“Ajdarho tajovuzi”. Xitoy Shinjon musulmonlariga zulm qilmoqda — “Amnesty International”

Olam

image

Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida yashovchi asosiy qismi musulmon bo‘lgan uyg‘ur, qozoq va o‘zbek kabi etnik ozchiliklar hukumat tomonidan uyushtirilgan ommaviy qamoqqa olish, qiynoqqa solish va ta’qiblarga uchramoqda. Bu haqda “Amnesty International” xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.

Hisobotda quyidagilar qayd etilgan:

•  yuz minglab musulmon erkak va ayollar ommaviy qiynoqlarga duchor bo‘lmoqda;
•  millionlab musulmonlar muntazam ravishda ommaviy ta’qib qilinmoqda;
• musulmon etnik guruhlar o‘zlarining diniy urf-odatlari, madaniy an’analari va ona tillaridan voz kechishga majbur qilinmoqda;
• 50 dan ortiq sobiq mahkumlar lagerlarda musulmonlarga bo‘ladigan munosabat va yashash sharoitlari haqida dahshatli yangi ko‘rsatmalar bermoqda.

Hisobotda “Amnesty International” halqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Xitoyni Shinjonda asirlar uchun tashkil qilingan lagerlarni yopishga chaqirgan. 

160 sahifalik hisobotda tashkilotning inqirozga qarshi kurash guruhi “qayta tarbiyalash lagerlarida” qiynoqqa solingan o‘nlab musulmonlarning ko‘rsatmalarini yig‘gan.

Qayd etilishicha, 2017 yildan beri Xitoy hukumati “terrorizmga qarshi kurash” niqobi ostida mintaqadagi musulmon etnik ozchilik guruhlari: uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek va tojiklarga qarshi qaratilgan zo‘ravonlikka qo‘l urmoqda.

“Yo‘lbars kursisi”, elektroshok va boshqa qiynoqlar

Aksariyat jabrlanganlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, avvaliga ular politsiya mahkamasida so‘roq qilingan. Lagerga jo‘natilishidan oldin ularning biometrik va tibbiy ma’lumotlari mahkamada qayd etilgan.

“So‘ng ular “yo‘lbars kursilari” – qo‘l-oyoqlar kishanlanib, tanaga azob beradigan holda bog‘lab qo‘yiladigan po‘lat stullarda so‘roq qilingan. Politsiya mahkamalarida kaltaklash, uyqusiz qoldirish va kameralarga haddan tashqari ko‘p odamlarni tiqib qo‘yish holati odatiy hol. Mahbuslarning so‘zlariga ko‘ra, so‘roq qilish va ko‘chirish paytida soqchilar ularning boshiga qop kiydirib, qo‘llarini kishanlashgan”, deyiladi hisobotda. 

“Amnesty International”ga ma’lum qilingan bir voqeada, kameradoshlari ko‘z o‘ngida 72 soat davomida “yo‘lbars kursisi”da ushlab turilgan mahbus vafot etgan, shu vaqt mobaynida u o‘tirgan joyiga hojat chiqarishga majbur bo‘lgan.

Lagerga olib kelingan odamlarning har bir daqiqasi rejalashtirilgan bo‘ladi. Ular kecha-yu kunduz nazorat ostiga olinadi. Bundan tashqari, tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, mahbuslar muntazam qiynoqqa solingan va ularga yomon munosabatda bo‘lingan. Kaltaklar, elektroshok, “yo‘lbars kursisi” kabi qiynoq vositalari qo‘llanilgan. Ular oziq-ovqat, suv, uyqudan mahrum qilingan, ammo shu holda ham o‘zlarini tutishga majbur bo‘lgan.

Ikki sobiq mahbusning “Amnesty International”ga ma’lum qilishicha, ular bir yil davomida og‘ir kishanlarni taqib yurishga majbur bo‘lgan. Boshqa mahbuslar ularni elektroshokli dubinkalar bilan urishgani va qalampir kukunini sepishgani haqida ma’lum qilgan.

“Shinjonda millionlab odamlar hibsga olinayotgani bilan bir qatorda barcha musulmonlar to‘liq kuzatuv ostida. Lagerdan chiqqanlarning ham barchasi doimiy elektron va shaxsiy kuzatuv ostida bo‘ladi. Ularni kuzatib boradigan hukumat vakillari VPN yoki ijmoiy tarmoqdan foydalanilgan taqdirda “shubhali” xatti-harakatlar haqida xabar beradi. Ko‘chalarda esa politsiya kecha-kunduz navbatchilik qiladi”, deyiladi hisobotda. 

Musulmonlar diniy va madaniy urf-odatlar uchun qamoqqa tashlanadi

Hisobotda qayd etilishicha, Shinjonda odamlar o‘z dinlari, xususan, islom dini amallarini bajara olmaydi. Musulmonlar diniy va madaniy urf-odatlar uchun qamoqqa tashlanadi. Qur’on, joynamoz va boshqa diniy buyumlar taqiqlangan. Butun Shinjon bo‘ylab masjidlar, qabristonlar va boshqa diniy va madaniy joylar buzib tashlangan yoki boshqa maqsaddagi ob’ektlarga aylantirilgan.

“Biz endi Assalomu alaykum so‘zini ham aytolmaymiz”, deydi “Amnesty International”ga ko‘rsatma berganlardan biri.

Tashkilot o‘z hisobotida qayd etishicha, Xitoy hukumati Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealarni har qanday usul bilan berkitadi. Rasmiylar ochiq gapirishga jur’at etganlarni hibsga oladi, tahdid qiladi va haqorat qiladi.

A security checkpoint outside of a train station in Urumqi, Xinjiang. Han Chinese people and members of predominantly Muslim ethnic groups go through separate checkpoints. Muslims are subjected to much more severe security checks.

“Xitoy zudlik bilan asirlar uchun lagerlarni tarqatib yuborishi, lagerlar va qamoqxonalardagi o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan odamlarni ozod qilishi va Shinjondagi musulmonlarga qarshi muntazam hujumlarni to‘xtatishi kerak”, deydi “Amnesty International” bosh kotibi Agnes Kallamard.

Uning ta’kidlashicha, BMT xalqaro huquq bo‘yicha barcha jinoyatlarda gumon qilinganlarni javobgarlikka tortish uchun mustaqil tergov mexanizmini yaratishi va zudlik bilan mintaqaga yuborishi kerak. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat “bu dahshatli amaliyotga butunlay barham berish uchun ochiqchasiga gapirishi va birgalikda harakat qilishi lozim”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

358

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing