Din va san’at: dindorlarga Karimov davridagi murosasizlik Mirziyoyev davrida barham topdimi?

Tahlil

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari lavozimida o‘tkazayotgan besh yilining eng muhim islohotlaridan biri mamlakatda vijdon va e’tiqod erkinligini haqiqiy ma’noda ta’minlash bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. 

Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi. Hijob va soqolga nisbatan Islom Karimov davrida bo‘lgan murosasiz ta’qib ancha kuchsizlandi. Diniy ulamolar qadrlandi, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi abadiylashtirildi. Uning nomi bilan masjid bunyod etildi. Tarixiy maqbaralar, ulug‘ ulamolar mangu qo‘nim topgan maskanlar obod qilinmoqda. Toshkentning qoq markazida Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. 

Mamlakatda esayotgan diniy erkinlik shabadasi so‘nggi vaqtlarda nafaqat siyosiy doiralar va huquq-tartibot organlarining dindorlarga munosabatida, balki san’at ahlining chiqishlarida ham ko‘rinmoqda. Bir vaqtlar trend va moda markazida bo‘lgan, ma’naviyat haqida so‘z ochib, chiqishlarida ma’naviyatsizlikni targ‘ib qilganlar, bugun to‘g‘ri yo‘lga qaytganini e’lon qilmoqda. Mirziyoyev davrida bir qancha xonandalar san’atni tark etib, o‘zini boshqa sohalarda sinab ko‘rishga kirishdi. 

“Nihol” mukofoti sovrindori Manzura Yo‘ldosheva qariyb 25 yildan buyon san’atda. Kuni kecha u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida hijob o‘rashni boshlaganini va bundan buyon tarbiyaviy ahamiyatga molik qo‘shiqlar kuylashini e’lon qildi. Manzuraga ko‘ra, televideniyelarda hamon hijobga nisbatan ayrim cheklovlar mavjud. 

“Albatta, ro‘mol har bir ayolga bezak va farz. Allohga shukur, shunday bir go‘zal vaqtda, zamonda yashayapmiz. Ro‘mol o‘rash endi norma, bizning sohada ham. Bir necha yil avval esa... No comments... Men ham endi televideniye ko‘rsatuvlari, tadbirlarda ro‘molda chiqaman. Albatta, televideniyening formati bor: ro‘molni orqaga o‘rab chiqish. 

Nimaga bu sohadan ketmaysiz degan savolga: tarbiyaviy qo‘shiqlar aytish mumkin-ku. Vatan, ona, salovatlar, nashidlar... Men ham o‘zimning kiyinish odobim, qo‘shiqlarim bilan o‘rnak bo‘lsam... Hozirgi paytda fahsh va odobsizlik avj olgan va mukofotlanayotgan paytda yaxshi amallardan biri. 

Sahnada san’atkor bo‘lib qolgim keladi, shou-biznes vakili emas. O‘sha daromadni ham ochiq-sochiq, bezangan badan, ko‘rinish obrazlar bilan emas, samimiylik bilan [topish mumkin]. Va albatta, sekin-sekin repertuar o‘zgarmoqda. O‘zimizning islomiy to‘ylarda ayollarimiz uchun xizmat qilish nasib qilsin”, deya o‘z kechinmalarini yozadi Manzura. 

Qayd etish kerak, yaqin tarixda O‘zbekistonda Lola Yo‘ldosheva, Manzura Yo‘ldosheva, Rayhon G‘aniyeva kabi ayol xonandalar kliplardagi obrazlari uchun bir necha bor “O‘zbekkonsert” elagidan o‘tkazilgan.  

O‘zbekistondagi vijdon va e’tiqod erkinligi yuzasidan tortib turilgan jilovning bo‘shatilishini dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar ham olqishlamoqda. 

O‘zbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom diniga Birinchi Prezident Islom Karimovdan ko‘ra boshqacha qarayapti. Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov sobiq Prezident va amaldagi davlat rahbarining Islom diniga munosabatini tahlil qilib, shunday fikrni bildirgan.

“Karimov jamiyatning dindorlik darajasi bilan kurashib keldi, Islomni qoloqlik va hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish mafkurasi sifatida qabul qildi. Mirziyoyev esa, islom dinini jamiyatni ruhlantirish, jipslashtirish, erkinlashtirish uchun vosita sifatida ko‘ryapti. Asosiysi, Islom o‘zligi va an’anaviyligidan hayiqmaydi. Faqat, dinning jamiyat taraqqiyotiga to‘sqin bo‘ladigan talqiniga rozi bo‘lmaydi.

Bu ma’noda, Mirziyoyev Islom va musulmonlar bilan kurashishga moyil emas, balki barcha erkin va taraqqiyotga moyil bo‘lgan musulmon davlatlaridagi kabi, radikal talqinlarga qarshi. Karimovni dunyoqarashi ateistik SSSRda shakllangan edi. Mirziyoyevni qarashlari esa, ko‘proq “perestroyka” va karimovcha ziddiyatlar davrida shakllandi. Asosiysi, Prezident Mirziyoyev jamiyatning diniy ehtiyojlarini his qilyapti, ularni qondirish uchun davlat siyosati darajasida imkoniyat izlayapti. Yaqinda qiz-juvonlarni o‘quv dargohlarida o‘ranib yurishini himoya qiluvchi shaxsni Oliy ta’lim vaziri sifatida tayinlashi ham, bu siyosatning unsurlaridan biri hisoblanadi”, degan siyosatshunos.

Gap yana Islom va san’at xususida borarkan, Mirziyoyev prezidentligi davrida O‘zbekiston xalq artisti Zuhra Ashurova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva, xonandalar Manzura Yo‘ldosheva, Dildora Niyozova, Madina Mumtoz, aktrisa Sevara Soliyevaning hijobga kirganini va emin-erkin faoliyatini davom ettirayotganini urg‘ulash mumkin. Bu orada xonandalar Jahongir Otajonov, “Ummon” guruhi xonandasi Shohruh, aktyor Farrux Soipov ham e’tiqodi sabab san’atni tark etganini ma’lum qildilar. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon esa xonandalik faoliyatini tugatib, “Yurak amri” xayriya fondini tashkil etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1211

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing