“Dok-1 Maks”dan vafot etgan bolalarning oilalariga kompensatsiya to‘lanishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” siropini ichish oqibatida vafot etgan bolalarning o‘limi sababi hujjat bilan tasdiqlansa, ularning oilalariga kompensatsiya to‘lab berilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro press-klubda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” dorisini ichganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni faqat bolalarning ota-onalari bergan.

“Agar ushbu ma’lumotlar hujjat bilan tasdiqlansagina, kompensatsiya to‘lash bo‘yicha yuridik jarayonlar boshlanishi mumkin”, deydi u.

Bositxonovaning qayd etishicha, hozirda har bir bolaning o‘limi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropidan O‘zbekistonda 20 nafar bola vafot etdi. “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. 2023 yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridan saqlanishga chaqirdi. Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan dori vositasini O‘zbekistonga olib kirgan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi. 13 yanvar kuni “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi va uning litsenziyani bekor qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing