Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari osonlashadi

Jamiyat

image

2020/2021-o‘quv yili uchun diniy ta’lim muassasalariga kirish test imtihonlari fanlarni istisno tariqasida qisqartirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda kecha, 15 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi maʼlum qildi.

Ta’kidlanishicha, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida tasdiqlangan qabul Nizomiga ko‘ra o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish 15 iyundan 5 iyulgacha, oliy diniy ta’lim muassasalarida esa 15 iyundan 15 iyulgacha o‘tkazilishi belgilangan.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish yuqorida qayd etilgan muddatlarda onlayn, masofaviy shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalgi yillarda qabul imtihonlari o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida 3 ta fan (Chet tili, Tarix, Ma’naviyat va ma’rifat) bo‘yicha test sinovi shaklida;

Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasida “Arab tili” fani bo‘yicha ijodiy imtihon, “Fiqh va aqoid”, “O‘zbekiston tarixi” fani bo‘yicha test sinovi shaklida;

Hadis ilmi maktabida “Hadis va mustalahul hadis”, “Arab tili” fani bo‘yicha ijodiy imtihon, “O‘zbekiston tarixi” fanidan test sinovi shaklida o‘tkazilgan edi.

Mamlakatda karantin tartiblari davom etayotgani va abituriyentlarga qulayliklar yaratish maqsadida 2020-2021 o‘quv yili uchun diniy ta’lim muassasalariga kirish test imtihonlarini istisno tariqasida fanlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilmoqda.

Idora tomonidan eslatib o‘tilishicha, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar, oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilar qabul qilinadi.

Shuningdek, kirish imtihonlari o‘tkazishning tasdiqlangan tartibi va qabul jarayonlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali berib borilishi ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Diniy ta'lim

Baholaganlar

558

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar