Do‘konlar va kafelar sabab yo‘lovchilar avtobusni quyosh yoki yomg‘ir ostida kutmoqda – IHHA

Jamiyat

image

Bugungi kunda avtobus bekatlari muammosi nafaqat poytaxt aholisi, balki respublika hududlari aholisi uchun ham eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu respublikadagi 850 dan ortiq jamoat transporti  bekatlarining holati bo‘yicha joyiga chiqqan holda olib borilgan o‘rganish natijalarida ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi (IHHA).

Ta’kidlanishicha, Agentlik va uning hududiy tuzilmalari tomonidan avtobus bekatlari “Avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlari” “O’zDSt3196:2017” umumiy texnik standart talablariga muvofiqligi jihatidan joyida o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bekatlarning 91 foizida, ya’ni 711 ta bekatda avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi va jamoat transportining harakatlanish jadvali mavjud emasligi aniqlangan.

“Jamoat transporti yo‘lovchilari uchun bekatlardagi qulaylik juda muhim. Yuqoridagi me’yoriy hujjatda yo‘lovchilar uchun jamoat transportini kutish vaqtida zarur bo‘lgan jihozlar aniq ko‘rsatilgan. Avtomobil yo‘llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarida quyidagi elementlar bo‘lishi kerak: chiqish maydonchasi, tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari, avtobuslar to‘xtashi uchun yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, trotuar va piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar, chiqindi uchun qutilar va yoritish uskunalari bo‘lishi lozim”, deyiladi Agentlik xabarida.

Davlat standartiga ko‘ra, avtopavilon avtobus kelishini kutayotgan yo‘lovchilarni noqulay ob-havo va iqlim omillari ta’siridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Avtopavilon yopiq yoki ochiq turdagi soyabon shaklida bo‘lishi mumkin. Avtopavilonning o‘lchami avtobus bekatida, tig‘iz paytda, bir vaqtning o‘zida yo‘lovchilar soni hisobga olingan holda, 4 kishi 1 m2 hisobida aniqlanadi.

Biroq, o‘rganishlarning ko‘rsatishicha, aksariyat avtobus bekatlari daromad olish shoxobchalariga aylantirilgan. Bekatlarning hajmi kichikligi va ularning maydonlarini do‘konlar, fast-fud, kafelar egallagani sababli iste’molchilar avtobuslarni asosan quyosh yoki yomg‘ir ostida kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu iste’molchilarning noroziligiga ham sabab bo‘lmoqda.

“Zamonaviy avtobus bekatlarining yana bir muhim muammolardan biri – nogironlar aravachasi uchun panduslarning mavjud emasligi. Nogironlar yoki bolalar aravachasi bo‘lgan ota-onalar avtobus bekatidan qanday foydalanishlari kerak?

“Avtomobil yo‘llaridan avtobus bekatlari” standart talablarida avtobus kutish bekatida chiqindi qutilari o‘rnatilishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Ulardan biri tashqarida, ikkinchisi esa kutish maydoniga joylashtirilishi lozim”, deya qayd etilgan.

Bundan tashqari, avtobus bekatlaridagi o‘rindiqlarning yetishmasligi bilan bir qatorda, oddiy tozalikka rioya etish hanuzgacha muammo bo‘lib qolmoqda. Yuqoridagi hujjatga asosan, avtobus bekatlari o‘rindiqlar bilan, biri – pavilonda, ikkinchisi kutish joyida, 10 m2 maydonga 1 ta o‘rindiq hisobida jihozlangan bo‘lishi kerak. 

“Poytaxt markazi va unga yaqin atrofdagi hududlarda vaziyat ozmi-ko‘pmi yaxshi bo‘lsa, markazdan uzoqroq joylashgan hududlarda bekatlarning holati talab darajasida emas. Agentlik o‘tkazgan o‘rganish natijalari buni isbotladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, umumiy texnik talablarga muvofiqligi o‘rganilgan 850 ta avtobus bekatining 62,9 foizida chiqindilar uchun qutilar va 37,2 foizida kutish zali mavjud emas. 36,5% bekatlarda yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar yetarli emas, 31,6% bekatda yo‘lovchilar o‘rindig‘i umuman yo‘q, 245 ta holatda (28,9 foiz) esa kutish xonalari belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘rganish natijalari Transport vazirligiga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesi va viloyat hokimliklariga yuborilishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

97

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing