Diqqat! Adliya vazirligi soxta yong‘in xavfsizligi xodimlaridan ogohlantirdi
Jamiyat
−
21 avgust 2020
7885Oxirgi yillarda kuz va qish oylarida mahallalarda maxsus-forma kiyib yurgan shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan yillik 20 000-40 000 so‘m atrofida majburiy tarzda soliq yoki kommunal to‘lov sifatida noqonuniy pul yig‘ishi holatlariga guvoh bo‘lganmiz.
Adliya vazirligi yaqinlashayotgan kuz-qish mavsumida shunday shaxslardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
“Yuqoridagi masalalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida “yong‘in”, “olov”, “qarshi kurash”, “xavfsizlik”, “himoya” kabi so‘zlardan iborat bo‘lgan va yong‘inning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi.
Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organlari xodimi” sifatida tanishtirgan holda yolg‘on ma’lumotlar asosida fuqarolardan majburiy to‘lov to‘lanishini talab etishi noqonuniy.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni belgilangan tartibda to‘lab borishi lozim:
• Sovuq suv ta’minoti;
• Issiq suv ta’minoti (ko‘p qavatli uylarda);
• Elektr ta’minoti;
• Gaz ta’minoti;
• Issiqlik ta’minoti (ko‘p qavatli uylarda);
• Kanalizatsiya (iste’molchi ulangan bo‘lsa);
“Shu o‘rinda takroran ma’lum qilinadiki, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq biron bir to‘lab borilishi shart bo‘lgan kommunal to‘lov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209¹-moddasiga ko‘ra formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilangan”, deyiladi Adliya vazirligining xabarida.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi