Do‘konlarda 73 nomdagi sifatsiz mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
12:02 945 1 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning sakkiz oyida tekshirilgan 558 nomdagi mahsulotning 73 tasi sifat talablariga javob bermadi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning yanvar–avgust oylarida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida ularning 73 nomdagisi normativ-texnik talablar asosida belgilangan mezonlarga mos kelmasligi aniqlangan.
Qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizligini tekshirish maqsadida nazorat xaridlarini o‘tkazmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanadi.
Talablarga javob bermagan mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridi tadbirlarini davom ettirishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobatni amalga oshirishi alomatlari bo‘yicha o‘rganishlar boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi