Dominikanda tungi klub tomi qulab tushdi. 98 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
09 aprel 6257 1 daqiqa
Dominikan Respublikasida tungi klub tomining qulashidan 98 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Listin Diario” nashri xabar berdi.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha markaz direktori Xuan Manuel Mendesning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida yana 146 kishi jarohat olib, shifoxonalarga yotqizilgan. Vayronalar ostidan odamlarni qutqarish ishlari hanuz davom etmoqda va ular oxirgi odam qutqarilguncha to‘xtatilmaydi.
Jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 150 ta tez yordam mashinasi jalb etilgan. Tungi klub yaqinida bedarak yo‘qolganlarning oilalari to‘plangan. Halok bo‘lganlar orasida Monte-Kristi provinsiyasi gubernatori Nelsi Kruz ham bor.
Qayd etilishicha, voqea poytaxt Santo-Domingo shahridagi Jet Set tungi klubida 8 aprel tongida xonanda Rubbi Peres chiqish qilayotgan vaqtda yuz bergan. Xonanda tomoshabinlar bilan birga qulagan tom ostida qolib ketgan. Uni u tom ostidan kuylay boshlagach, topishgan. Ayni paytda uning ahvoli barqaror.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Makedoniya shimoli-sharqidagi Kochani shahridagi “Puls” diskotekasi yonib ketishi oqibatida 50 kishi halok bo‘lgandi. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda muassasada 1,5 mingga yaqin odam bo‘lgan. Mahalliy “Vecher” nashri xabariga ko‘ra, konsert o‘tkazilgan tungi klub egasi qo‘lga olingan.
Live
Barchasi