Deputat G‘aniyev 2022 yil uchun Davlat byudjeti loyihasi kechikkanini ma’lum qildi
Jamiyat
−
10 noyabr 2021
5541Byudjet kodeksining 97-moddasiga asosan, Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va byudjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktyabridan kechiktirmay kiritilishi belgilangan. Lekin joriy yilning 9 noyabr holatiga, ya’ni belgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lsada, byudjet loyihasi va byudjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilgani yo‘q. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev yozmoqda.
Deputatning ta’kidlashicha, Byudjet kodeksiga o‘tgan yili kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, kelgusi yil uchun yangilangan o‘rta muddatli davr fiskal strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15 iyuniga qadar tasdiqlanishi va tasdiqlangan fiskal strategiya ma’lumot uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi hamda jamoatchilik uchun Moliya vazirligi veb-saytida e’lon qilinishi belgilangan.
Ammo bu ham Belgilangan muddatdan deyarli 5 oy o‘tgan bo‘lsada, o‘rta muddatli fiskal strategiya na Oliy Majlis palatalariga kiritilgan, na Moliya vazirligi veb-saytida e’lon qilingan.
“O‘zi umuman 2022 yil uchun yangilangan fiskal strategiya Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganmi yoki yo‘q, bu ham noma’lum.
To‘g‘ri, bu yil mamlakat prezidentligiga saylov o‘tkazilgani va g‘olib nomzod tomonidan saylovoldi dasturda ilgari surilgan masala va rejalar yangi byudjet loyihasida o‘z aksini topishi nuqtai nazaridan 2022 yil uchun byudjet loyihasini ishlab chiqish kechikishi tabiiy hol.
Lekin shunga qaramay, byudjet loyihasini Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ham yetarlicha vaqt berilishi kerak. Garchi amalda deputatlar byudjet loyihasi parametrlariga jiddiy o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritolmasalarda, lekin byudjet muhokamasi uchun byudket kodeksida belgilangandek, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasiga ham kamida bir oy muddat qoldirilishi kerak”, deydi G‘aniyev.
U byudjetnomani kiritishda kechikilgan vaqt uni Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqiladigan muddatni qisqartirish hisobiga qoplanmasligiga umid bildirdan.
LiveBarchasi