Deputatlar “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qildi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar yangi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qildilar. 

Qonun loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletovning va mas’ul qo‘mitaning ma’ruzalari eshitildi.

Loyiha yuzasidan so‘zga chiqqan deputatlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda o‘rnatilgan talablar, BMT inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining, Insoniylik mezonlari bo‘yicha YeXHTning tavsiyalari loyihada o‘z aksini topgani, shu bilan birga, loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi va diniy qadriyatlari, bugungi kun voqeligi ham inobatga olinganligini aytgan. 

Loyihada sohaga oid munosabatlarni tartibga solish yagona qonunga birlashtirilib, ko‘pgina atama va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda, vakolatli davlat organlarining vazifalari aniqlashtirilmoqda.

Diniy tashkilotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib taomillari yengillashtirilib, amalda bo‘lgan qonundagi bir qator cheklovlar olib tashlanmoqda. Shu bilan birga diniy tashkilotlarga bir qator qo‘shimcha kafolatlar o‘rnatish qonun loyihasida o‘z aksini topgan. Jumladan, qonun buzilishga yo‘l qo‘ygan diniy tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi va ularga kamchilikni bartaraf etishga 6 oygacha imkoniyat berish kabi qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Qonun loyihasi parlament quyi palatasiga kelib tushganidan so‘ng uni birinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. 

Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi, mamlakatda dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlikni ta’minlashga, shuningdek, fuqarolarning diniy huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga hamda jamiyatda vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglik tamoyillarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing