Qabristonga aylanayotgan G‘azo, qo‘l qovushtirib turgan dunyo, Turkiyada dahshatli o‘lim topgan o‘zbekistonlik ayol, UzAutoMotors vasvasasi — Hafta tahlili

Tahlil

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ko‘nglimni buzib yubordi. Unda falastinlik shifokor ayol Gada Abu Aida aks etgan. U G‘azodagi Indoneziya shifoxonasining tez yordam bo‘limida ishlaydi. G‘azodagi qaqshatqich zarbalardan jarohatlanayotganlarni shifoxonaning qabul bo‘limida kutib olayotgan ayolning ko‘zlari birdan zambilda olib kirib ketilayotgan qiziga tushdiyu o‘zini yo‘qotdi, faryodi butun shifoxonani tutdi. Ona uchun bundanda og‘ir dard bo‘lmasa kerak. Bugun G‘azoda onalar faryodi butun dunyoni tutyapti. Inqirozga yuz tutayotgan dunyo yana bir haftani ortda qoldiryapti va ko‘rgan kechirganlarimizni siz bilan birga Hafta tahlilida yodga olamiz. 

Toshkentdagi namoyish va Falastin xalqi yonidagi Mirziyoyev

O‘tgan haftaning yakshanba kuni Toshkentda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ruxsat etilmagan miting o‘tkazish va unda qatnashishni rejalashtirgan fuqarolar poytaxt Toshkentdagi Amir Temur xiyoboniga to‘plandi. 

Hududga yetib borgan huquq-tartibot idoralari xodimlari to‘planganlarga O‘zbekiston qonunchiligida ruxsat etilmagan miting o‘tkazish javobgarlikka sabab bo‘lishini tushuntirgan. Shundan so‘ng ko‘pchilik u yerni tark etgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining talabini bajarmaganlar tegishli organlarga olib ketilgan. 

Oradan bir kun o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga, ayniqsa, yoshlarga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdi. 

Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, G‘azodagi zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.

Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.

Prezident G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini aytgan.

Pedofil amaldorlar 3 yilga qamaldi

Tugayotgan haftada Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Hukm bilan pedofil amaldorlar – Xorazm Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Quryazov Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, jamoatchilik orasida yana e’tirozlar paydo bo‘ldi. Ularning asosiy qismi pedofil amaldorlarning jinoyati tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish)da malakalanmagani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning tushuntirishicha, xorazmlik pedofil amaldorlar sodir etgan jinoyatda Jinoyat kodeksining 118-moddasi, ya’ni Nomusga tegish alomatlari mavjud emas.

“Qo‘shimcha protsessual harakatlar o‘tkazilganda ikki sudlanuvchining harakatlarida zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish va shu orqali ular bilan jinsiy aloqa qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi”, deydi Ortiqova.

Svetlana Boymirzayevnaning aytganlariga tayanadigan bo‘lsak, pedofil amaldorlar qizlarga zo‘rlik ishlatmagan bo‘lsa, qizlarning o‘zi ular bilan aloqa qilishga rozi bo‘lganmi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda va pana-panada rasmiy shaxslar qizlarning xulqi haqida bahslashishga urinmoqda. Men sizga aytsam, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan. Qizlarning qanday xulq-atvorga egaligining Masharipov va Quryazov ishiga aloqasi yo‘q, nazarimda. Qizlar qanday xulqqa ega bo‘lishidan qat’i nazar davlat ishida ishlagan amaldorlar o‘sha voyaga yetmagan qizlar bilan yotoqqa kirgan. Asl haqiqat shu. Qolgani esa ikkinchi darajali. 

Agar xorazmlik pedofillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi ayblovi qo‘yilganda ular eng kamida 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi. 

Shu o‘rinda bo‘lgan voqeani yana bir bor yodga olsak: shu yilning aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek  Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Keyinchalik Masharipov va Quryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan. Ish apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgan.

Olimjon Haydarovning sudi boshlandi

31 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida Avazbek Ergashev raisligida bloger Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. 

Sud majlisi ochiq deb e’lon qilingach, dastlab sudlanuvchining himoyachisi tomonidan sud jarayoni mobaynida audio va videoyozuvni amalga oshirish haqidagi iltimosnomasi yuzasidan taraflar fikri tinglangan. Jinoyat ishi doirasidagi jabrlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar ommaga oshkor etilishini xohlamasligi bois iltimosnomani rad qilish haqidagi fikrlari inobatga olinib, sud sudlanuvchining himoyachisi keltirgan iltimosnomani rad qilish haqida ajrim chiqardi.  

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rilayotganligi bois jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari unda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkin”, deydi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.

Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilingan. 

Oliy sud saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, da’vogarlar orasida Qo‘qon shahri hokimi Ma’ruf Usmonov ham bor.

Andijonda ruhiy kasallarga zulm qilinyapti

Andijon viloyat ruhiy sog‘liqni saqlash dispanserida tibbiyot xodimi bemorni urdi.  Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda muassasadagi barcha bemorlar yo‘lakda saf tortgani bir “mushtumzo‘r” shifokor ularni birma-bir so‘roqdan o‘tkazayotgani aks etgan. Hatto, bir vaziyatda u duch kelgan bemorning qorniga musht tushirgani, bemor esa hushini yo‘qotib yerga yiqilganiga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, ertasi kuni tongda ma’muriyat tomonidan ichki xizmat tekshiruvi tayinlanib, bemorga qo‘pol muomalada bo‘lgan hamda unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan kichik tibbiy xodimning ishi muassasa kasaba uyushmasi majlisida ko‘rib chiqilgan. E’tibor bering, kichik tibbiy xodim! Agar ruhiy kasalliklar shifoxonalarida kichik xodimlar shu qadar qudratli kuchga ega bo‘lsa, koridorda bemorlarni to‘plab, istaganini qilsa ,bu shifoxonalarda kattakonlar qanday xurmacha qiliqlar ko‘rsatishini tasavvur qilishga qo‘rqasan kishi. 

Xo‘sh, bu kichik xodim shuncha kuchni qayerdan olgan? Uning ortida kim turibdi? Doimgidek, mayda baliqlar ovlanib, nahanglar jon saqlashda davom etyaptimi? Nega bunday deganimni isbotlab ketay: majlisda o‘sha kichik tibbiy xodim egallab turgan vazifasidan ozod etilib, mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, uning bu harakatlariga qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli hujjatlar hamda kuzatuv qurilmalaridagi videoyozuvlardan ko‘chirmalar taqdim qilingan. 

O‘sha kuni kaltaklangan bemorga darrov mehribonchilik qilinib, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari tomonidan UZI, rentgen, laboratoriya tahlillari va boshqa diganostik tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Bemorda jiddiy jarohatlar yoki salomatligi uchun xavf tug‘diradigan holatlar aniqlanmagan.

“Holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.Andijon viloyat ruhiy sog‘liqni saqlash dispanseridagi holatni viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘z nazoratiga oldi”, deyiladi Andijon viloyati SSB bayonotida. 

Ko‘ramiz, bu nazorat qanchaga borarkin? Go‘yo o‘sha kichik tibbiy xodim ketadiyu vaziyat o‘nglanib qoladi? Shaxsan men bunga ishonmayman. 

Ko‘pxotinlilik va yuzni to‘sib yurishga jazo belgilandi

O‘zbekistonda ko‘p xotinlilik va yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilandi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 31 oktyabr kuni imzolangan qonun bilan mustahkamlandi va shu asosda Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Endi ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan, 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi. 

Shuningdek, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish ham bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Ushbu holatdan tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar mavjud. 

Lekin bizda boshqa savol tug‘ilyapti, to‘g‘rirog‘i, bu savol bilan bizga o‘quvchilarimiz “so‘rab, bilib bering”, deb murojaat qilishdi: chet el fuqarosi O‘zbekistonga kelsa va yuzni yopib turuvchi burqa kiyib olgan bo‘lsa, aytaylik arab mamlakatlaridan kelgan fuqarolar ham, ko‘chada yuzni yopib yurgani uchun javobgarlikka tortiladimi? Hurmatli deputat va senatorlarimiz qonunni qabul qilayotganda masalaning bu jihatiga e’tibor berishmaganmi? Nega qonunda chet elliklarga nisbatan istisnolar nazarda tutilmagan? 

Yana bir o‘zgarishga nazar tashlasak. Endilikda qonun bilan milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy e’tiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun Prezident tasdiqlagandan so‘ng, 1 noyabrdan boshlab rasman kuchga kirdi.

Toshqulov rektor, Rahimxon direktor bo‘ldi

Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab yurganidayoq nazarga tushib, e’tirof qozongan, keyinroq Oliy ta’lim vaziri bo‘lgan va Prezident maslahatchisi kursisigacha ko‘tarilgan Abduqodir Toshqulov bu hafta kursisidan “og‘i-i-ir quladi” va yana Termiz davlat universitetiga “borib tushdi”. U yana o‘sha qadrdon dargohning rektori lavozimida ish boshladi. 

U 2022 yil dekabrdan to shu paytgacha Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Bildirilishicha, hozirda ushbu lavozim tugatilgan.

Bu hafta Toshqulovning lavozimi ancha pasaygani ko‘pchilikni xafa qilgan bo‘lsa, sobiq xonanda, hozir ham nashidlar kuylab turadigan Sardor Rahimxonning O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari – “Vaqf” xayriya ishlari bo‘yicha direktori lavozimiga tayinlangani ko‘plarni xursand qildi. 

Ko‘plab xayriya loyihalari bilan tanilgan Sardor Rahimxon 2022 yilning 4 may kuni o‘zining "Yurak amri" xayriya fondi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgandi. Keyin u mamlakatni tark etib, Turkiyadan qo‘nim topdi. Bu orada Turkiyada fevral oyida sodir bo‘lgan zilzilada Hatay viloyatida xayriyalarni amalga oshirdi, o‘zbekistonliklardan to‘plangan pullardan turklarga xayriya qildi. 2023 yilning aprel oyida Rahimxon “Yurak amri” fondi O‘zbekistonda faoliyati tiklanganini bildirdi, o‘zi ham mamlakatga qaytib keldi, biroq o‘tgan muddat davomida fondning biror ish bilan shug‘ullangani haqida ma’lumot yo‘q. Atrofda esa fondning rahbariyati, moliyaviy masasalarga bosh-qosh bo‘lganlar o‘rtasidan olamushuk o‘tgani haqida gap-so‘zlar bolaladi. 

“Hizbulloh” masxara bo‘ldi

“Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh 3 noyabr, juma kungi bayonotgacha Isroilga G‘azodan chiqib ketishga muhlat berdi. Muhlat berdi, muhlat keldi, Isroil qaqshatqich zarbalarini to‘xtatgani yo‘q, “Hizbulloh” esa hech narsa qilolmadi va yana ikki soatlik bayonot bilan cheklandi. Hasan Nasrullohning uzundan-uzun va foydasiz nutqi esa tarmoqda masxara qilindi. 

“Hizbulloh” yetakchisining ogohlantirishiga javoban Isroil HAMASdan keyin "Hizbulloh" bilan shug‘ullanishga va’da bergan.“Hizbulloh” joriy hafta ilk bor dronlar yordamida Isroil armiyasi pozitsiyalariga zarba berdi. Isroil armiyasi esa X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Isroilga raketa hujumlaridan so‘ng, Livandagi “Hizbulloh”ning bir qator nishonlariga zarba berganini ma’lum qilgan.

AQSH "Hizbulloh"ni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga aralashmaslikka chaqirdi. 

“Hizbulloh" yoki boshqa davlat va nodavlat kuchlari davom etayotgan mojarodan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmasligi kerak. Aks holda, 2006 yilgi Isroil va Livan o‘rtasidagi urushdan ham ko‘proq qon to‘kilishi mumkin. Qo‘shma Shtatlar mojarodan Livanning ham jabrlanishini istamaydi”, deyiladi nomini yashirgan AQSH rasmiysi bayonotida.

Bu orada esa Isroil mudofaa kuchlari G‘azoni qurshab olishni yakunlaganini bildirdi. Mudofaa kuchlari vakili – brigada generali Daniel Xagariyga ko‘ra, isroillik harbiylar HAMASning postlari, shtab-kvartiralari, uchirish maydonchalari va uchirish infratuzilmalariga hujum qilib, yo‘q qilmoqda.

“Times of Israel” nashriga ko‘ra, Hagariy o‘t ochishni to‘xtatish atamasi hozirda umuman muhokama qilinmayotganini aytgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga G‘azo sektoridagi falastinlik tinch aholi o‘rtasidagi talofatlarni minimallashtirishga qaratilgan "aniq qadamlar"ni taklif qildi. Bu haqda Tel-Avivga borgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken matbuot anjumanida so‘z ochdi. 

“Biz Isroilga HAMAS terrorchilari va ularning zo‘ravonlik uchun infratuzilmasini aniqlash va yo‘q qilish maqsadlariga erishishda faqat eng yaxshi do‘stlar taklif qila oladigan tinch aholi qurbonlarini qanday kamaytirish bo‘yicha maslahat berdik. Bugun men Bosh vazir Netanyaxu va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan bunga erishish uchun aniq qadamlarni muhokama qildim”, deydi Blinken.

AQSH Davlat kotibining fikricha, Isroilning HAMASni yengishi juda muhim va AQSH bu borada uni qo‘llaydi. Chunki buni qila olmaslik HAMAS va boshqa terroristik guruhlar foydasiga o‘ynaydi. Blinkenning va’da qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Isroilning dushmanlari, jumladan, “Hizbulloh”ning ikkinchi frontni ochishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘radi.

Butun dunyo G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapirayotgan bir paytda qayerda urush bo‘lsa hoziru nozir bo‘ladigan AQSH bunga qarshi chiqmoqda. Mamlakat Mudofaa vazirligi tugayotgan haftada blokadadagi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. 

Pentagondan general Patrik Rayderga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish HAMASning "oyoqqa turishi"ga olib keladi. 

"Biz HAMASga qayta to‘planish uchun vaqt beradigan hamda Isroil xalqi va boshqalarni xavf ostiga qo‘yadigan o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlamaymiz", deydi Reyder.

Isroil urush qonuniyatlarini qo‘pol ravishda buzib, bu hafta G‘azo sektori shimolida joylashgan Jabaliya qochqinlar lageriga ikki marta havo hujumi uyushtirdi va yuzlab begunoh odamlar qurbon bo‘ldi. Ana endi urushni va Isroilni yoqlayotgan G‘arbning ayrim mamlakatlari ham uning xatti-harakatlarini qoraladi. 

G‘azo sektoridagi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha,  Jabaliya lagerida halok bo‘lganlar, yaradorlar va bedarak yo‘qolganlar soni 1000 nafarga yetgan.

Boliviya Isroil bilan aloqalarni uzdi

Isroil masalasida kim qoralash bilan cheklanyapti, kim aniq qadamlar tashlayapti. Boliviya Isroil bilan barcha diplomatik aloqalarini uzdi. Chili va Kolumbiya esa mamlakatdagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Freddi Mamanining bildirishicha, bu qaror Isroilning Falastin hududlarida olib borayotgan keng ko‘lamli harbiy harakatlarini keskin qoralash maqsadida qabul qilingan.

Bahrayn ham Isroil bilan iqtisodiy aloqalarini uzib, elchisini chaqirib oldi. 

“Bu qaror Bahraynning Falastin ishini va qardosh Falastin xalqining qonuniy huquqlarini qo‘llab-quvvatlovchi qat’iy tarixiy pozitsiyasining tasdig‘i hisoblanadi. Bu haqda Qirol barcha konferensiyalar va tadbirlarda qayta va qayta ta’kidlab o‘tgan edi”, deyiladi TIV bayonotida. 

Shuningdek, mazkur xabar fonida Isroil elchisi ham qirollikni tark etgan. 

Qozog‘istonliklar esa Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga murojaat qilib, Isroilga neft sotishni to‘xtatishni so‘radi. Ikki kun ichida ushbu petitsiyaga 10 mingdan ortiq fuqaro imzo chekkan. Murojaat matnida shunday deyilgan:

"...neft kabi strategik ahamiyatga ega resurslarni mojarolar davom etayotgan mintaqaga eksport qilish tomonlardan birini qo‘llab-quvvatlash bilan barobar. Qozog‘iston esa hamisha xalqaro maydonda tinchlik va barqarorlik tarafdori bo‘lib kelgan. Ko‘pchilikning chaqiriqlariga qaramay, Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotlarini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Isroil BMT Bosh Assambleyasining zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini rad etdi".

Isroilga yetkazib beriladigan neftning taxminan 10 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelib, mahsulot Ozarbayjonning Baku-Jeyxan neft quvuri orqali yuboriladi va u yerda qayta ishlanib, samolyotlar uchun aviakerosin, tanklar uchun dizel yoqilg‘isi sifatida foydalaniladi.

Eronda esa Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Homanaiy Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi olib borayotgan harbiy operatsiyasi fonida Isroilga neft va oziq-ovqat eksportini to‘xtatishga chaqirdi. 

Xalqaro jinoiy guruh rahbari qo‘lga olindi

Turkiya politsiyasi Istanbulda “Comanchero” xalqaro qurolli uyushgan jinoiy guruhi yetakchilaridan biri, Avstraliya va AQSH hukumati tomonidan qidiruvda bo‘lgan Hasan Ayiq hamda tashkilotning yana 37 nafar a’zosini qo‘lga oldi. 

Sud qarori bilan Ayiq, shuningdek, tashkilotning AQSH, Avstraliya va Yangi Zelandiya tomonidan xalqaro hibsga olishga order berilgan yana yetti nafar yuqori martabali amaldori ushlangan.  

Tashkilotning 55 nafar gumonlanuvchiga tegishli 4,5 milliard turk lirasi (taxminan 160 million dollar)lik mol-mulki ham musodara qilingan. Ushbu aktivlarga bank hisoblari, ko‘chmas mulk, transport vositalari va 22 kompaniyaning aksiyalari kiradi. 

Aniqlanishicha, tashkilotga qarashli jinoiy to‘dalar yetakchilari turk va xorijlik tashkilotlar a’zolari bilan birga Turkiyaga kelgan va u yerda jinoiy faoliyatini davom ettirib, Janubiy Amerikadan sotib olingan giyohvand moddalarni Avstraliya, Gollandiya va Gonkongga yetkazishga uringan, shuningdek, pul yuvish bilan shug‘ullangan.

O‘zbekistonlikni o‘ldirib, bo‘laklarga bo‘lgan erkak umrbodga qamaldi

Joriy yilning 23 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahri Bog‘chaliuylar tumanida yashagan o‘zbekistonlik 40 yashar Umida To‘laganova o‘zi bilan birga yashagan 61 yoshli Riza Beler tomonidan tosh bilan urib o‘ldirilgani hamda ayolning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, muzlatgichga joylangani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu dahshatli jinoyat ishi bo‘yicha boshlangan sud majlisi yakunlanib, qotil “ayol kishini reja tuzib, qasddan o‘ldirish” ayblovi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Ayblov xulosasida Beler To‘laganovani o‘ldirish rejasini tuzib, voqea sodir bo‘lgan kundan 3 oy oldin uyga piyodalar yo‘lagiga yotqiziladigan “bruschatka” toshidan olib kelgani, voqea sodir bo‘lgan kuni sudlanuvchi Umida To‘laganova bilan uyga boshqa erkakni kiritgani sababli janjallashgani, keyin ayolning boshi, yuz va bo‘yin sohalariga o‘sha tosh bilan urib o‘ldirgani aytilgan.

Beler jabrlanuvchining qo‘llarini bo‘g‘im joyidan kesib, muzlatgichga qo‘ygan.

Prokuror Riza Beler ayolni qasddan o‘ldirgani uchun suddan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi. Sudda so‘nggi so‘zini aytgan Beler, voqeadan chuqur afsusdaligini bildirgan va oqlashlarini so‘ragan. 

Sud hay’ati Riza Belerni “ayol kishini reja tuzib, qasddan o‘ldirish” ayblovi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. 

Makron – Qozog‘iston va O‘zbekistonda!

Joriy haftada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati, ta’bir joiz bo‘lsa, uranga boy mamlakatlar – Qozog‘iston va O‘zbekistonga ilk tashrifni amalga oshirdi.

Makronning O‘zbekiston va Qozog‘istonga kelishining asosiy sababi ko‘proq uran olish. Bu haqda alohida dastur tayyorlaganmiz. Uni hoziroq YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin. 

Turkiylar davri boshlandi

Tugayotgan haftada Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-sammiti Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazildi. Unda barcha a’zo davlatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston Prezidentlari, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriyadan Bosh vazir Viktor Orban ishtirok etdi. 

Sammitda kelasi yili tashkilotga davriy raislikni Qozog‘iston qabul qilib olishi aytildi. 

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni” topshirildi. 

Yig‘ilishda nutq qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev yana Falastin masalasiga to‘xtaldi. Uning fikricha, bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda. 

“Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi nizoni „ikki xalq uchun ikki davlat“ tamoyili asosida hal etishdir. Falastin xalqi, BMT rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega”, deydi Mirziyoyev.

Sammitdan bir necha kun avval Turkiya matbuotida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ostonada Isroilning jinoyatlarini muhokama qilmoqchiligi, urushni to‘xtatish bo‘yicha olamshumul taklifni ilgari surishi haqida gaplar tarqalgandi. Ammo ushbu sammitda Erdo‘g‘an Isroilning harakatlarini qoralashdan nariga o‘tgani yo‘q. 

Aksincha, u Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarda yagona alifbo bo‘lishi kerakligini taklif qildi. Armanistonni Ozarbayjon va xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, yana Turkiy Davlatlar Tashkilotiga suqishga harakat qildi. 

Xullas, TDTning navbatdagi sammiti ham uzoq cho‘zilmay, o‘tdi, tugadi. Prezidentlar kunduz kuniyoq ortiga qaytib ketdi. TDT sammiti qanday o‘tgani, uning eng muhim jihatlari va nutqlardagi kosa tagidagi nim kosa gaplar haqida alohida dastur tayyorlayapmiz. Katta ehtimol bilan bu dasturni ertaga tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing