Dinim uchun shon-shuhratimdan voz kechdim – Dunyoning birinchi hijobli modeli Halima

Madaniyat-san’at

image

Keniyadagi qochqinlar lagerida tug‘ilib, ilk hijob kiyuvchi supermodelga aylangan Halima Aden 2020 yilning noyabr oyida o‘zi tanlagan soha muqaddas Islom diniga to‘g‘ri kelmasligini aytib, faoliyatini to‘xtatdi.

Shunday bo‘lsa-da, u hijobli ayollar moda sanoatida o‘z o‘rnini topa olmasligi haqidagi iddaolarni safsata ekanini isbotladi. Halima dunyoga mushhur “Vogue” moda jurnali muqovalarini egallagan birinchi hijobli modelga aylandi. Quyida Halima Aden kim ekaniga to‘xtalamiz.

Halima 23 yoshda, AQSHning Minnesota shtatidagi Sent Klaud shahrida somaliliklar orasida ulg‘aygan.

“Men Halima, Kakumadanman”, deydi u o‘zi tug‘ilgan Keniyadagi qochqinlar lageri nomini aytib.

Halimaning oilasi asli somalilik. Ular o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida Afrikadagi eng qonli urushlardan qochib, Keniyaga borib qolgan. Uning onasi Keniyaga yetgunicha 12 kun piyoda yurgan. Halima olti yoshdaligida onasi va ukasi bilan AQSHga ko‘chib kelishgan. Halimaning otasi bilan aloqa urush yillarida uzilib qolgan.

Halimaning bo‘yi 166 sm – top-model uchun judayam past ekanligiga qaramay, uni muntazam ravishda Max Mara, Yeezy kabi lyuks brendlarning namoyishlariga chaqirib turishadi.

Halima 2016 yilda “Miss Amerika” go‘zallik tanlovidagi ishtirokidan keyin shuhrat qozondi. Ko‘p o‘tmay, 2017 yilda u IMG Models moda agentligi bilan shartnoma tuzdi va Nyu-Yorkdagi moda haftaligida Kane Uestning Yeezy brendini namoyish qildi. Ahamiyatlisi, u shartnomasiga hijobni hech qachon yechmasligi haqidagi bandni kiritgan. 

“Shunday qizlar bor modellikka shartnoma imzolash uchun o‘lishga tayyor, men esa shartim qabul qilinmasa, indamay ketishga hozir edim”, degan Halima o‘sha vaziyatdagi holatini tasvirlab.

Halimaning shartnomasidagi yana bir bandda uning kiyinishi uchun xoli joy bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.

Halima Amerikaning “Sports Illustrated” muqovasini bezagan ilk ro‘molli model ham bo‘lgan.

Hijobli model sifatida Halima liboslarini tanlashda injiq edi. Karerasi avvalida u uzun ko‘ylak va yubkalarini, hijoblarini chemodaniga solib yurardi. U o‘zining oddiy qora hijobini birinchi marta Riannaning “Fenty Beauty” mahsuloti uchun kampaniyada kiygan edi.

Shimoliy g‘arbiy Keniyadagi Kakuma lagerida o‘tgan bolalik chog‘idayoq onasi unga qattiq ishlash va boshqalarga yordam berishga o‘rgatgan. Bu tarbiya Halima yetti yasharligida ular AQSHdagi eng katta somali diasporasi joylashgan Minnesotaga ko‘chib o‘tganlarida ham davom etdi.

Halima maktabda ilk hijobli a’lochi malika (maktabdagi eng ilg‘or o‘quvchilarga beriladigan daraja) bo‘ldi. U 2016 yili “Miss Minnesota” tanlovida qatnashdi va ilk hijobli ishtirokchi bo‘lib, yarim finalga chiqa oldi.

So‘ng, onasini ranjitib, u model bo‘lishga qaror qildi. Uning onasi bu kasb Halimaning shaxsiga – qora tanli, musulmon va qochqinligiga to‘g‘ri kelmasligini his qilardi.

Hatto, u Yeezy va Max Mara brendlari uchun dunyoning eng katta podiumlarida yurishni boshlaganda yoki AQSH go‘zali tanlovida hakamlardan biri bo‘lganida ham onasi unga o‘ziga mos ish topishni maslahat berar edi.

Halima IMG bilan birinchi uchrashuvida ulardan o‘zini UNICEF’ga olib borishlarini so‘radi. IMG bu borada uni qo‘llab-quvvatladi va Halima 2018 yili Unicef elchisi bo‘ldi. Uning bolaligi qochqinlar lagerida o‘tgani uchun ishi ham bolalar huquqlariga daxldor bo‘lib qoldi.

“Onam meni hech qachon model yoki jurnal muqovasida surati bosiladigan qiz sifatida ko‘rmagan. U meni qiz bolalar uchun umid mayog‘i sifatida ko‘rgan va doim meni ular uchun namuna bo‘lishga undagan”, deydi u.

Halima boshqalar e’tiborini qochqin bolalarga qaratishni va bolalarga esa, agar men qochqinlar lageridan chiqib keta olgan bo‘lsam, sizlar ham shunday qila olasizlar deb ko‘rsatishni istardi.

Ammo UNICEF u kutgandek bo‘lib chiqmadi. 

2018 yilda, Unicef elchisi bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, u Kakuma lageriga Ted Talk so‘zlash uchun bordi. O‘shanda lagerdagi bolalar Halimaga hamon bu yerga keladigan mashhurlar oldida raqsga tushishga majbur ekanini aytib bergan.

Halima unga birinchi kitob, birinchi qalam va sumkani UNICEF emas Minnesota berganini eslaydi.

“Men o‘z ismimni yoza olmaydigan vaqtlarimda ham Unicef, deb yoza olardim. Ismimni yozish uchun H qo‘yardim. Minnesota menga birinchi kitobni, birinchi qalamni, birinchi sumkani berdi. UNICEF emas”, deydi u.

Halima BBC`ga bergan intervyusida vaqt o‘tib, u o‘zi kiyadigan kiyimlarni nazorat qilishi og‘irlasha borgani va boshidanoq rad qilgani boshni shunchaki yopadigan ro‘mollarni ham qabul qilganini aytib bergan.

“Alal-oqibat o‘z talablarimdan uzoqlashdim, tasvir guruhi mening hijobim stilini belgilashiga qo‘yib berdim”, degan Halima.

Karerasining so‘nggi yilida uning hijobi borgan sari kichraya bordi, ba’zida bo‘yin va ko‘kraklari bilinar holga keldi. Gohida hijob o‘rniga jinsi yoki boshqa matolarni boshiga o‘rab chiqardi.

Halima moda sanoati pillapoyalarida yuqorilar ekan uning oilasiga ajratadigan vaqti qisqarib borardi. Hatto, islomiy bayram kunlari ham u uyidan uzoqda bo‘lardi.

“Kareramning ilk yili Pamazon oyi va Hayitini uyda o‘tkaza oldim, ammo oxirgi uch yilda safarda bo‘ldim. Ba’zida haftasiga 6-7 marta parvoz qilishimga to‘g‘ri kelardi. Bu jarayon to‘xtay demasdi”, degan Halima.

O‘zida bo‘layotgan o‘zgarishlardan ruhan aziyat chekkan Halima vanihoyat karerasini tugatishga qaror qilgan.

“Mening kareram go‘yo cho‘qqisida edi, ammo ruhan baxtsiz edim... Dinim, e’tiqodim uchun shon-shuhratdan voz kechdim”, degan Halima o‘z qaroriga munosabat bildirib.


Maqola muallifi

Teglar

Halima Aden

Baholaganlar

524

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar