DIQ MCHJ rahbarining o‘z binosida namozxona tashkil etgani uchun jarimaga tortilganiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 14 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 201-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan Farhod Rahmonov ustidan tuman sudi raisi A.Jalilov raisligida ko‘rilgan sud majlisi qarori katta muhokamalarga sabab bo‘lgani, sud qaroriga ko‘ra, “GTA Showroom” MCHJ rahbari F.O.Rahmonov o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan korxona hududida namozxona tashkil etib, MJtKning 201-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda ayblanib, bazaviy hisoblash miqdorining 80 (sakson) baravari miqdorida, ya’ni 21.600.000 so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik. 

Mazkur holat bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huduridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tushuntirish berdi. Unda shunday deyiladi: 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga (04.09.2019 yildagi PQ-4436-son) asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yangilangan vazifalaridan biri sifatida jamiyatda diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish belgilab o‘tilgan. 

Ayni paytda, 2022 yilning 14 fevral kuni Toshkent shahridagi tadbirkor “F.R.”ning ish joyida xodimlari uchun namozxona tashkil etishga sharoit yaratib berganligi sababli ma’muriy javobgarlikka tortilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Mazkur holat bilan bog‘liq sud qarori Internet tarmog‘i foydalanuvchilari, shuningdek, ayrim davlat idoralari vakillari tomonidan ham qizg‘in muhokama qilinmoqda, tadbirkorga tazyiq o‘tkazilgani, ibodat qilishga cheklovlar belgilanganligi kabi salbiy fikrlar tarqatilmoqda. 

Shu o‘rinda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikning amalda izchil hamda bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlashga doir choralarning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organi sifatida (O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasi) bu boradagi mavjud qonunchilikni ochiqlash, noto‘g‘ri talqinlarning oldini olish, qolaversa, ayrim tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma’lum qiladi.

Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Mazkur xuquq har bir insonning shaxsiy tabiiy ajralmas huquqi bo‘lib, uni amalga oshirish uchun alohida diniy tashkilot tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi. 

O‘z navbatida, fuqarolarning birgalikda dinga e’tiqod qilish, ibodat qilish, diniy rasm-rusum va marosimlarni bajarish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda diniy tashkilot tashkil etish talab etiladi. Diniy tashkilot yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan holda mustaqil huquq sub’ekti sifatida ijtimoiy munosabatlarda ishtirok etadi. 

Diniy e’tiqodi sababli birlashgan bir guruh fuqarolar diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishni istamasa yoki qonunchilik talablari asosida bu jarayon yakuniga yetmagan bo‘lsa, unda har bir fuqaro alohida jismoniy shaxs sifatida vijdon erkinligi huquqini, shu jumladan diniy rasm-rusum va ibodatlarni mustaqil amalga oshirish imkoniyatini saqlab qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasiga asosan, diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan joyda, shu jumladan ibodat qilinadigan binolarda hamda ularga tegishli hududlarda, dafn etish joylarida, ziyoratgohlarda, diniy zaruriyat bo‘lgan taqdirda (ya’ni janoza, xudoi, aqiqa va boshqa) fuqarolarning xohishiga ko‘ra ularning uylarida o‘tkaziladi. Bunday hollarda ushbu tadbirlarni o‘tkazish uchun davlat idoralaridan qandaydir ruxsat olish talab etilmaydi. 

Shuningdek, fuqarolarning harakatlanishi muayyan sabablar tufayli vaqtincha cheklangan holatlarda (huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etganligi, sog‘lig‘i, ijtimoiy ahvoli tufayli muayyan rejimga ega bo‘lgan muassasaga joylashtirilgan va boshqa), ya’ni kasalxonalarda, gospitallarda, internat muassasalarida, dastlabki qamoq va jazoni o‘tash joylarida, ichki ishlar organlarining reabilitatsiya markazlarida diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda, shu joylardagi fuqarolarning iltimoslariga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin.

O‘z navbatida, ibodat qilinadigan binolardan tashqaridagi ommaviy diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Hozirgi kunda turli restoran va kafelarda tashkil etilayotgan amru-ma’ruf, aqiqa, xudoi va boshqa shu kabi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori (№2736–III/KQ-592–III-son, 14.09.2019y.) talablari asosida amalga oshirilishi lozim. Xususan, tuylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza diniy tashkilotning vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.

Mamlakatimizda keng nishonlanadigan Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr), Qurbon hayit (Iyd al-Adha), Rojdestvo, Pasxa, Pesax va shu kabi turli konfessiyalarning diniy bayramlarda 100 va undan ortiq kishilar ishtirok etsa, bu diniy rasm-rusumlar va marosimlar ommaviy tadbirlarga tenglashtiriladi. Mazkur turdagi tadbirlarni o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (№205-son, 29.07.2014 y.) bilan tartibga solinadi.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilik hujjatlarida o‘z aksini topgan ushbu qoidalar yurtimizda faoliyat yuritayotgan 16 turdagi barcha diniy konfessiyalarga taaluqli bo‘lib, O‘zbekiston hududida istiqomat qilayotgan barcha shaxslar uchun ham majburiy hisoblanadi. Diniy rasm-rusumlar va marosimlarni amalga oshirish joylarini aniq belgilanmasligi har bir shaxs yoki diniy tashkilotning vijdon erkinligi huquqini ro‘kach qilgan holda jamoat tartibiga, tashkilotlardagi ichki tartib qoidalariga zid ravishda harakat qilishiga olib keladi.

Yurtimizda din davlatdan ajratilganligi sababli fuqarolarning diniy mansubligi va e’tiqodiy qarashlari ularning mehnat faoliyatiga ta’sir qilmasligi lozim. O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan hech kim o‘z diniy e’tiqodlarini sabab qilib buyin tovlashi mumkin emas. Diniy rasm-rusumlar va marosimlarni belgilangan joylarda o‘tkazish bo‘yicha Qonun talablariga loqayd munosabatda bo‘lish kelajakda mulk shaklidan qatiy nazar barcha tashkilotlarda, jamoat joylarda qonunchilikda nazarda tutilmagan namozxonalar paydo bo‘lishiga, turli din vakillari tomonidan ibodat burchaklari tashkil etilishiga, din va davlat ajratilganligi tamoyiliga zid vaziyat shakllanishiga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, turli konfessiyalarga tegishli bo‘lgan bir guruh shaxslar yoki diniy tashkilotlarning muayyan hududidan tashqari diniy rasm-rusum va marosimlarni amalga oshirish shaklida diniy faoliyat yuritishi natijasida mamlakatda missionerlik harakatlari avj oladi, bu esa aholi orasida yillar davomida shakllangan diniy bag‘rikenglik  va millatlararo totuvlik muhitiga salbiy ta’sir etadi. 

Xulosa o‘rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta nozik ekanini e’tiborga olib, yana bir bor Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masalalar yuzasidan fikr bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz!”

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, holat bo‘yicha Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Obidov Telegram’dagi rasmiy kanali orqali axborot berib, mazkur sud qarorining qonuniyligiga yuqori instansiya sudi tomonidan huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

449

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing