“Deputatlar nizom talabini buzgan”. Prezidentlikka sobiq nomzod Ortiqxo‘jayevga so‘rov yubordi
Jamiyat
−
27 mart 2021
17046Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov tomonidan “Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni to‘plagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaatning ko‘rib chiqilgani va natijasi bo‘yicha qabul qilingan qarorning veb-portal moderatoriga taqdim etilmaganligi yuzasidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan “Odamlar uchun shahar”, “Yashil shahar” va “Shahar-bog‘” modellari elementlarini qo‘llagan holda ko‘cha-yo‘l hududlarini tashkil etish, istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bulvarlar, odamlar uchun maydonchalar, piyodalar harakatini va velosipedda harakatlanishni tashkil etish, mintaqa iqlimi va tabiiy sharoitlardan kelib chiqib, kompleks landshaft dizayni, tavsiya etilgan yashil butalarni hisobga olgan holda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish belgilangan.
“Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni to‘plagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaat xat bilan ko‘rib chiqish va tegishli qarorni qabul qilish maqsadida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga kiritilgan edi.
Qayd etilishicha, Oliy Majlis palatalarining Kengashlari qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan belgilangan miqdorda qo‘llab-quvvatlovchi ovoz to‘plagan murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati murojaat vakolatli davlat organiga kelib tushgan paytdan e’tiboran oltmish kundan oshmasligi (mazkur holat bo‘yicha 2020 yilning 21 oktyabriga qadar) belgilangan.
Biroq, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rganganida, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan yuqorida qayd etilgan nizom talablari buzilganligi, mazkur murojaatning ko‘rib chiqilganligi va natijasi bo‘yicha qabul qilingan qaror veb-portal moderatoriga bugungi kunga qadar taqdim etilmagani aniqlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Narimon Umarov tomonidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab senator so‘rovi yuborilgan.
Ma’lumot uchun, Narimon Umarov “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi hisoblanadi. U 2016 yil O‘zbekiston prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan, ammo saylovlarda mag‘lub bo‘lgan. Shuningdek, Umarov 2012 yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi