Dubay aeroportiga dron zarbasi oqibatida 4 kishi jabrlandi (video)
Olam
−
01 mart 6058 3 daqiqa
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri aeroportiga Eron dronlari hujumi oqibatida to‘rt kishi jarohat oldi. Bu haqda shahar hokimiyati xabar berdi.
“To‘rt kishi tan jarohati oldi va ularga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi”, deyiladi xabarda.
Dubay xalqaro aeroporti dron hujumi oqibatida shikastlangan. Havo bandargohi vakillari zarbani tasdiqlab, aeroport yengil darajada zarar ko‘rganini ma’lum qilgan.
Dubay xalqaro aeroporti hamda Dubai World Central – Al-Maktum aviatsiya xabidagi barcha reyslar to‘xtatilgan. Bu haqda aeroportlar boshqarmasi saytida e’lon qilingan ma’lumotda keltirilgan.
Hujum fonida Birlashgan Arab Amirliklarida raketa xavfi haqida SMS-ogohlantirishlar yuborila boshlangan. Signal yuborilganidan bir necha daqiqa o‘tib, Abu-Dabidagi “Rixos Marina Abu Dhabi” mehmonxonasida evakuatsiya boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hujumi oqibatida Dubayning “Palm-Jumayra” mehmonxonasi hududida yong‘in boshlangani haqida xabar berilgan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi