Debatlar – siyosiy bellashuvning muhim qismi
Biznes
−
20 Oktabr 2021
8045Mamlakatimiz hayotidagi katta siyosiy voqea – Prezident saylovlariga sanoqli kunlar qolmoqda. Bu jarayonning mohiyatini chuqur anglagan holda, aytish mumkinki, saylovoldi targ‘ibot ishlari har doimgidan ham qizg‘in kechmoqda va fuqarolarning siyosiy bilimi sezilarli darajada oshgani ko‘zga tashlanayotir.
O‘zbekistonda Prezident saylovi kampaniyasi tarixida ilk bor targ‘ibot-tashviqot ishlarining zamonaviy shakllaridan biri - partiyalararo debat bo‘lib o‘tdi. Ciyosiy partiyalar hamda prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari o‘rtasida kechgan bu debat jamiyatimiz va davlatimizning demokratiya yo‘lidan rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon qildi. Shuningdek, u keyingi yillarda rivojlanib borayotgan ochiqlik sari navbatdagi qadamdir. Munozaralarning ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi saylovoldi targ‘ibot va tashviqot jarayonining oshkoraligini ko‘rsatadi va xalqaro demokratik standartlar asosida amalga oshirilayotganidan darak beradi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Saylovoldi debatlarida ko‘tarilgan masalalar aholining keng qatlami uchun aniq, sodda hamda tushunarli o‘tkazilishi, birinchidan, partiyalar dasturlarida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarining naqadar hayotiyligi va xalq uchun nima berishiga aniqlik kiritsa, ikkinchidan, partiyalar dasturlarida ko‘tarilayotgan muammolarning yechimiga turli xil yondashuvlar borligini ko‘rsatdi. Debatda saylovchilar uchun ham katta imkoniyatlar yaratildi. Ya’ni, mamlakatimiz hamda xorijdagi vatandoshlarimiz, boshqacha aytadigan bo‘lsak, keng miqyosdagi saylovchilar prezidentlikka nomzodlar vakillarining o‘zlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot oldilar, saylovoldi dasturlarining mazmuni bilan tanishdilar. Boshlovchining aholidan kelib tushgan savollarni berishi va unda ko‘tarilgan masalalarni yechish bo‘yicha nomzod vakillarining bergan javoblari ayni muddao bo‘ldi.
Avvalambor, bunday formatdagi bahs nafaqat aholi, balki xorijiy mamlaktlardagi ekspertlar, mutaxassislar, OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otganligining guvohi bo‘ldik. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi debat o‘tkazilishi bu - demokratiya sari tashlangan katta qadam, deb baholamoqda. Shuningdek, debatning keng jamoatchilikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilishi uning shaffofligidan dalolat beradi va saylovoldi tashviqotlarining rivojlangan va jahon miqyosida e’tirof etiladigan standartlariga mos keladi.
Shubhasiz, bahslarda partiya vakillari dadil harakatlar, ba’zi holatlarda boshqa partiyaning ilgari surayotgan g‘oyalariga e’tiroz bildirish orqali o‘z nomzodlarining dasturini saylovchilarga yetkazishga harakat qildilar. Bu holatni, albatta, siyosiy maydondagi katta o‘zgarishlardan biri sifatida qayd etish mumkin. Bo‘lib o‘tgan debat saylov jarayonlarining umumiylik, tenglik, ko‘ppartiyaviylik, muqobillik, ochiqlik va oshkoralik, erkinlik, adolat va haqqoniylik kabi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplari asosida o‘tishidan darak beradi.
Debat davomida O‘zLiDeP nomzodining vakili o‘zining aniq faktlari, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlarning natijasi bo‘yicha chiqishlari bilan ajralib turdi. Jumladan, partiya vakili tomonidan dasturning iqtisodiy platformasida mamlakatimizning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, aholi o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblar asosida kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlik masalalari, narx-navoni barqarorlashtirish, energetika, kommunal xo‘jaligi, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar yechimiga oid g‘oyalar ilgari surildi.
Bo‘lib o‘tgan debat partiya vakillarining iqtisodiyotni boshqarishda davlat aralashuvi bilan bog‘liq yondashuvlarida ham keskin farqlar borligini ko‘rsatdi. Xususan, XDP vakili iqtisodiyotni boshqarishda davlatning rolini kuchaytirish lozimligini ta’kidladi, Adolat partiyasi vakili ham XDPning bu g‘oyasini qo‘llaganday bo‘ldi. Ammo Ekologiya partiyasi bu taklifga nisbatan o‘z e’tirozlarini yashirib o‘tirmadi. Jumladan, Ekologiya partiyasi vakili rejali iqtisodiyotga qaytish hozirgi olib borilayotgan siyosatga nisbatan teskari ekanligini ta’kidlasa, O‘zLiDeP vakili ham davlatning iqtisodiyotga aralashuvi kuchayishi bevosita yana byurokratik iqtisodiyotning shakllanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Dunyo amaliyotidan ko‘rish mumkinki, iqtisodiyotga davlat aralashuvi bozor qonunlarining yaxshi ishlamasligiga olib keladi.
Debat davomida ijtimoiy iqtisodiy masalalarning muhokama etilishi partiyalarning iqtisodiy madaniyati o‘sganini namoyish etdi. Yangi sharoitda ular ko‘pchilikni qiynayotgan murakkab masalalarni ko‘tarib chiqishi va kun tartibiga aylantirib, muammolarni yechish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surishlari mumkinligini ko‘rsatdi. Haqiqatdan ham, bugungi bahslarda partiya vakillari tomonidan iqtisodiy masalalar bo‘yicha jiddiy munozoralarga guvoh bo‘ldik. Bir tomondan bir-biriga o‘xshash, bir-birini to‘ldiruvchi takliflar, shuningdek, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan holatlarni ham ko‘rdik.
Xulosa qilish mumkinki, avvalambor, partiyalarning iqtisodiy madaniyati oshgan. Ular katta-katta iqtisodiy masalalarni kun tartibiga olib chiqish bo‘yicha takliflarni dadil ilgari suribgina qolmay, qat’iy himoya qila oldi. Ikkinchidan, bu holat, menimcha, keyingi besh yilda iqtisodiy sohada olib borilgan islohotlarga berilgan ijobiy baho, deb qarash kerak. Shunday qilib, bularning hammasi partiyalar mustaqilligi oshgani, islohotlarga ta’siri kuchayganini ko‘rsatadi.
Debat davomida bir-biriga qarama-qarshi fikrlar to‘qnashuvi kuzatildi. Biroq, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili boshqa partiyalardan ko‘ra keskin farq qiladigan yondashuvlarini aniq hisob-kitob va amalga oshiriladigan dasturlar orqali aholiga tushunarli tarzda ochib berdi. Shu bilan birga bu partiyaning markazlashtiruvchi siyosiy kuch sifatida shakllangani ko‘zga tashlandi.
Bahsning eng yuqori cho‘qqisini dolzarb masalalar bo‘yicha bildirilgan taklif va tavsiyalarda ko‘rdik, desak, xato qilmayman. Debat bir tomondan har bir partiyaning jamiyatdagi o‘rni, o‘z elektorati oldida ma’suliyatini namoyish etsa, ikkinchi tomondan, ularning dasturlaridagi o‘xshash va farqli tomonlarni ko‘rsatdi. Bu, albatta, ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Saylovoldi tashviqotlarida Ekopartiyaning sust harakat olib borgani va oqibatda aholi tomonidan past darajada qo‘llanishini kuzatdik. Lekin bahs davomida Ekologik partiyani qo‘llab-quvvatlovchilar soni oshdi. Demak, bahs ahamiyati shundaki, elektorat nomzod ko‘targan masalalarni raqibiga nisbatan qanchalik ishonarli va dadil tushuntirishiga ahamiyat beradi. Umuman, jamiyat va umumxalq manfaatlari yo‘lida dunyoqarashi, maqsadi, fikrlar mushtarakligi bir bo‘lgan mamlakat fuqarolarining muayyan qismini o‘z safida birlashtirgan partiyalar ushbu saylovda o‘z dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda yangicha yondashuvlar va o‘ziga xos g‘oyalarni ilgari surmoqdalar.
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi