Tibbiy niqoblar virusdan himoya qila oladimi? – Mutaxassislar javobi
Olam
−
29 yanvar 2020
8978Tibbiy niqob taqqan odamlar ko‘chalarda tobora ko‘paymoqda. Ularni, ayniqsa, mavsumiy allergiya davrida, epidemiya kuchayishi paytida va havo sifati past bo‘lgan shaharlarda ko‘proq uchratish mumkin. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Xitoyda niqoblardan koronavirusni yuqtirib olmaslik uchun foydalanishmoqda. Ammo bu samara beradimi? Virusologlarning bu boradagi fikrlari bir-biridan farq qiladi.
Nottingem universitetining molekulyar virusologiya fani professori Jonaton Ballning fikricha, tibbiy niqoblar grippdan himoya qilishda maxsus respiratorlar singari yaxshi natija beradi. Amerikalik olimlar tomonidan klinik sharoitda o‘tkazilgan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot ham buni tasdiqladi.
Ammo olimning ta’kidlashicha, aksariyat odamlarda uning ta’sir kamroq sezilishi mumkin. Chunki hamma ham kun bo‘yi niqob taqib, uni muntazam yangilab turish imkoniyatiga ega emas.
Kvins universiteti qoshidagi eksperimental tibbiyot instituti doktori Konnor Bamfordning bu borada fikri o‘zgacha. Uning ta’kidlashicha, oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, niqob taqishdan ko‘ra samaraliroq.
“Agar siz aksirish paytida og‘zingizni yopsangiz, qo‘llaringizni muntazam yuvib tursangiz va yuvilmagan qo‘llaringiz bilan og‘zingizga tegmasangiz, havo orqali yuqadigan virusga chalinish xavfini sezilarli darajada kamaytirasiz”, deydi Konnor Bamford.
Buyuk Britaniyaning sog‘liqni saqlash idorasining yangi va zoonoz kasalliklar bo‘limi boshlig‘i doktor Jek Danning shunday deydi: "Garchi niqob taqish kasallikning oldini olish uchun foydali deb hisoblansa-da, ammo hozirda klinik jihatdan ularning foydasini ko‘rsatadigan dalillar yetarli emas". Uning so‘zlariga ko‘ra, niqoblar to‘g‘ri taqilsa va doimiy ravishda o‘zgartirib turilsa, foyda berishi mumkin. Doktor Dunning, birinchi navbatda, gigiyenaga ahamiyat berishni maslahat beradi.
LiveBarchasi