Debitorlik va kreditorlik qarz muddatlarini o‘tkazib yuborganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi

Biznes

image

O‘zbekistonda debitorlik va kreditorlik qarz muddatlarini o‘tkazib yuborganlik, shuningdek, shartnoma intizomini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Buni nazarda tutgan hujjat – “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi kecha, 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 

Qonun loyihasidagi normalar bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida debitorlik va kreditorlik qarz muddatlarini o‘tkazib yuborganlik, shuningdek, shartnoma intizomini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. 

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 175-moddasi (Soliq solinadigan ob’ektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish)dan debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik masalasini chiqarib tashlash taklif qilinmoqda. 

Shuningdek, fuqarolik-huquqiy munosabatlar buzilishi oqibatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1761-moddasidan shartnoma intizomini buzganlik uchun ma’muriy ta’sir chorasi ham chiqarib tashlanmoqda. 

Ta’kidlanishicha,  qonun loyihasining qabul qilinishi shartnomaviy-huquqiy munosabatlar sub’ektlarining bitta harakati uchun ikki marta javobgarlikka,  ya’ni ham fuqarolik-huquqiy ham ma’muriy javobgarlikka tortilishining oldi olinadi. 

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning amaldagi 175-moddasiga ko‘ra: 

Kassa operatsiyalarini yuritish tartibi va to‘lov intizomini buzish, shu jumladan, qarzdor korxonalardan to‘lovlarni undirish bo‘yicha soliq organlarining inkassa topshiriqlarini bajarmaslik, shuningdek debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish, shuningdek pul mablag‘larini hisobdan chiqarish navbatini buzish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

188

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing