Donetsk va Donbassdan 36 ming kishi evakuatsiya qilindi. Ularga 130 dollardan pul tarqatilmoqda
Olam
−
19 fevral 2022 7783 4 daqiqa
Donetsk va Lugansk fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududiga chiqib ketishi tashkil qilinganidan so‘ng, 36 mingga yaqin Donbass aholisi allaqachon Rostov viloyatiga yetib borgan. Ular orasida 700 dan ortiq bolalar ham bor. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni Davlat dumasining MDH, Yovroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Viktor Vodolatskiy ma’lum qilgan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ular mamlakatning 85 ta viloyatidan 26 tasida joylashtirilishga tayyor. Shu bilan birga, endi Rossiyadan Donbassga ketish mumkin bo‘lmaydi – Rostov viloyatidagi barcha nazorat punktlari faqat mamlakatga kirish uchun ishlaydi.
O‘n minglab odamlar allaqachon evakuatsiya qilingan
Donetsk va Luganskda kecha, 18 fevral kuni e’lon qilingan evakuatsiya kechayu kunduz davom etmoqda. Bugun tushdan keyin, Rostov viloyatiga 36 ming kishi kelgan bo‘lsa, olti soat oldin Donetsk hududidan kelganlar soni bor-yo‘g‘i 3100 kishini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, birgina Donetskdan 700 mingga yaqin odamni olib chiqish rejalashtirilgan.

Qochqinlar uchun turar joy
Rossiyada 280 dan ortiq vaqtinchalik joylashtirish markazlari allaqachon evakuatsiya qilinganlarni qabul qilishga tayyor, ularda odamlar issiq ovqat, dush va kir yuvish xizmatlari, shuningdek, aloqa va internet bilan ta’minlanadi. Vodolatskiyning so‘zlariga ko‘ra, qochqinlarning kamida ikki hafta qolishlari uchun sharoit yaratilmoqda.
Rossiyaning 85 ta viloyatidan 26 tasi Donbassdan odamlarni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi, dedi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Chupriyan. Rossiya temir yo‘llari qochqinlarni boshqa hududlarga tashish uchun Rostov viloyatiga poyezd jo‘natishga tayyor.
Shu bilan birga, Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova yaqinlashib kelayotgan bayram mavsumi munosabati bilan Donetsk va Donbass aholisini Krasnodar va Stavropol o‘lkalariga jo‘natmaslikni taklif qildi.

Bugun evakuatsiya qilinganlar Prezident Vladimir Putinning kecha, 18 fevraldagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, kishi boshiga 10 ming rubl (129,14 AQSH dollari) miqdorida bir martalik yordam puli olishni boshlaydilar. Rasmiylarga ko‘ra, to‘lovlarni tashkil etishda hech qanday muammo yo‘q.
Xalqaro munosabat
Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvi va Donetsk va Lugansk rasmiylari tomonidan e’lon qilingan aholining evakuatsiya qilinishi G‘arb davlatlarida xavotir uyg‘otdi.
Vashingtonning fikricha, evakuatsiya Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” uchun niqob bo‘lib, AQSH Prezidenti Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi qaror allaqachon qabul qilingan. Shu bilan birga, u Qo‘shma Shtatlar o‘z harbiylarini Ukraina hududiga jo‘natmoqchi emasligini va “hali ham keskinlikni pasaytirib, muzokara stoliga qaytishga kech emasligini” yana bir bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari kecha, 18 fevral kuni aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan.
Ukraina tarkibidan ajralib chiqish harakatidan bo‘lgan ikki hudud joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina harbiylari Donbassga hujum qilganini ro‘kach qilib, Kiyevni ayblamoqda. Ammo, rasmiy Kiyev ushbu LXR va DXR tomonidan Ukraina hududiga 60 marotaba o‘q uzilganini aytmoqda. Hatto, ba’zi hujumlar og‘ir artillerilar yordamida uyushtirilgani ma’lum qilinmoqda.
Ukraina hukumati mamlakat harbiylari sharqiy hududlarga hujum qilishni rejalashtirmaganini aytib, LXR va DXRni yolg‘on xabar tarqatishda ayblagan.
LXR va DXR hujum boshlangani ortidan o‘z fuqarolarini Rossiya hududiga evakuatsiya qila boshlagan.
Vaziyat yumshash o‘rniga jiddiylashishi ortidan, G‘arb xavotirli bayonotlar bilan chiqmoqda. Ma’lum qilinishicha, Ukraina chegralari yaqinidan harbiylarni ortga qaytarishni boshlagani haqida bayonot bergan Kreml, qo‘shinlar sonini kamaytirish o‘rniga ular sonini 190 minga yetkazgan.
Boshqa tomondan, NATO va G‘arb Ukraina xavfsizligini ta’minlash borasida unga harbiy ko‘makni kuchaytirgan. NATOga a’zo Estoniya Mudofaa vazirining bildirishicha, mamlakat Ukraina hududiga tankka qarshi “Javelin” qurollarini yuborgan.
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Eslatib o‘tamiz bundan avval, Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta “Jevelin” tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
Live
Barchasi