Dorixonalarga litsenziya uchun yangi talab qo‘yiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Dorivor o‘simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Dorivor o‘simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish maqsadida:

1. Belgilansinki:

•    tumanlar qizilmiya, za’faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na’matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha hududlar kesimida ixtisoslashtiriladi. Bunda 2022 yildan 2026 yilgacha 36 000 gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi;

•    yaratilayotgan har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘mдан, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining tegishli dalolatnomasiga asosan respublika byudjetidan tegishincha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi orqali subsidiya ajratiladi;

•    dorivor o‘simliklarni madaniy plantatsiya tashkil qilish orqali yetishtirish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

•    eksportbop dorivor o‘simliklar yetishtirishni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’ektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5214-son qarori 4-bandida nazarda tutilgan imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari dorivor o‘simliklarni yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ham tatbiq etiladi.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2022 yil 1 iyundan boshlab Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 100 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali quyidagilarga:

•    fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi;

•    dorivor o‘simliklarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oylik “revolver” kreditlar ajratiladi. Bunda ushbu kredit hisobidan klaster va kooperatsiyalarning tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

3. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlashni (dorivor o‘simliklarni qayta ishlash asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni) moliyalashtirish uchun Jahon bankining “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish”, “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihalari va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 20 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni tijorat banklariga ajratish choralarini ko‘rsin. Bunda:

•    ushbu mablag‘lar milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada tijorat banklariga resurs sifatida joylashtiriladi;

•    tijorat banklari 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 17 foiz stavkada (shundan 3 foizi bank marjasi) tijorat krediti ajratadi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.J. Bakirov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.X. Kariyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat hokimlari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududda kamida bittadan dorivor o‘simliklar klasterini tashkil etish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqsin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022-2023 yillarda dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin.

4. Belgilansinki:

•    2025 yil 1 yanvarga qadar dorivor o‘simliklarni yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik sub’ektlaridan olinadigan yer solig‘ifoyda solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mazkur xatboshiga asosan soliqlardan ozod qilinadigan mablag‘lar dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini kengaytirishga yo‘naltirilishi shart;

•    dorivor o‘simliklar xomashyosidan biologik faol qo‘shimchalaressensiyalar va ekstraktlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, qadoqlash materiallari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi;

•    dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash uchun foydalaniladigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari, asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar, kimyoviy preparatlar hamda himoya vositalarini olib kirishda qo‘shimcha qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi;

•    dorivor o‘simliklar xomashyosi hamda undan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar, essensiyalar va ekstraktlarni eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlarining eksport uchun sarflangan avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab dorixona sotuv zali peshtaxtalarining kamida 10 foiziga dorivor o‘simliklar xomashyosidan tayyorlangan biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini joylashtirishni dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishning litsenziya talablari va shartlariga kiritish choralarini ko‘rsin.

6. Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov) va Hisob palatasi (B.T.Turabov) dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalariga dorivor o‘simliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qat’iy rioya qilinishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tavsiya etilsin.

8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishga oid materiallar, turkum teleko‘rsatuvlar namoyish etilishini tashkil etsin.

9. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.J.Bakirov, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Q.Sharipov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A. Xaitov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2022 yil 20 may


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing