Dehqonchilik uchun yerlar aholiga 30 yilga ijaraga beriladi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2022
19894Fermerlar va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan 2022 yil yakunigacha qo‘shimcha 20 ming gektar – umumiy 100 ming gektar ekin maydonlari, 2023 yilda 95 169 gektar ekin maydonlari aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 10 sentyabr kuni qabul qilingan “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq ekin maydonlari 30 yil muddatga:
• suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan – Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda;
• kam suvli yerlardan – viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ijaraga beriladi.
2022–2023 yillarda ekin maydonlarini aholiga berish uchun o‘tkaziladigan tanlovda 1 ta talabgor ishtirok etsa ham, istisno tariqasida, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.
Issiqxona rivojlangan tumanlarda dehqon xo‘jaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini o‘rnatmagan holda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishiga ruxsat beriladi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini uchun yer tanlov orqali ijaraga berilganda, ular daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yilga saqlab qolinadi.
LiveBarchasi