Dubay atigi 4 yilda qog‘ozdan to‘liq voz kechdi
Olam
−
13 dekabr 2021
10255Joriy yilning 11 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari tarkibidagi Dubay amirligi hukumati ish yuritishda qog‘ozdan to‘liq voz kechdi. “Gulfnews” nashrining habar berishicha, Dubay bu natijaga qog‘ozsiz strategiyasini va’da qilingan muddatda to‘liq amalga oshirish orqali erishgan.
Dubay qog‘ozsiz strategiyasini bajarish 2018 yilda boshlanib, besh bosqichda amalga oshirildi. Buning natijasida 45 ta davlat muassasasi qog‘oz iste’molini 336 million donadan ortiqqa qisqartirishga erishdi. Shu orqali hukumat 1,3 milliard BAA dirhamidan ko‘proq mablag‘ni hamda 14 million mehnat soatini tejagan.
Telekommunikatsiyalarni tartibga solish boshqarmasi bosh direktori Hamad Obaid al-Mansurining aytishicha, BAA hukumatidagi barcha ichki va tashqi tranzaksiyalar va protseduralar hozirda 100 foiz raqamli va keng qamrovli davlat xizmatlari platformalaridan boshqariladi.
“Hukumatda yangi ish madaniyatining o‘rnatilishi xodimlarning vaqt va kuchini tejaydi, ish unumdorligini oshiradi va resurslar barqarorligini ta’minlaydi”, deydi Al-Mansuri.
Endilikda, davlat korxonalari 1 800 dan ortiq raqamli xizmatlar va 10 500 dan ortiq asosiy tranzaksiyalar taqdim etadi.
Shuningdek, DubaiNow ilovasida aholi uchun 12 asosiy toifadagi 130 dan ortiq xizmatlar mavjud.
Farrux Kenjayev
LiveBarchasi