Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning vazifalari qayta belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 29 sentyabridagi 612-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda quyidagilar belgilangan:

•    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari;
•    Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning huquq va majburiyatlari, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi;
•    Qo‘mita rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyati;
•    Qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita din ishlari sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga mas’ul vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. U o‘z faoliyati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

Qo‘mitaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi. Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko‘chasi, 12-uy  manzilida joylashadi.

Qo‘mita tizimiga quyidagilar kiradi:

•    Markaziy apparat;
•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning asosiy vazifalari:

•    vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
•    O‘zbekiston Respublikasining dunyoviy davlat tamoyilini amaliy ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish;
•    diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
•    jamiyatda diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish;
•    davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda davlat siyosatida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish;
•    aholi orasida konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish;
•    fuqarolarning xorijiy davlatlarga hamda chet el fuqarolarining O‘zbekistonga ziyorat turizmini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
•    ekstremizm, separatizm va mutaassiblik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish, jamiyatda tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash borasida ma’rifiy-tarbiyaviy ishlarni olib borish, bu borada ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar tayyorlash va boshqalar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing