DXX to‘rt viloyatda yirik miqdordagi giyohvand modda savdosiga chek qo‘ydi
3-sahifa
−
18 avgust 2021
7538Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Surxondaryo, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jami 3 kilogramm 857 gramm “opiy” va 9 kg 736 gramm “gashish” giyohvand moddalari musodara qilindi.
Qayd etilishicha, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Denov tumani tibbiyot birlashmasining 37 yoshli haydovchisi 3 kg 857 gramm “opiy” moddasi bilan qo‘lga olingan. Unga giyohvand moddani Tojikistondagi jinoiy sheriklari kontrabanda yo‘li bilan mamlakat hududiga o‘tkazib bergan.
Ta’kidlanishicha, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikdagi Chust tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham 6 kg 813 gramm “gashish” moddasi savdosiga chek qo‘yilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand moddani Uychi tumanida yashovchi 34 yoshli fuqaro va uning jinoiy sherigi Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi 43 yoshli muqaddam sudlangan fuqaro Qirg‘izistondan olib kelgan.
Andijon shahrida ham giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holat kuzatilgan. DXX xodimlari tomonidan shaharda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyati Qorasuv tumanida yashovchi, 38 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi va uning jinoiy sherigi bo‘lgan 62 yoshli Rossiya fuqarosi ushlanib, ulardan 1 kg 413 gr “gashish” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, ushbu modda O‘zbekistonga Qirg‘izistondan olib o‘tilgan.
Xabarga ko‘ra, Qo‘qon shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro ham Qirg‘izistonning Botken viloyati Qizilqiya shahriga borib, A. ismli shaxs bilan uchrashgan va unga 1 kg “gashish” moddasini Farg‘ona shahriga yetkazib berish sharti bilan 2 ming dollar berib, yashash manziliga qaytib kelgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda Quva tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan Lacetti yo‘lovchisidan 599 gramm “gashish” moddasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
LiveBarchasi