“Deshon qal’a” turistik markazga aylantiriladi, atrofidagi uylar buziladi (video)
Jamiyat
−
21 may 7472 2 daqiqa
1842 yilda Xiva xoni Olloqulixon buyrug‘i bilan barpo qilingan “Deshon qal’a” “Ichan qal’a” singari sayyohlik ob’ektiga aylantiriladi. Shu munosabat bilan uning yon atrofidagi mahallalardagi turar va noturar ob’ektlar boshqa joyga ko‘chiriladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Deshon qal’a” bugungi kunda juda xarob ahvolga kelib qolgan. Uzunligi 6200 metr bo‘lgan devorning 2000 metr qismi butunlay vayron bo‘lgan, 2500 metr qismi esa yaroqsiz holga kelgan. Bundan tashqari, devor atrofida uzoq yillar mobaynida bir qancha noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan. Oqibatda “Deshon qal’a” devori atrofida yurish uchun umuman maydon qolmagan.
“Bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “Deshon qal’a”ni ham aynan "Ichan qal’a"ga o‘xshash sayyohlik ob’ektiga aylantirish, xususan, xarobaga aylangan devorni qayta tiklab, yashil maydonlarga to‘la maskan sifatida aholiga qaytarish maqsad qilingan”, deyiladi vazirlik xabarnomasida.
Ma’lumot uchun, “Ichan qal’a” – O‘zbekistonning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri hisoblanadi. Majmuada sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan 58 ta madaniy meros ob’ekti va arxeologik yodgorliklar, 28 dan ortiq ekspozitsiya, 56 670 ta tarixiy eksponat va ashyolar, 174 ta hunarmandchilik do‘koni mavjud. 2024 yilda “Ichan qal’a”ga 1 mln nafarga yaqin xorijiy va 3,5 mln nafarga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. 2025 yil yakuniga qadar esa 2 mln nafar xorijiy va deyarli 5 mln nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda.
Bildirishicha, “Deshon qal’a”ni saqlab qolish maqsadida Xiva shahrining “Shixlar” mahallasidagi 55 ta turar va noturar ob’ektlar boshqa hududlarga ko‘chiriladi. Ularning o‘rnida esa “yashil maydonlar” va “yashil bog‘lar” barpo qilish, daraxt ekish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, qal’a devori milliy andozalar asosida qayta tiklanib, eski holatiga qaytariladi va atrofida 1,5-2,0 metr hududda yo‘laklar ochiladi. Shuningdek, ushbu hududga tutash bo‘lgan “Shixlar” va “Angarik” mahallalarida zamonaviy sayyohlik majmuasi ham barpo etiladi.
“Bu kabi chora-tadbirlar nafaqat “Deshon qal’a”ni saqlab qolish, balki uning turizm salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi”, deb izohlamoqda vazirlik.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr