DTM Internetda tarqalgan test savollari bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
06 avgust 2021
25066Xabaringiz bor, kecha, 5 avgust kuni O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlandi. Imtihonlar boshlanishi bilan esa ijtimoiy tarmoqlarda test savollarining tarqalishi, shuningdek, imtihonda telefon bilan qo‘lga tushish kabi holatlar juda ko‘p uchramoqda. Davlat test markazi ushbu vaziyatlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha. bugun, 6 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan test sinovlarida matematika fanidan test topshiriqlari aks etgan 1185323 raqamli test topshiriqlari kitobi diagnostik test sinovlariga taalluqli bo‘lib, joriy yilning 17 may kuni Qarshi shahridagi akademik litseylardan birining o‘quvchilari uchun buyurtma qilingan. Diagnostik test natijasiga ko‘ra talabgor 90,5 ball (280,5 balldan) to‘plagan. Mazkur test topshiriqlari kitobi 2021-2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarinig bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tegishli emasligi aniqlangan.
Shuningdek, kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan 1155745 raqamli test topshiriqlari kitobi 5 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur abituriyent test sinovi vaqtida telefondan foydalangani videokuzatuv orqali aniqlanib, imtihondan chetlashtirilgan.
Yana bir holatda majburiy fanlar blokining O‘zbekiston tarixi va matematika fanlaridan test topshiriqlari aks etgan 1186266 raqamli test topshiriqlari kitobi 5 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur abituriyent test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtib, tashqariga olib chiqqan. Shuning uchun u Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi” Nizomning 52-bandiga muvofiq test sinovidan chetlashtirilgan.
Tarmoqda tarqalgan biologiya va kimyo fanlaridan test topshiriqlari aks etgan 1235875 raqamli test topshiriqlari kitobi 6 avgustga tegishli bo‘lib, mazkur abituriyent test sinovi vaqtida telefondan foydalanayotgani aniqlanib, dalolatnoma asosida test sinovlaridan chetlashtirilgan.
LiveBarchasi