Otasini sudga bergan Burak, Ka’baga kirgan Prezidentlar, o‘lgan bloger, buzilayotgan eshak huquqlari - Hafta tahlili
Tahlil
−
22 iyul 2023 14462 16 daqiqa
Eshak huquqlari bormi? Agar eshak huquqlari kodeksimi, bilmadim, shunga o‘xshash hujjat ishlab chiqilganda unga eshakning qanday huquqlarni kiritgan bo‘lardingiz? Yo‘q-yo‘q, javob berishga shoshilmang, o‘ylash uchun vaqtingiz bor. Gap nima haqida ketayotganini ham aynan eng oxirgi xabarimizni o‘qib, keyin izoh yozarsiz. QALAMPIR.UZ’ning Hafta voqealari tahlili yana e’tiboringiz markazida.
AQSHda 15 yashar o‘zbekistonlik otib o‘ldirildi
Tahlilimizni hafta davomida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqeadan boshlamoqchiman. AQSHning Nyu-York shahri Bruklin tumanida joriy haftaning 17 iyul kuni asli o‘zbekistonlik 15 yashar Faridun Mavlonov tasodifan otib o‘ldirildi.
Franklin Delano Ruzvelt o‘rta maktabi tashqarisida 17 yashar yigitcha bir guruh o‘quvchilarga qarata 7 marta o‘q uzgan. Daydi o‘q kelib Faridunga teggan. U og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan, shifokorlar uni ikki marta operatsiya qilgan, biroq qonni to‘xtatishning imkoni bo‘lmagan va 18 iyul kuni vafot etgan.
Xo‘sh, nimaga daydi o‘q deyapmiz? Mazkur ish bo‘yicha tergovni olib borayotgan detektiv Jeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchining nishonida Faridun bo‘lmagan. Bu ko‘chadagi nazorat kamerasi tasvirlarida ham isbotini topgan. Unda qotil ko‘chada odam ko‘p bo‘lgan vaqtda o‘q uzgani aks etgan.
Bolaning otasi Firdavs Mavlonov bundan 12 yil avval oilasi bilan birga AQSHga ko‘chib borgan. Faridun esa oilaning 6 farzandidan biri bo‘lgan. Vafotiga qadar bola shahardagi Yangi Utrext yuqori maktabida tahsil olgan.
Detektiv Jeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, otishmadan ikki soat avval Faridun va bir guruh bolalar boshqa bolalar guruhi bilan tortishib qolgan. Qarshi tomondagi 17 yoshli bola Faridunning do‘stlaridan biri bilan janjallashib, darsdan so‘ng uchrashib, mushtlashishga kelishgan. Ular tashqarida uchrashgan vaqtda 17 yoshli o‘smir yonidan qurol chiqarib, ota boshlagan.
Bolaning dafn marosimida Nyu-York meri Erik Adams qatnashdi. U qotilliklarni to‘xtatish uchun rasmiylar ko‘chalarni o‘qotar qurollardan tozalashi kerakligini aytgan.
11 yashar qiz avval zo‘rlandi, keyin o‘ldirildi
Tugayotgan haftaning 20 iyul kuni Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida dahshatli jinoyat sodir etildi. 11 yashar qiz zo‘rlab, o‘ldirib ketildi. Voqea Yangi asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan binoda yuz bergan. Bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish), 118- (Nomusga tegish) va 119- (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov davomida ushbu jinoyatni sodir etishda 2006 yilda tug‘ilgan shaxs gumonlanayotgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
“Voqea sodir bo‘lgan kuni gumonlanuvchining yonida bo‘lgan ikki nafar sherikning ushbu jinoyatga aloqadorligi ham tekshirilmoqda. Sodir etilgan qilmish jinsiy jinoyatlar toifasiga tegishli bo‘lgani sababli boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi“, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Shuni alohida aytish o‘rinliki, 2023 yilning o‘tgan olti oyi davomida O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik jinoyati uchun 257 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Statistikaga ko‘ra, 2022 yilga kelib bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish xalqaro indeksida O‘zbekiston oldingi yilga nisbatan 7 pog‘onaga pastlagan, ya’ni 59 davlat ichidan 58-o‘rindan joy olgan.
20 yashar bloger vafot etdi
Hozir o‘limi haqida xabar beradiganim bloger yigitni tanimas ekanman. Jamoamiz bilan Telegram guruhimizga uning vafot etgani haqidagi xabar kelib tushgach, guruhimiz a’zolari uni yaxshi tanir ekan shekil, “yana piar qilyapti” deb qolishdi. Kim ekan deb Instagram’dagi sahifasiga kirsam, haqiqatan ham bir necha bor do‘pposlangani, shifoxonaga tushgani, ko‘zi ko‘karib, yurolmay, aravachaga mixlangani aks etgan videolarni joylashtirgan. O‘limiga men ham ishonmadim ochig‘i. Kamiga sahifasidagi suratlar va videolar shu qadar axloq me’yorlaridan tashqarida ediki, ta’rifga til ojiz.
Yo‘q, afsuski, yigitning vafoti rost bo‘lib chiqdi. Uning ismi Asad, familiyasi Arziqulov. Instagram’da 1 milliondan oshiq kuzatuvchisi bor bo‘lgan bu yigitning o‘limi haqida Bosh prokuratura voizi Hayot Shamsutdinov so‘z ochgandan keyin biz ham bu xabarning haqiqatligiga ishondik.
Yigit o‘limidan oldin boshidan og‘ir tan jarohati olgani va bir necha kun davomida shifokor ko‘rigiga bormagani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan bildirishlaricha, 20 yashar Asadbek Arziqulov bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh subdural gematomasi, bo‘yin sohasi qontalashi, ikkala tizzasi va ikkala tirsagida ko‘kargan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilgan.
Gap shundaki, 16 iyul kuni soat 18:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi istirohat bog‘laridan birida Asadbek Arziqulov va uning 1997 yilda tug‘ilgan tanishi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bloger janjal oqibatida og‘ir tan jarohati olgan. So‘ng ular o‘zaro kelishib olgani sababli voqea joyini tark etgan. Arziqulov bu voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari va tibbiyot muassasalariga murojaat qilmagan. 19 iyul kuni ahvoli yomonlashgani bois u shifoxonaga yotqizilgan va bosh qismida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay bloger vafot etgan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda bilan ayblanuvchi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirziyoyev yana bir bor Ka’baga kirdi
Tugayotgan haftada “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana bir bor Ka’baga kirishga muyassar bo‘ldi va Umra amallarini bajardi. Bu Prezident Mirziyoyevning ikkinchi bor Umra amalini bajarishi. O‘tgan yili avgust oyida ham u Qirollikka borib, Umra qilgan edi.
Bu safar Mirziyoyevga Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov, Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqov va kuyovlari – Oybek Tursunov hamda Otabek Umarov hamrohlik qilgan.
Shuningdek, Saudiyadagi sammitda ishtirok etish uchun borgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham Umra amalini bajardi va Ka’baga kiritildi. Bu Japarovning Prezident o‘laroq birinchi bor Umra amalini bajarishi. Imomali Rahmonda esa tajriba katta. Umumiy hisobda Tojikiston rahbari 5 marta Umra qilgan. Navbatdagisi bilan qo‘shib hisoblasa 3 marta Ka’baga kirish baxti nasib etgan.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Umra amalini bajarmadi, u Madinaga borib, Masjid an-Nabaviyni ziyorat qilish bilan cheklandi. Markaziy Osiyoning yana bir mamlakati – Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov esa na Makkaga bordi, na Madinani ziyorat qildi. Agar qilgan bo‘lsa ham bu haqda hech qayerda xabar berilmadi.
Sammitga qaytsak. Unda nutq qilgan Shavkat Mirziyoyev mintaqalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirishni taklif etgan. Siyosatdan iqtisodgacha, yashil iqtisodiyotdan raqamlashtirishgacha, ekologiyadan logistikagacha, qator sohalarni qamrab olgan Mirziyoyevning nutqi. Ha, u kutilganidek diniy masalani ko‘tarishni ham unutmadi. Toshkentdagi saylovoldi chiqishlarida Qur’onning yoqilishini qoralagan Mirziyoyev, endi Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida to‘xtaldi. U dunyoni islomofobiyaga qarshi kurashga chorlayotgan bir paytda Stokgolmda yana Qur’on tahqirlandi va musulmon olami yana oyoqqa turdi. O‘zbekiston rahbarining kuyunib gapirishi bejiz emasligi isbotini topdi.
Bu masalaga birozdan keyin to‘xtalamiz. Hozir esa arab mamlakatlariga prezidentlar serqatnov bo‘lib qolgani haqiida gaplashsak. Bu hafta Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga bordi. Lekin Umra ziyoratini qilgani yo‘q. U uch davlatga ham quruq qo‘l bilan bormadi, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga Turkiyada ishlab chiqarilayotgan Togg elektromobilini sovg‘a qildi. Ko‘rfaz mamlakatlariga quruq bormagan Erdo‘g‘an u yerdan ham quruq qaytmadi. Albatta, uchrashuvlarning asosiy qismi yopiq eshiklar ortida o‘tdi, ularda nimalarga kelishilgani ham mavhumligicha qolmoqda. Ammo BAA va Turkiya o‘rtasida 50,7 dollarlik shartnomalar imzolandi.
Japarov o‘z xalqini dangasaga chiqardi
Qirg‘iziston Prezidenti Umra qiladimi, Ka’baga kiradimi, nima qilmasin, baribir odamlarning ko‘nglini ololmayotgandek, ko‘plab qirg‘izistonliklar unda xafa. Prezident bu hafta qovunning kattasini tushirdi. O‘z xalqini dangasa dedi va baloga qoldi.
Japarov 18 iyul kuni Transport vazirligiga yangi maxsus texnikalarni topshirayotganda o‘zi uchun Bishkekda qurilayotgan yangi saroydan so‘z ochdi.
“Sentyabrgacha qurilishni yakunlash rejamiz bor edi, oktyabrda MDH davlatlarining sammiti bo‘ladi. 12 ta Prezident keladi. Ularni hukumatning yangi binosida kutib olishni mo‘ljallayapmiz”, deydi Prezident.
U o‘z nutqida dangasa qirg‘iz ishchilaridan noligan. Japarovning aytishicha, Hukumat uyi binosi qurilishida dastlab 500 nafar qirg‘izistonlik ishchi ishlagan, biroq ular bilan muammolar yuzaga kelgan.
“Ob’ektda 500 ga yaqin qirg‘izistonlik ishchi ishlagan. Ular kuniga 8 soat o‘rniga 5 soat ishladi. Shanba ish kuni bo‘lishiga qaramay, ular kelmaydilar, dushanba kuni esa g‘oyib bo‘lishlari mumkin. Ular ishlagan besh soatning bir soati tushlikka, yana bir soati telefonga, bir soati esa chekish uchun tanaffusga ketgan. Chet elliklar bir kunda tugatadigan ishni biz bir haftada bajara olmaymiz”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
Prezidentning aytishicha, umidsizlik ortidan yangi saroy qurilishiga Dubaydan kelgan 800 nafar ishchini yollashga to‘g‘ri kelgan. Shu gapdan keyin ko‘ring tomoshani, Facebook portladi. Aida Sasibayeva ismli fuqaro e’tiroz bildirib, Prezidentdan qirg‘iz xalqi oldida kechirim so‘rashini talab qildi.
“Sadir Japarov, mening ismim Aida Sasibayeva. Men Qirg‘iziston fuqarosiman. Yaqinda xalqim haqida aytgan gaplaringiz menga yoqmadi. Qirg‘izlarni dangasa dedingiz. Bu mening milliy qadr-qimmatimni kamsitadi va sizdan kechirim so‘rashni talab qilmoqchiman. O‘z e’tirozingiz, bayonotingiz bilan yurtim va xalqim obro‘siga putur yetkazyapsiz. Boshqa mamlakatlarda bunday kamsituvchi tavsif tufayli, biz haqimizda noxush fikr paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bunday zaharli munosabat bolalarga salbiy ta’sir qiladi. Bolalarning o‘zlari, ota-onalari, qarindoshlari va butun xalqi haqidagi tasavvurlarini buzadi”, deyiladi murojaatda.
U agar Prezident uzr so‘rab chiqmasa barcha ijtimoiy tarmoqlarda fleshmob e’lon qilishini aytgan.
“Ish tashlash butun mamlakat bo‘ylab tarqaladi. Tashkilot va korxonalarda ularning talablarini qondirish maqsadida ishlar to‘xtatiladi. Hozircha birgina talabimiz bor – sizdan ommaviy uzr so‘rash. Bu siyosiy yoki mudofaa zarbasi emas. Bu madaniy ish tashlashdir. Aytgancha, ish tashlashning tabiati “Italiya”, “Polsha” va “Misr” deb ataladigan ish tashlashlardan farq qiladi. Bu qirg‘izlarning zarbasi bo‘ladi. Korxona va tashkilotlar xodimlari o‘zlarini aynan siz ta’riflaganingizdek tuta boshlaydi. Ya’ni: ishga 2 soat kechikish, ishdan 1 soat oldin chiqib ketish, juma kuni umuman chiqmaslik va dushanba kuni tushlikkacha qolish. Men ham ushbu aksiyada ishtirok etish niyatidaman. Siz bizni “jalkoo el” (dangasalar) deb atagansiz. Biz mana shunday aniq ish tashlashni tashkil qilish orqali sizlarga “dangasa xalq” nima ekanini ko‘rsatib qo‘yamiz”, deydi murojaatchi.
Hozircha Japarov gaplarini qaytarib olmadi, uzr ham so‘ramadi. O‘zi shundoq ham falon millionga qurilayotgan saroyi va u kiyayotgan qimmatbaho liboslar odamlarning qonini qaynatayotgan paytda Japarovga shu kerakmidi. Ha, bu yil bitmasa o‘sha zormanda saroy keyingi yil bitar...
Turkiya kuchli zilzilaga tayyorgarlik boshladi
Shu desangiz Istanbul shahri menga juda yoqadi. Bir sayyohga kerak bo‘lgan hamma narsa bordek, nazarimda. Taomlari, tili, dini bizga yaqin. Dengizi bor. Eng muhimi shaharda kun kechirish qimmat emas. Yaqinda yana borishni reja qilyapman. Lekin katta ehtimol bilan bekor qilsam kerak. Chunki shu haftada shahar yirik zilzilaga tayyorlanayotgani rasman xabar qilindi. Buni uncha-buncha odam emas, Turkiya Ekologiya va shaharsozlik vaziri Mehmet O‘jaseki aytdi.
“Biz janob Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va Istanbul tumanlarining rahbarlari bilan shaharda yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzila masalasida uchrashib, prinsipial kelishuvga erishdik. Kelasi haftadan ofatga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishni boshlaymiz”, deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Istanbul seysmik faollik bo‘yicha dunyoning eng xavfli o‘nta shahridan biri sanaladi. Shaharda 5 million 800 mingta bino bo‘lsa, ulardan 1,5 millioni xavf zonasida, 600 mingtasi yuqori xavf hududida joylashgan.
12 iyul kuni turkiyalik seysmolog Naji Go‘yurur Marmar dengizi mintaqasida, xususan 16 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Istanbul shahrida 7,2-7,6 balli silkinishlar bo‘lishini bashorat qilgandi. Bu gapga uncha ishonmagan edik. Hukumatning o‘zi taraddud boshlaganidan ko‘rinadiki, mutaxassislarning gapi shunchaki lof emas.
Shvetsiyada islomofobiya avj oldi
Boyaroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev musulmon olamini dunyodagi islomofobiyaga birgalikda qarshi kurashishga chaqirgani va bu chaqiruv g‘oyat muhim davrda yangraganini aytgandik. Mirziyoyev bu so‘zlarni aytgan joriy haftada Shvetsiyada yana Qur’on tahqirlandi.
20 iyul kuni Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya bo‘lib o‘tdi. Unda 37 yoshli iroqlik muhojir Salvan Momika musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepgan va krossovkasini Iroq milliy bayrog‘i hamda taniqli davlat arboblarining suratlari bilan artgan. Bu shaxs bundan 3 hafta avval ham Qur’onni yoqib yuborgan edi.
Qur’onning tahqirlanishi ortidan Iroqda ham namoyishlar avj oldi. Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldiga to‘plangan namoyishchilar diplomatik vakolatxona binosiga bostirib kirib, uni yoqib yuborgan. Bu orada Iroq hukumati Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchisini chiqarib yuborish va respublikaning Stokgolmdagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib olishga qaror qilgan.
Bu voqealar xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, Saudiya Arabistoni Shvetsiya rasmiylarini butun dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlarga qarshi provokatsion harakatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ygani uchun qoralab, mas’uliyatsizlikda aybladi. Shuningdek, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Qur’onni tahqirlash harakati yuzasidan Shvetsiya rasmiylariga nota yuborilishini ma’lum qildi.
AQSH ma’muriyati esa Qur’onning yoqib yuborilishini qoralash o‘rniga, Iroqdagi Shvetsiya elchixonasiga namoyishchilar kirib borganini qoralagan. Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerga ko‘ra, Iroq xavfsizlik kuchlari namoyishchilar Shvetsiya elchixonasiga kirib borishiga tomoshabin bo‘lib turgan, chora ko‘rmagan. Millar Vashington buni nomaqbul deb hisoblashini bildirgan va shvedlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Nyu-Yorkda Islom hamkorlik tashkiloti elchilari guruhi bilan uchrashuvda islomofobiya harakatlarini qoralab, musulmon jamoatchiligi bilan birdam ekanini ma’lum qilgan.
Turkiya esa Stokgolmda Qur’on tahqirlanishini qoralagan. Rasmiy Anqara Shvetsiyadan o‘zining xalqaro majburiyatlari, xususan, BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Yevropa Kengashidagi vazifalari doirasida Islom diniga va milliardlab dindorlarga qarshi nafrat jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishidan umidvorligini bildirgan. Shuningdek, Anqara joriy haftada Qur’onning yoqib yuborilishi bo‘yicha muhim qadam tashladi. Bunga birozdan keyin qaytamiz.
Kanizani haqorat qilgan yigit sud qilindi
Shu o‘rinda kichik e’lonimiz bor: hazil qilib ham xonanda Kanizani haqorat qila ko‘rmang. Oxiri voy bo‘lishi mumkin. Tugayotgan haftada Kanizani Instagram orqali haqorat qilgan qashqadaryolik talaba sudlandi va 6 million 600 ming so‘m jarimaga tortildi. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqildi. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, yigit uni bir oy davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali tinimsiz haqoratlab kelgan.
Talaba Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi va bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida jarimaga tortildi.
“Kompromat ishi” yopiq sudda ko‘riladigan bo‘ldi
Tugayotgan haftada “Kompromat ishi” bo‘yicha sud majlisi o‘z ishini boshladi. Jurnalistlar jarayonga bilvosita guvoh bo‘lish uchun Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudiga yig‘ilganiga qaramay, sudlanuvchilardan sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva va “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyevning sud yopiq ko‘rilishi bo‘yicha talabi qondirilgan.
Video: Navbahor Imomova – Amerika ovozi
Joriy yilning 27 yanvar kuni “Human” axborot portali direktori Xurshid Daliyev va uning jiyani Ahmadullo Ahmadjonov, sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Oliy sudga ko‘ra, “Kompromat uzb” Telegram kanali ishi bo‘yicha jalb qilingan tergovga jalb qilingan Ahmadullo Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 25, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, Siyovush Hoshimov yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda JKning 243-moddasi bilan, Xurshid Daliyev esa xuddi shu moddalar va JKning 184-moddasi 3-qismi bilan, Mavjuda Mirzayeva esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 5 mlrd 138 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Darvoqe, joriy yilning fevralida hibsga olingan bloger Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida kelasi hafta, 25 iyul kuni ko‘rib chiqilishi belgilandi.
U Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Turkiya Qur’onni tahqirlaganlarni hibsga olmoqchi
Yuqorida Turkiya Shvetsiyada Qur’onning yoqib yuborilishiga nisbatan muhim qadam tashlaganini aytgandim. Shu xabarni davom ettirib qo‘ysam. Muhim qadam shundan iboratki, Anqara Bosh prokuraturasi Shvetsiyada Qur’on yoqib yuborilgan namoyishlarning o‘n nafar ishtirokchisini hibsga olishga order berdi.
Ular orasida Daniyaning “Qattiq kelishuv” partiyasi rahbari – joriy yilning 21 yanvar kuni Shvetsiya poytaxtida Qur’onni yoqib yuborgan Rasmus Paludan va o‘tgan bir oy ichida ikki marta Shvetsiyada Qur’onni tahqirlagan iroqlik Salvan Momika bor.
Ularga aholining bir qismi tomonidan qabul qilingan diniy qadriyatlarni omma oldida haqorat qilish ayblovi qo‘yilgan. Tergov doirasida Bosh prokuratura sudga Paludanni ko‘rsatma berish uchun hibsga olish so‘rovi bilan murojaat qilgan. Sud arizani qanoatlantirgan.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan Rossiyada islomofobiya qoralanayotgan, mamlakat Prezidenti Vladimir Putin Qur’onni bag‘riga bosib, Islom diniga hurmat ko‘rsatayotgan bir payttda poytaxt Moskvadagi masjidlarda reyd o‘tkazildi va 21 iyul kuni odamlar bunga qarshi namoyishga chiqdi. Politsiyaning namoyishchilarga qarshilik ko‘rsatgani va ularni qo‘lga olgani haqda ma’lumotlar yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 iyul kuni OMON xodimlari Kotelnik shahridagi masjidga namoz vaqtida bostirib kirgan va namozxonlarga qarata o‘t o‘chiruvchilar purkagichi yordamida suv sepgan. Reyddan maqsad noqonuniy migrantlarni qidirish bo‘lgani aytilmoqda. Voqeadan so‘ng bir guruh fuqarolar Putinga murojaat yo‘llab, noroziligini bildirgan.
Bundan bir hafta o‘tib esa, 14 iyul kuni Moskva viloyatining Jerjinsk shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirish vaji bilan masjidga kelib, ibodatni buzgan. Shuningdek, ular masjid ichiga oyoq kiyimlarini yechmay kirgani ortidan kichik janjal yuzaga kelgan.
Yuqoridagi ikki holatga nisbatan Dog‘iston va Checheniston rahbarlari Sergey Melikov va Ramzan Qodirov munosabat bildirib, masjidlarda uyushtirilgan reydlarni qoralagan.
Jahongir Ulug‘murodovga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldi
Telegramʼdagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmiga nisbatan kelitirilgan apellyatsiya ortidan tugayotgan haftada o‘tkazilgan sudda hum o‘zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Mazkur jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ashirmatov raisligida hamda sudyalar – Berdiqlichev va Usmonovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilgan.
Jahongir Ulug‘murodovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Haftalik tahlilimiz avvalida bejiz eshak huquqlari haqida savolni o‘rtaga tashlamadim. Allaqachon javob topganingiz aniq. Ko‘pchilik birdan eshak huquqlari haqidagi savolimni eshitib, gap nima haqida ketayotganini tushungan bo‘lsa ham kerak. Xullas aytishga tilim ham, betim ham chidamaydi. Keling, shu mavzuni bilganga ochiq, bilmaganga yopiqligicha qoldiraylik yoki bilganlar bilmaganlarga aytib bersin.
Live
Barchasi