“Demokrat.uz” rahbari ham qo‘lga olindi

3-sahifa

image

“Demokrat.uz” internet nashri rahbari Mehmonov Fazliddinxon Asatilloxon o‘g‘li va blogerlik faoliyatini yurituvchi G‘oipnazarov Aziz Abdulla o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Mehmonov Fazliddinxon Asatilloxon o‘g‘li va blogerlik faoliyatini yurituvchi G‘oipnazarov Aziz Abdulla o‘g‘liga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIBBga ko‘ra, 2025 yilning 15 dekabr kuni gumonlanuvchi G‘oipnazarov Sergeli tumanida joylashgan avtosalonlardan birini faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, internet tarmog‘ida joylashtirgan. Shundan so‘ng  “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Mehmonov, G‘oipnazarovlar tomonidan tayyorlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish hamda ushbu nashr tomonidan tayyorlangan, tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi alohida videolavhani OAVda joylamaslik evaziga, tovlamachilik yo‘li bilan jabrlanuvchidan jami 50 ming dollar talab qilgan.

Mehmonov jabrlanuvchidan joriy yilning 29 yanvar kuni 3 ming dollarni olib, so‘ng  joriy yilning 10 fevral kuni 17 ming dollarni olayotgan vaqtida, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

“Hurmatli fuqarolar, agar siz mazkur shaxslarning harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, eng yaqin Ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi boshqarma xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 yanvar kuni “Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” Ommaviy axborot vositasi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Shuningdek, keyinroq O‘zbekistonda “Xalqparvar Guruhi” jurnalisti 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-6-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing