DXX va IIV Sirdaryoda “jihodchilar”ni qo‘lga oldi

Jamiyat

image

Bugun, 21 yanvar kuni Sirdaryo viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida “jihodchilar” ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur guruhning 2 nafar yetakchisi Rossiya Federatsiyasida mavsumiy ishlashi davomida radikal guruhlar ta’siriga tushib, yashash joyiga qaytib kelganidan so‘ng aholi orasida o‘zlarining buzg‘unchi g‘oyalarini targ‘ib qilish va ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolarining ma’ruzalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori asosida taqiqlangan ekstremistik va terrorchilik guruhlarga aloqador shaxslarning maqola va ma’ruzalarini internet tarmog‘idan yuklab olib, ularni saqlash va atrofdagilarga tarqatish, shuningdek, Suriya Arab Respublikasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etuvchi terrorchilik guruhlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan.

Ushbu jinoiy guruh rahbarlari 2020 yilda Sardoba suv ombori bilan bog‘liq suv toshqini oqibatida talafot ko‘rgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy ko‘mak yig‘ishni aytib, Telegram messenjerida xayriya guruhini ochib, masjidlarning qayta qurilishiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan musulmonlarni aldab, ular tomonidan bank plastik kartasiga tushirilgan mablag‘larni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullangan.

Shu o‘rinda, qo‘lga olinganlardan ba’zilari karantin cheklovlari bekor qilingach, Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirish maqsadida ushbu mamlakat hududidagi maslakdoshlari bilan aloqada bo‘lib kelgan.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida, ushbu ekstremistik guruhning aholiga salbiy ta’siri va yoshlarni buzg‘unchi yo‘llarga boshlashining oldi olinib, viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ekstremistlarning barcha a’zolari qo‘lga olinib, yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tergov harakatlari davomida, ularning jinoiy faoliyatini fosh etuvchi daliliy ashyolar olingan.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv ishlar davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

803

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing