Diniy erkinlikdan siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlari uchramoqda – Dilshod Eshnaev

Jamiyat

O‘zbekistonda oxirgi yillarda ayrim fuqarolar tomonidan diniy sohalarda berilayotgan erkinlik va sharoitlarni suiiste’mol qilish va ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlari uchramoqda. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev so‘z ochdi. 

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev ishtirok etib, kuni kecha qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni to‘g‘risida tushuntirish berdi. 

Dilshod Eshnayevning ta’kidlashicha, bu qonun tor doiradagi shaxslarning qarashi yoki uch-to‘rt kishining munosabatidan shakllangan hujjat emas. Bu hujjatning tayyorlanishiga juda ko‘p tayyorgarlik ko‘rilgan.

"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi  qonunning mazmuni haqida to‘xtalishdan oldin, qabul qilish sabablari haqida aytib o‘tmoqchiman. Nima uchun mazkur qonunning 5-moddasida Vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari berib o‘tilgan?

Birinchidan, oxirgi yillarda ayrim fuqarolarimiz tomonidan diniy sohalarda berilayotgan erkinlikni, yaratib berilayotgan sharoitlarni suiiste’mol qilish va ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlari kuzatilyapti. 

Ikkinchidan, mamlakatda kechayotgan turli ijtimoiy-siyosiy voqealarga diniy tus berish, muayyan shaxsiy diniy qarashlarini boshqalarga ham majburiy qoida sifatida singdirishga harakat bo‘lyapti. Oxirgi yillarda so‘z erkinligi ta’minlanyapti, har bir fuqaroning o‘z shaxsiy fikri bo‘lishi mumkin. Har bir fuqaro o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda, muayyan holatlarga o‘z munosabatini bildirishi mumkin. Lekin, bu uning shaxsiy fikri bo‘lib qolishi kerak va bu fikrning qolganlarga majburiy sifatida singdirilishi amaldagi qonunchiligimizga ham, Konstitutsiyamizga ham zid hisoblanadi. 

Shu bois ham qonunning 5-moddasida aynan mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari belgilab chiqildi", deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari. 

Qo‘mita raisi o‘rinbosari ijtimoiy tarmoqlardagi bildirilayotgan fikrlar fikrlar tahlil ba’zan xavotirga solayotganini ham alohida qayd etdi. 

“Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ko‘proq amaliyot bilan shug‘ullanadi. Biz fuqarolardan kelib tushadigan va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan kelib chiqib, aynan diniy masala yuzasidan bo‘layotgan muhokamalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, jamiyatda ayrim holatlarda ayrim fuqarolar tomonidan diniy toqatsizlik holatlari judayam kuchayib ketayotganini ko‘rib turibmiz. O‘zbekistonda azaldan turli millat, turli elatlar, 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv yashab keladi. Bu holat hozirgacha ham kuzatiladi. Shu sabab O‘zbekiston diniy sohada ham, millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasida ham butun dunyo hamjamiyatida o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarning tahlilini ko‘radigan bo‘lsak, ba’zan xavotirga soladigan holatlarni ham kuzatyapmiz. Shu bois ham qonun ko‘proq mavjud munosabatlarni huquqiy tarafdan tartibga solishga qaratilgan. Juda ko‘p bo‘ladigan savollarga nuqta qo‘yish, aynan huquqiy jihatdan bu masala qanday tartibga solinishiga qaratilgan”, detsdi Dilshod Eshnayev. 

Ma’lumot o‘rnida, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlash va mana shu yo‘nalishda davlat siyosatini yuritishga ma’sul davlat idorasi hisoblanadi. Bu norma "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi  qonunning 5-moddasida ham o‘z aksini topgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

155

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing