DXX 6 viloyatda chetdan olib kirilgan ko‘p miqdordagi narkotikni fosh qildi
3-sahifa
−
02 avgust 2022 6690 3 daqiqa
O‘zbekistonning 6 viloyatda qo‘shni davlatlardan olib o‘tilgan jami 14 kg 734 gr “opiy” va 3 kg 923 gr “gashish” moddalari musodara qilindi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Paxtachi tumanidagi “Samarqand muntazam” YPX maskanida Spark rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, avtomashinada Urgut va Oqdaryo tumanlarida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ketayotgani ma’lum bo‘lib, ularning yonida 10 kg “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlangan va o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan. Ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotikni Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro 2 kg 60 gr “opiy” moddasini 40 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Shuningdek, ular Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu giyohvandlik vositasini Termiz shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqarodan 28 ming AQSH dollariga sotib olgani aniqlanib, u ham ushlangan.
DXX Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bekobod-Guliston” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomobil Boyovut tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, 1964 yilda tug‘ilgan shaxs yonida 1 kg “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Aniqlanishicha, u mazkur narkotikni Qozog‘iston Respublikasiga o‘tkazishni rejalashtirgan.
Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi esa 1992 yilda tug‘ilgan shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i bilan ushlangan. Ular Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga borib, Tojikiston Respublikasidagi narkosavdogardan 11 ming AQSH dollariga sotib olingan 976 gr “opiy” va 994 gr “gashish” giyohvand moddalarini kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga o‘tkazgan.
Boshqa holatda esa Yozyovon tumanidan Marg‘ilon shahri tomon harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1979 va 1983 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaroning yonida Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan 698 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, DXX Namangan viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning yonida 968 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, u mazkur narkotik moddani Qirg‘iziston Respublikasidagi tanishidan 7 ming AQSH dollariga sotib olib, uchinchi shaxslar imkoniyatlari orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 14 kg 734 gr “opiy” va 3 kg 923 gr “gashish” moddalari musodara qilingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Live
Barchasi