Dekabr oxirida Mirziyoyev Putin bilan uchrashadi

Olam

image

Joriy yil dekabr oyi oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda. Yetakchilar bugun, 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi ko‘p tomonlama hamkorlik yuzasidan fikr almashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Rossiya Prezidentining joriy yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan "yo‘l xaritasi" asosida amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, suhbat davomida kuni kecha Moskva shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholangan. Bundan tashqari, O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sishini ta’minlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, O‘zbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlangan.

"Innovatsiyalar, sun’iy intellekt, ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi", deyiladi xabarda.

Prezidentlarning uchrashuvi qayerda va qachon bo‘lishi aytilmagan, biroq u Mustaqil Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammiti doirasida bo‘lib o‘tishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kreml matbuot xizmati Mirziyoyev va Putin telefon mulofotida Suriya va Ukraina atrofidagi mavjud vaziyat yuzasidan ham fikr almashganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing