DXX fuqarodan 1,5 mln dollar talab qilgan hokimlik mansabdorini ushladi

Jamiyat

image

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri noqonuniy daromad olish maqsadida, 1978 va 1980 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bilan kelishgan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirgan.

Unga plastik trubalar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan 12 gektar yer maydoni olib berish evaziga 1 mln. 560 ming AQSH dollari talab qilishadi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida, ular Toshkent shahridagi restoranlardan birida avans sifatida 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir boshqa holatda ham firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan bank xodimi ushlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy bankining Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali 2022 yilning mart oyiga qadar Toshkent shahrida subsidiya hisobidan uy-joy oluvchilar ro‘yxatiga kiritish hamda uy-joy olishida ko‘maklashish evaziga, undan 2000 AQSH dollari olgan vaqtida huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

517

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing