Urush tugamaydi. Hafta tahlili
Tahlil
−
19 Oktabr
5935Musofirlikning noni shirindir, ammo dardlari yashirin. O‘zbekistonda qator muammolar, ishsizlik bois ko‘plar o‘zini xorijga urdi. Sovuq rus o‘lkasiga, qo‘shni Qozog‘istonga ish izlab ketdi, topdi ham. Oilasining kamini to‘ldirdi, uyining tomini yopdi, to‘y qildi, mashina oldi. Biroq ularning hammasi ham ishidan, pulidan birdek baraka topdimi? Turli jinoyatlarga aralashib qolgan, aldangan, pulini ololmagan, ko‘chada qolib ketgan, kasal orttirib uyiga qaytganlar kammi? Shundan musofirning dardlari yashirinligi. Ayniqsa, uyini, oilasini, farzandlarini tashlab ketganlarning yostig‘i tosh.
Rossiyadagi migrantlar hayoti
Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining eng ko‘pi bir necha yillardan buyon Rossiyaga borib joylashishi, o‘sha yerdan turib ro‘zg‘or tebratishi sir emas. Hozirda Rossiyada 739 ming noqonuniy migrant mavjud va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil etmoqda. Shu yilning yanvaridan avgustigacha bo‘lgan muddatda Rossiyaga 1 million 880 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borgan. Mamlakatdan chiqib ketganlar soni esa 1,5 million kishidan oshadi. Shu bilan birga, 1 million 792 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ayni vaqtda Rossiyada ishlamoqda. Bu, albatta, rasmiy ma’lumot.
So‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi migrantlarning boshiga ne kunlar solinayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ommaviy axborot vositalarida deyarli har kuni migrantlarga nisbatan o‘rnatilayotgan yangi cheklovlar, ularning deport qilinayotgani yoki reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu bois galdagi dasturimizning asosiy xabarlari migrantlar, aynan Rossiyadagi migrantlar hayoti bilan bog‘liq.
Rossiyaning Perm shahrida qurolli bezorilikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Oybek Soliyevning jinoiy ishi bo‘yicha sud majlislari boshlandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 6 iyun kuni mast holatda bo‘lgan Soliyev “Zaitniki Otechestva” Shimoliy harbiy okrugi ishtirokchilari davlat jamg‘armasining Perm bo‘limiga borgan. Viloyat harbiy xizmatchisi Vladimir Noxrin bilan suhbat chog‘ida u sport kurtkasining cho‘ntagidan yashil rangga bo‘yalgan va tashqi tomondan limondan farq qilmaydigan piyodalarga qarshi F-1 mudofaa granatasining o‘yinchoq variantini chiqargan. Noxrin o‘zi va xodimlar hayotidan xavotirlanib, Soliyevni alohida kabinetga – psixologga borishga ko‘ndirgan. U yerda Soliyev yana granatani cho‘ntagidan olgan. Uchinchi marta u granatani ko‘chada, fond boshlig‘i Konstantin Strogiy oldida ko‘rsatgan. U o‘sha kunning o‘zida hibsga olingan.
Soliyev ushbu o‘yinchoqni noto‘g‘ri olib yurgani bo‘yicha aybini tan olgan, lekin fond xodimlariga tahdid qilganlik aybini rad etgan. 35 yoshli Oybek Soliyevning aytishicha, u Ukrainada ikki marta urushda qatnashgan. Uning o‘pkasining o‘ng qismi va ikkala oyog‘i shikastlangan. Tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi taqdim qilgan harbiy biletda uning xalq militsiyasida xizmat qilgani to‘g‘risidagi qayd mavjud. Shifoxonadan olingan ma’lumotnomada katta leytenant unvoni ko‘rsatilgan.
Jinoyat ishiga sudlanuvchining O‘zbekiston pasporti nusxasi ham qo‘yilgan. Hujjatning o‘zi saqlanib qolmagan. Soliyevning aytishicha, jang paytida uning pasporti yonib ketgan.
Rostov-Dondagi shifoxonadan Permga reabilitatsiya uchun borgan Soliyev Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Shimoliy harbiy okrugga qaytishga harakat qilgan. Harbiy prokuratura va komendaturadan javob kutish chog‘ida payvandchi bo‘lib ishlagan. Avvaliga yotoqxonada va tashlandiq uylarda, keyin ijaraga olgan boshqa bir uyida kun kechirgan.
Soliyev bezorilik, ya’ni jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish, jamiyatga nisbatan ochiq hurmatsizlikni ifodalash, qurol sifatida foydalanilgan ashyoni qo‘llash orqali jinoyat sodir etilganlikda ayblanib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi
Rossiyaga ishlash uchun borib, u yerda moddiy manfaat evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan sudlanuvchi 2023 yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan. O‘tgan vaqt mobaynida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
Huquq-tartibot organlarimiz tomonidan shaxsi sir saqlanayotgan erkak 2023 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan turli hujumlar oqibatida yaralanib, O‘zbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya Qurolli kuchlari safiga ishga kirgani bo‘yicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani bo‘yicha ma’lumotnoma hamda Rossiya fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi tomonidan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Rossiya qamoqxonalaridagi koloniya xodimlari jazo muddatini o‘tayotgan markaziy osiyoliklarni, ya’ni tojikistonliklar va o‘zbekistonliklarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlayapti. Bu haqda “Nastoyaeye vremya” nashri tojikistonlik Jovidga tayanib, xabar berdi.
Jovid 32 yoshda bo‘lib, Rossiya qamoqxonasida jazo o‘tamoqda. Unga yetti yil muddat berilgan va shuning yetti oyi qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tojikistonlik va o‘zbekistonlik mahbuslar og‘ir vaziyatda. Ular urushga borishni istamayapti, ammo hozirgi sharoitda koloniyada bo‘lish ham mumkin emas.
“Odamlar nima qilishni bilmayapti. Ular urushga borgandan ko‘ra o‘zimizni o‘ldirganimiz yaxshi deyapti. Agar shartnoma imzolamasangiz, jazo izolyatoriga qo‘yishadi. Agar Tojikiston fuqaroligidan chiqish haqida ariza yozsangiz, bu ariza Tojikistonga yuboriladi. Shundan keyin kerakli hujjatlar rasmiylashtiriladi va seni urushga yuborishadi”, deydi mahkum.
Jovid qancha mahkum shartnoma imzolaganini bilmaydi, ammo o‘zi va tanishlari Tojikiston fuqaroligidan voz kechishni xohlamasligini aytib, qo‘shimcha bosim ostida qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, jazo muddati tugashi yaqinlashib kelayotganlar alohida bosimga uchrayapti.
Yaqinda koloniyadagi migrant mahbuslar guruhi tahririyatga maktub yozib, muassasada Tojikiston va O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan taxminan 400 kishi saqlanayotganini bildirgan. Maktubda yozilishicha, koloniya xodimlari ular bilan qo‘pol muomala qilmoqda, xususan, ular diniy mansubligi uchun haqoratga uchrayapti. Qolgan mahkumlar esa migrant-mahkumlarni do‘pposlashga chaqirilmoqda. Koloniya xodimlariga bo‘ysunmaganlarga Ukrainaga urushga yuborish bilan tahdid qilinmoqda.
“Ular xohlagan odamni urushga yuborishlarini aytyapti. O‘z xohishing bilan borsang, yaxshi joylarga tushasan, majburiy ravishda ketsang frontga. U yerda tirik qolish imkoni yo‘q”, deb yozgan migrantlar.
Ma’lumot uchun, Rossiya Davlat Dumasi 2023 yil mart oyida Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, jazo berish va sudlanishni bekor qilish to‘g‘risida qonun qabul qilgan. Bu qonun kuchga kirishidan biroz avval urushga borishga rozi bo‘lgan mahkumlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan afv etilmagan. Endi esa ularga “shartli ozodlik” berilmoqda va Mudofaa vazirligi bilan shartnomalari avtomatik ravishda uzaytirilmoqda. Bu ularni urush yakunigacha jangovar hududlarni tark etish imkonidan mahrum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni ogohlantirib chiqdi
Markaziy osiyoliklarni, xususan o‘zbekistonliklarni turli taklif va tazyiqlar bilan urushga jalb qilish davom etayotgan bir paytda Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirib chiqdi.
Bosh konsulxona bayonotida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) ko‘ra, xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgan.
Shuningdek, Bosh konsulxona fuqarolarni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etganligi to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan.
Rossiyada migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin
Rossiyada migrantlarga nisbatan tahqirlash, ularning insoniy huquqlarini poymol qilish va ommaviy deportatsiya davom etayotgan bir paytda ro‘zg‘or tebratish maqsadida o‘zga yurtda yurganlar oldida yana yangi xavflar paydo bo‘lmoqda. Joriy yil yakunigacha Rossiyada migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin.
Volodin parlamentning quyi palatasiga kiritilgan migratsiya bilan bog‘liq beshta qonun loyihasini 2024 yil oxirigacha qabul qilishga va’da bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbuslar ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. U qonun loyihalarining maqsadini migratsiya sohasida tartib o‘rnatish deb atagan.
Mazkur qonun loyihalari quyidagi takliflarni o‘z ichiga oladi:
- Rossiyada noqonuniy bo‘lishni jinoyat sodir etishda og‘irlashtiruvchi holat deb tan olish;
- Noqonuniy migratsiyani tashkil etishni og‘ir jinoyat deb belgilash;
- Migratsiya sohasida noqonuniy xizmatlar taklif qiluvchi saytlarni sudsiz bloklash;
- Hujjatlarni qalbakilashtirish va soxta ro‘yxatga olish uchun jazoni kuchaytirish;
- Vositachilarga rus tilini bilish bo‘yicha imtihonlarni o‘tkazishni taqiqlash.
Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy esa joriy hafta Rossiya TIVda MDHga a’zo davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasida ishlashni rejalashtirayotgan chet elliklar, ayniqsa, rus tarixi va rus tilini bilish sohasida, jo‘nashdan oldin tegishli tayyorgarlikdan o‘tishlari kerakligini aytdi.
Rossiyada migrantlarga qo‘yilayotgan yangi talablar haqida alohida dastur tayyorlaganmiz. Uni QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Termiz xalqaro savdo markazida konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilish so‘ralganmi?
O‘zbekiston boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Xorijiy mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro qurolli to‘qnashuvlarda ham ishtirok etmaydi, neytralitetni saqlaydi, mojarolar tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori bo‘ladi. Biroq O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashadiganlar, aql o‘rgatadiganlar juda ko‘p, qay birini aytay. Misol beray: kuni kecha Rossiya rasmiylari O‘zbekistondagi maktabda o‘qituvchi tomonidan bolaning kaltaklanishiga siyosiy tus berib, Toshkentdan hisob so‘radi. Xullas, O‘zbekistonga talab qo‘yadigan mamlakat ro‘yxatida endi yaqindagina urushdan chiqqan va o‘shandan buyon O‘zbekistondan ko‘p va xo‘p manfaatdor bo‘lib turgan Afg‘oniston ham paydo bo‘ldi.
Gap shundaki, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari O‘zbekistondan joriy yilning avgust oyida faoliyatini boshlagan Termizdagi umumiy bozor – Termiz xalqaro savdo markazida konsert va musiqiy dasturlarni bekor qilishni so‘ragan.
Termizdagi qo‘shma chegara bozoriga Afg‘oniston fuqarolari vizasiz borishi mumkin. Afg‘onistondan kelganlar uchun musiqa dasturlari tashkil etilib, o‘zbek san’atkorlari ham konsert bergan holatlar bo‘lgan. “Tolibon” musiqiy dasturlar o‘tkazilishiga qarshi va O‘zbekiston hukumatidan bunday dasturlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan. Aks holda Afg‘oniston fuqarolariga ushbu umumiy bozorga kirishga ruxsat etilmasligi mumkin.
Rasmiy Toshkent esa “Tolibon” O‘zbekistonga bunday talab bilan chiqqanini rad etdi. Tashqi ishlar vazirligining QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Afg‘oniston tomonidan bunday xarakterdagi hech qanday murojaatlar kelib tushmaganini ma’lum qilib, afg‘on nashrlaridan yolg‘on axborot tarqatmaslikni so‘radi.
Ommaviy axborot vositalari haqida gap ochilganda Afg‘onistonda qabul qilinayotgan qonunni ham eslatib ketmasam bo‘lmaydi. “Tolibon” ommaviy axborot vositalariga tirik mavjudotlar tasvirini chop etishni taqiqlovchi qonun joriy qilmoqda.
Yangi qonun ommaviy axborot vositalari uchun bir qator qoidalarni o‘z ichiga oladi.
“Tolibon” muvaqqat hukumatning axloq vazirligi ommaviy axborot vositalariga barcha tirik mavjudotlar tasvirini chop etishni taqiqlovchi qonunning kuchga kirishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi haqida xabar bergan. Yaxshilikni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish vazirligi vakili Sayful Islom Xaybarning Frans press nashriga ma’lum qilishicha, qonun butun Afg‘onistonga tegishli va rasmiylar tirik mavjudotlar tasvirlari Islom qonunlariga zid ekanligiga odamlarni ishontirish ustida ishlaydi.
Sayful Islom Xaybarning bildirishicha, qonun ijrosida majburlashga o‘rin yo‘q. Unga ko‘ra, bu shunchaki maslahat bo‘lib, odamlarni bunday narsalar haqiqatan ham shariat qonunlariga zid ekanligiga va ulardan saqlanish kerakligiga ishontirishga qaratilgan.
Domlaning aytganini qilu qilganini qilma deganlari rostga o‘xshaydi. “Tolibon” OAVga jonli mavjudotlar suratini chop etmaslikni talab qilayotgan bo‘lsa-da, muvaqqat hukumat rasmiy vakillari haligacha ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning suratlarini muntazam ravishda joylashtirishni davom ettirmoqda.
Niderlandiya hukumati afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yubormoqchi
Niderlandiya hukumati mamlakatda rad etilgan afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yubormoqchi. “NL Times” nashrining yozishicha, yaqinda Germaniya O‘zbekistonni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirgan. Endi Niderlandiya ham shunga harakat qilmoqda.
Qochqinlar masalasi bo‘yicha vazir Marjoleyn Faberning aytishicha, ayni paytda hukumat O‘zbekiston bilan qanday kelishuvlarga erishish mumkinligini o‘rganmoqda.
Vazir bu borada boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan, shuningdek, qachon ko‘proq ma’lumot berishi mumkinligi haqida ham gapirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular ilk bosqichdagi muzokaralar va shunchaki o‘rganishlar bo‘lib, ushbu jarayonni ochiqlashdan naf yo‘q.
Chet elda barcha huquqiy himoya choralaridan, ayniqsa, jinoyat bilan bog‘liq himoya choralaridan foydalanib bo‘lgan boshpana izlovchilar o‘z mamlakatlarida ko‘pincha qabul qilinmaydi. Niderlandiya va boshqa Yevropa davlatlari esa yillar davomida ularni qanday qilib vataniga qaytarish yo‘llarini topishga intilib kelmoqda. Bu davlatlar rad etilgan afg‘onlarni qabul qilishga unchalik tayyor emas, chunki ular “Tolibon” hukumatni egallab olganidan beri Afg‘oniston bilan rasmiy aloqaga ega emas.
Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, joriy yilning 30 avgust kuni Germaniya hukumati ilk bor bir guruh afg‘onistonliklarni o‘z vataniga qaytardi. Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar jinoyatchilar ekani va ular Germaniyada qolishga haqli emasligini aytgan.
Nashrga ko‘ra, afg‘onistonliklar Leypsig aeroportidan Qatar Airways shirkati samolyoti orqali badarg‘a qilingan. Berlin hukumati “Tolibon” ma’muriyati bilan rasmiy aloqaga ega emasligi sabab jarayonga Qatar davlati ko‘mak bergan va vositachilik qilgan. Germaniyadan deportatsiya qilingan dastlabki guruh 28 nafar afg‘onistonlikdan iborat.
Darvoqe, bu hafta “Tolibon” Afg‘oniston qamoqxonalarida qancha mahkum borligini ochiqladi. Qayd etilishicha, qo‘shnilarimizda ayni vaqtda 12 mingga yaqin erkak va kamida 1 ming ayol ushbu mamlakat sudlari tomonidan aybdor deb topilib, jazo muddatini o‘tamoqda. Shuningdek, turli jinoyatlarni sodir etgan 100 nafar xorijlik fuqaro ham saqlanmoqda. Ular orasida o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot mavjud emas.
Turli jinoyatlarda gumonlanayotgan taxminan 12 ming shaxs hibsga olingan va ularning ishi bo‘yicha sud hukmi hali chiqarilmagan.
Zelenskiy fuqarolariga murojaat bilan chiqdi
Bu hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarolariga murojaat bilan chiqdi va Shimoliy Koreya Rossiyani nafaqat qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotgani, balki o‘z fuqarolarini Rossiya armiyasida Ukrainaga qarshi jangga yuborayotganini aytdi.
“Biz Rossiya va Shimoliy Koreya kabi rejimlar o‘rtasidagi ittifoq kuchayib borayotganini ko‘ramiz. Bu suhbat endi faqat qurollarni uzatish haqida emas. Bu suhbat aslida Shimoliy Koreyadan bosqinchi harbiy kuchlarga odamlarni o‘tkazish haqida”, dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda Ukraina fronti g‘arblik hamkorlardan “ko‘proq yordamga muhtoj”.
“Biz Ukraina uchun kengroq masofa va kuchlarimizni yanada hal qiluvchi ta’minlash haqida gapiradigan bo‘lsak, bu shunchaki harbiy imkoniyatlar ro‘yxati emas. Bu tajovuzkorga bosimning kuchayishi haqida, Rossiya uchun ular bardosh bera oladiganidan kuchliroq bo‘ladi" dedi Zelenskiy.
Oktyabr oyi boshida “The Times” gazetasi Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda har yili foydalanadigan uch million artilleriya o‘qlarining qariyb yarmini olgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Ukraina manbalarining “The Guardian”ga ma’lum qilishicha, KXDR harbiy muhandislari Rossiya qo‘shinlariga Shimoliy Koreyaning KN-23 raketalari bilan Ukrainaga zarba berishda yordam bermoqda.
O‘z navbatida, “The Washington Post” gazetasi Ukraina va Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, Shimoliy Koreya askarlari allaqachon Rossiya tomonidagi janglarda qatnashayotganini yozgan. Bundan tashqari, KXDRdan bir necha ming harbiy xizmatchilar keyinchalik frontga jo‘natish uchun Rossiya o‘quv lagerlarida o‘qitilmoqda.
KXDR harbiylarini Ukrainaga yuborishi haqida Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon ham aytgan.Shu bilan birga, u Ukrainada xabar qilingan birinchi Shimoliy Koreya zobitlarining Donbassda halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar haqiqat ekanini ham inkor etmagan.
Shimoliy Koreya bilan iliq munosabatlar kundan kunga jonlanib borayotganini tasdiqlagandek Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tugayotgan haftada Davlat dumasiga Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qilishni taklif qildi.
Joriy yilning 19 iyun kuni Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida imzolagan 23 moddadan iborat shartnoma de-fakto harbiy ittifoqni nazarda tutadi. Chunki unda ikki davlatdan biriga hujum qilingan taqdirda “barcha mavjud vositalar bilan” yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi band mavjud.
Yangi davlatlararo shartnoma 1961 yildagi “Do‘stlik va o‘zaro yordam” shartnomasi, 2000 yildagi “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi” shartnoma, shuningdek, 2000 va 2001 yillarda imzolangan “Pxenyan va Moskva deklaratsiyalari” o‘rnini egallashi kutilmoqda. “Ijtimoiy fikr” jamg‘armasi so‘roviga ko‘ra, yangi kelishuvni rossiyaliklarning 70 foizi ijobiy baholagan.
Bu voqealar fonida esa “Ukrainskaya pravda” gazetasi Ukraina bilan urushda Rossiya tomonidan xizmat qilayotgan shimoliy koreyalik harbiylar o‘z pozitsiyalaridan qochib ketganini yozib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi shimoliy koreyalik harbiylardan iborat “buryat bataloni”ni tuzgan. Batalondagi askarlar soni uch ming kishini tashkil etadi. Shulardan 18 kishi Bryansk va Kursk viloyatlari chegarasidagi pozitsiyalarni tashlab qochib ketgan.
Qayd etilishicha, voqea Ukraina chegarasidan 7 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Rossiya harbiylari hozirda shimoliy koreyaliklarni qidirmoqda va sodir bo‘lgan voqea haqida qo‘mondonlikka ma’lumot yetib borishini yashirishga urinmoqda.
Janubiy Koreya razvedkasining shu hafta aniqlagan ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyning gaplari noo‘rin emas. Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainadagi urushida qatnashish uchun 12 000 askarni yuborayotgan bo‘lishi mumkin.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 12 ming askarni to‘rt brigadaga bo‘lgan holda yuboryapti.
Agar ushbu xabarlar tasdiqlansa, bu Shimoliy Koreyaning birinchi katta xorijiy urushda ishtiroki bo‘ladi. O‘z o‘rnida, mamlakat dunyodagi eng katta harbiy kuchlardan biriga ega bo‘lib, 1,2 million askari bor.
Ko‘plab mutaxassislar Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyaga qandaydir foyda keltira olishiga shubha bildirmoqda, chunki ularning harbiy texnikasi eskirgan va jangovar tajribasi kam.
Xabarlar fonida Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol 18 oktyabr kuni shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgani haqida bayonot bergan. Yig‘ilishda Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga yuborilishi Janubiy Koreya va xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy xavfsizlik tahdidi sifatida baholangan.
Biroq Rossiya KXDR askarlaridan foydalanayotganini rad etgan, xususan, Kreml voizi Dmitriy Peskov buni “yana bir feyk xabar” deb atagan.
Ukraina yo NATOga a’zo bo‘ladi yoki yadro qurolini yaratadi – Zelenskiy
Ukraina yo NATOga a’zo bo‘ladi yoki yadro qurolini yaratadi. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Bu haqda shu hafta Yevropa kengashining Bryusseldagi yig‘ilishidan keyin Vladimir Zelenskiy ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbatda so‘z ochdi.
Zelenskiy joriy yilning 27 sentyabr kuni AQSHda mamlakatning sobiq prezident Donald Tramp bilan uchrashuvini va unga aytganlarini eslagan. Zelenskiy Trampga Rossiya Budapesht memorandumining kafolati ekanini, unga ko‘ra, yadro qurolidan voz kechishi evaziga Ukrainaga hududiy yaxlitlik va suverenitetni himoya qilish va’da qilinganini eslatgan. Biroq, bu Rossiya va’dasida turmadi. Zelenskiyga ko‘ra, bu urushdan Ukrainadan boshqa hech bir mamlakat, xususan yirik davlatlar, yadroviy kuchlar jabr ko‘rmagan.
U yechim sifatida yadro qurolini yaratish yoki NATOga qo‘shilishni ko‘rsatgan.
Prezident Vladimir Putin esa Zelenskiyning bu talabini javobsiz qoldirmadi. Uning BRICS davlatlari yetakchi OAV rahbarlari bilan uchrashuvda aytishicha, Rossiya Ukrainaning yadroviy qurol yaratishiga hech qanday sharoitda yo‘l qo‘ymaydi.
“Bunday tahdid Rossiya tomonidan tegishli reaksiyaga olib keladi. Darhol aytishim mumkin: Rossiya bunga hech qanday sharoitda yo‘l qo‘ymaydi. Bugungi Ukrainaning siyosiy rahbariyati inqiroz qizg‘in bosqichga o‘tishidan oldin ham bu haqda bir necha bor gapirgan. Ular o‘shanda ham Ukraina allaqachon yadroviy qurolga ega bo‘lishi kerakligi haqida aytgan edi”, deydi Putin.
Putin, shuningdek, yadroviy qurol yaratish imkoniyati haqidagi bayonotlarni “xavfli provokatsiya” deb atadi va Kiyev tomonidan har qanday shu kabi qadam tegishli munosabatga duch kelishi haqida ogohlantirdi.
Putin zamonaviy dunyoda yadroviy qurol yaratish qiyin emasligini, biroq Ukraina uchun bu qiyin ish ekanini ham urg‘ulagan.
Yahyo Sinvarning o‘limi haqida
Joriy yil 30 iyul kuni Livan poytaxti Bayrutda “Hizbulloh” qo‘mondoni Fuad Shukr, oradan bir necha soat o‘tib, 31 iyulda Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya, sentyabr oyida “Hizbulloh”ning boshqa rahbarlari, xususan Ibrohim Oqil va harakat Bosh kotibi Hasan Nasrulloh hamda uning amakivachchasi, Qosim Sulaymoniyning kuyovi Hoshim Safi ad-Din Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi. Mazkur voqealar qarshilik harakatlari yetakchilari Isroilning asosiy nishoniga aylangan so‘nggi 2 yarim oy ichida ro‘y berdi. 16 oktyabr kuni esa SAXAL “ov”ining navbatdagi o‘ljasi HAMASning yozda saylangan yangi rahbari Yahyo Sinvar bo‘ldi. Shu kuni Isroil kuchlari G‘azo sektori janubida joylashgan Rafahda raketa hujumlari uyushtirdi. SAXALning bu safargi nishoni HAMASga aloqador deya taxmin qilingan 3 nafar shubhali shaxs edi. Dastlab, ular joylashgan bino o‘qqa tutiladi. Shundan so‘ng Isroil harbiylari vayronaga aylangan bino ichini sinchkovlik bilan tekshirish uchun ayg‘oqchi drondan foydalanadi. SAXAL tomonidan e’lon qilingan Sinvarni o‘ldirish jarayoni aks etgan video tasvirlar dron orqali yozib olingan. HAMAS yetakchisi joylashgan binoga raketa hujumi uyushtirilgandan so‘ng Isroil kuchlarining droni u turgan nuqtani aniqlash uchun bino ichiga yo‘naltirilgan. Videotasvirda Sinvarligi aytilgan mazkur ob’ekt harakatga yaroqli chap qo‘lidagi tayoqni dronga uloqtirganini ko‘rish mumkin. Isroil droni voqeani shu lahzagacha yozib oladi. Missiyani esa snayper yakunlaydi. Rasmiy manbalar ichidan dastlab kutilganidek SAXAL va Isroil xavfsizlik xizmati idorasi, shuningdek, yahudiy davlatining Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bu ma’lumotlarni tasdiqladi.
Keyinchalik HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Xalil al-Heya “harakat yetakchisi Yahyo Sinvarga suiqasd uyushtirilganini” tasdiqladi va uning o‘limi “harakatni yanada kuchaytirishi”ga ishora qildi.
Sinvarning o‘limi tasdiqlangach, bu faktor Isroil va uning ittifoqchisi Qo‘shma Shtatlar tomonidan bayram sifatida qabul qilindi. Xususan, AQSHning ayni damdagi rahbarlari prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harris bu voqelikni “tinchlik” o‘rnatilishi uchun muhim va yakuniy qadam sifatida e’tirof etdi. Jo Bayden Sinvarning o‘limini Isroil, AQSH va qolaversa butun dunyo uchun xushxabar ekanini ta’kidladi. U Netanyaxuga aloqaga chiqib, uni tabriklashi va asr olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘llarini muhokama qilishni bildirdi. Bayden mazkur voqelikni kelajak uchun imkoniyat deb baholadi. Uning nazdida Sinvar shu choqqacha urushni to‘xtatish va muzokaralar olib borish uchun “to‘siq” bo‘lgan. O‘z o‘rnida Kamola Harris ham Baydenning pozitsiyasini ifoda etgan holda Sinvarning yo‘q qilinishi sektordagi urushning yakuniy qismi ekanligiga ishonch bildirdi. Ammo Netanyaxu qirg‘inni to‘xtatish haqida zarracha ham o‘ylamayapti. U Sinvarni o‘ldirilishi urushning nihoyasi emasligini ma’lum qildi. Anchadan buyon AQSHning nazoratidan chiqqan holda harakatlanayotgan Isroil Bosh vaziri HAMAS siyosiy byurosi yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilishi bo‘yicha bergan bayonotida Sinvar bilan “hisob-kitob bitgani”, ammo urush hali tugamasligini ochiq-oydin ta’kidladi.
Qozog‘istonda olti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi “Beyneu-Tojen” trassasida halokatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, oqibatda olti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana to‘rt nafari shifoxonaga yotqizildi.
Jac mikroavtobusi yo‘l chetida to‘xtab, chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Mashinada jami 10 kishi bo‘lgan. Ulardan to‘rt nafari Beyneu markaziy tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Mang‘istau viloyati IIB va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga ketayotgan mashinada o‘n kishi bo‘lgan. To‘rt qurbonning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.
Qayd etilishicha, YTH ishtirokchilarining barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, transport vositalari bir davlatda ro‘yxatga olingan. Voqea haqida O‘zbekistonning Aqtaudagi Bosh konsulligiga xabar berilgan.
Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan, fojianing barcha holatlarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi