Dunyo iqtisodiyotiga global retsessiya xavf solmoqda

Olam

image

Jahon iqtisodiyoti global retsessiyani boshdan kechirishi mumkin. Bu haqda Jahon Banki e’lon qilgan so‘nggi iqtisodiy prognozlarida keltirilgan.

Joriy yilda jahon iqtisodiyoti bor yo‘g‘i 1,7 foizga o‘sishi kutilmoqda. Oldingi prognozlarga ko‘ra, ko‘rsatkich amaldagi yil uchun 3 foizdan ortiq bo‘lishi kerak edi. Iqtisodchilar "ochiq-oydin retsessiya xavfi" deb baholayotgan ushbu hodisaning keltirib chiqaruvchi omillari sifatida esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va pandemiya ortidan kelib chiqqan bir qator muammolar ko‘rsatilgan.

O‘z navbatida, yuqori foiz stavkalarining iqtisodiyotga ta’siri siyosatchilar uchun eng muhim muammo sifatida ko‘rilmoqda. Jahon banki prezidenti Devid Malpasning ta’kidlashicha, iqtisodiyotda pasayish "keng miqyosli" bo‘ladi va dunyoning deyarli barcha qismlarida aholi daromadlarining o‘sishi pandemiyadan oldingi o‘n yillikdagidan sekinroq bo‘lishi mumkin.

2009 va 2020 yillarda global moliyaviy inqiroz va Covid pandemiyasi tufayli yuz bergan pasayishlar hisobga olinmaganda, joriy yilda kuzatiladigan 1,7% o‘sish 1991 yildan beri barqaror davrdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Jahon bankining ma’lum qilishicha, AQSH, Yevrozona va Xitoy – iqtisodiy o‘sish yo‘lidagi dunyoning eng ta’sirli uch nuqtasi  "mo‘rt iqtisodiy siljish" davrini boshidan kechirmoqda, bu esa qashshoq mamlakatlar duch keladigan muammolarni yanada kuchaytirmoqda.

Jahon Banki so‘nggi yigirma yildagi iqtisodiy xaritaga asoslanib, global retsessiya xavfi yaqin ekanligini ma’lum qildi. So‘nggi to‘plangan dalillar ushbu hodisani muqarrar qilib qo‘ymoqda. Bank, shuningdek, jahon iqtisodiyotidagi sekinlashuv "keskin va uzoq davom etuvchi" bo‘lishini ham ma’lum qilgan.

Kutilayotgan pasayish so‘nggi asrdagidan jiddiy farqlanadi. Agar global retsessiya ro‘y bersa, bu o‘n yil ichida kuzatilgan ikkinchi global retsessiya bo‘ladi. Bunday holat 1930 yillardan buyon kuzatilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, global retsessiya bu dunyoning ko‘plab mamlakatlarini qamrab oladigan retsessiya, ya’ni global iqtisodiy pasayish davridir. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi global retsessiyani aholi boshiga to‘g‘ri keladigan yillik yalpi ichki mahsulotning pasayishi, sanoat ishlab chiqarishi, savdo, kapital oqimi, ishsizlik darajasi, aholi boshiga investitsiyalar  qisqarishi bilan xarakterlaydi..


Maqola muallifi

Teglar

Dunyo iqtisodiyoti global retsessiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar