib dengizi ayollar diasporasi tarmog‘i” deb nomlangan tashkilot tuzildi.
Bugungi kunda ushbu sana Lotin Amerikasidagi qora tanli ayollarning muammolariga e’tiborni jalb qilish uchun sabab bo‘lib xizmat qilmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mintaqada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi: har yili 20 million ayol va qiz uning qurboniga aylanadi. Pandemiya xotin-qizlarning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Birgina Venesuelada, huquq himoyachilarining fikriga ko‘ra, o‘tgan yilning aprelida ayollarni o‘ldirish soni 65 foizga, Kolumbiyada esa oilaviy zo‘ravonlik holatlari 50 foizga oshgan.
LiveBarchasi