“Doka-ro‘mol qurishi”. Eron va Saudiya Arabistoni munosabatlarni tiklamoqchi
Olam
−
18 aprel 2021
6726Saudiya Arabistoni va Eron rasmiylari munosabatlarni tiklash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarda bo‘lib turibdi. Bu haqda “Financial Times” tegishli ma’lumotlarni e’lon qildi.
Nashrning uchta manbasiga ko‘ra, muzokaralarning birinchi bosqichi 9 aprel kuni Bag‘dodda bo‘lib o‘tgan. Ushbu tashabbus 2016 yildan beri davlatlar o‘rtasidagi birinchi muhim siyosiy munozara, deb hisoblanmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar “Ansor Alloh” qo‘zg‘olonchi harakati (hutiylar) a’zolari tomonidan qirollik hududiga muntazam ravishda hujum qilish masalasini ko‘targan, muzokaralar ijobiy o‘tgan. Ismi oshkor qilinmagan amaldorning aytishicha, Saudiya Arabistoni delegatsiyasini razvedkaning yuqori lavozimli xodimi boshqargan. Keyingi haftada muzokaralarning yana bir raundi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Xabarda yozilishicha, muzokaralar jarayoniga joriy yilning mart oyida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al-Saud bilan suhbat o‘tkazgan Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy yordam beradi.
Saudiya Arabistonining yuqori lavozimli mulozimi muzokaralarni rad etdi, deb yozadi gazeta. Iroq va Eron hukumatlari ushbu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, nashr xorijiy diplomat va Iroq ma’muriyatining yuqori martabali vakilidan tasdiqnoma olishga muvaffaq bo‘lgan. Unga ko‘ra, Bag‘dod Eronning Misr va Iordaniya bilan aloqalarini ham yengillashtirgan.
“[Iroq] bosh vaziri Iroqni mintaqadagi ushbu antagonistik kuchlar o‘rtasidagi ko‘prikka aylantirishda shaxsan o‘z rolini ko‘rsatib qo‘ymoqchi”, deya tushuntirgan rasmiy.
Eron va Saudiya Arabistoni munosabatlari
Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi ziddiyatlarning yana bir inqirozi, 2012 yilda hibsga olingan Oyatulloh Nimr an-Nimrning 2016 yil 2 yanvarda Saudiya Arabistonida qatl etilganidan keyin paydo bo‘ldi. U Al-Saud rejimini tanqid qilgan va diniy ozchiliklar huquqlariga rioya qilishga hamda qirollikda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga chaqirgan shialar ilohiyotchisi edi.
Xuddi shu kuni kechqurun, ulamoning qatl qilinishidan g‘azablangan eronlik namoyishchilar olomoni Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi va Mashhaddagi konsulligi hududiga bostirib kirdi. Bunga javoban, Ar-Riyod 3 yanvar kuni Tehron bilan munosabatlarni to‘xtatdi. Saudiya Arabistonini Bahrayn, Sudan va Jibuti ham qo‘llab-quvvatladi. O‘z navbatida, BAA diplomatik vakolat darajasini pasaytirdi, Quvayt va Qatar o‘z elchilarini chaqirib oldi.
Yamanda Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mamlakat rasmiylari va Eron har tomonlama yordam ko‘rsatib kelayotgan hutiylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2014 yil avgustidan beri to‘xtamayapti. 2015 yil 26 martdan boshlab, Yaman Prezidentining iltimosiga binoan, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklari Havo kuchlari ko‘magi orqali isyonchilarga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazilmoqda. Misr, Iordaniya, Marokash va Sudan ham koalitsiyaga qo‘shilgan.
LiveBarchasi