Ko‘chaga chiqqan oila sirlari – Hafta tahlili
Tahlil
−
11 may
17699Eshitdingizmi yo yo‘q, o‘zimizning qo‘shni Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng kambag‘al davlat, deb topilibdi. “Global Finance” nashri tomonidan e’lon qilingan dunyoning eng qashshoq mamlakatlari reytingida ro‘yxatdagi 190 davlat ichida O‘zbekiston 67- o‘rinni, Tojikiston 43-o‘rinni egallagan. Qirg‘iziston O‘zbekistondan kambag‘al mamlakat sifatida 48-o‘rinni, Qozog‘iston boy mamlakat sifatida 128-o‘rinni egallagan. E’tiborlisi shundaki, ko‘plab cheklovlar borasida tez-tez tilga tushib turadigan Turkmaniston ham O‘zbekistondan ancha boy mamlakat sifatida e’tirof etilib, 101-o‘rinni band etgan.
Xo‘sh, endi sizga savol bilan yuzlanmoqchiman. Oylik o‘rtacha daromadingiz qancha? Topgan pulingiz yashashingiz, kommunal to‘lovlar, dori-darmonu farzandlarni o‘qitish, kiyinish, shanba-yakshanba kunlari oila bilan tashqariga chiqishga, yana jamg‘arib qo‘yishga yetyaptimi? Javoblaringizni izohlarda kutaman. Biz esa Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonini boshladik.
Ijtimoiy tarmoq kattalarning dard-hasratiga to‘lib ketdi
Bu tomonda marhum hofiz Sherali Jo‘rayevdan otalik huquqi talab qilinsa, boshqa tomonda Alisher Usmonovning jiyan kelini Diyora Usmonova marhum turmush o‘rtog‘ining kaltaklashlariga chidab yashaganini, uning o‘limidan 10 yil o‘tib aytib chiqdi. Qozog‘istonda esa xotinini do‘pposlab o‘ldirgan vazir ustidan sud davom etmoqda. Kamiga Dubaydagi diplomatning rafiqasi ham eridan shikoyat qilib chiqdi. Bularni eshitgan bir tanishim menga “Aka, Diyoraning aytganlarini eshitdingizmi, boy bo‘lsa, hamma narsasi bo‘lgan-ku, shunaqa oilada ham janjal bo‘ladimi”, deydi.
Mendan buni so‘ragan yigit hali yosh, oila qurib, bir piyozning boshini olmagan, hozir ayni romantik hoyu havaslar yoshida. Menam unga hazil bilan “ukajonim, kattalarning muammosi ham katta, mushti ham qattiq, qo‘li ham uzun, albatta, ular ham sizu bizga o‘xshagan odam, er-xotin o‘rtasida janjal chiqishi aniq, faqat janjalni tinchitish yo‘llari har xil”, deb javob qildik, xuddi tepasida tomoshabin bo‘lib turgandek.
Xullas, uzun gapni qisqa qilsam. Xo‘sh, Diyora Usmonova nima degan edi o‘zi?
Bobur Usmonov bilan turmushidan bir qiz farzandi bo‘lgan Diyora Usmonova erining vafotidan 3 yil o‘tib, 2016 yilda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, Rossiya va Turkiyada tilga tushgan tadbirkor Botir Rahimovga turmushga chiqdi va bir o‘g‘il farzand ko‘rdi.
U avvalgi turmushida turmush o‘rtog‘ining kuch ishlatishlari haqida gapirarkan, aytayotganlari bugungi hayotidan mamnunligi ifodasi ekanini sezish qiyin emas.
SSSRning Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qilgan g‘alabasiga 79 yil to‘lishidan ikki kun avval – 7 may kuni 71 yashar Vladimir Putin beshinchi marta Rossiya Prezidentligiga qasamyod qildi va yana 6 yilga taxt boshqaruvida qoldi
Kreml saroyida o‘tgan marosimda Putin qasamyod qilib, “inson va fuqarolarning huquq-erkinliklarini” himoya qilishga va’da berdi.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi diplomatlari marosimda ishtirok etishdan bosh tortgan.
Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin saylovda 87,28 foiz ovoz olgan.
Rossiya muxolifati, jumladan, koloniyada vafot etgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya hamda siyosatchi va jurnalist Vladimir Kara-Murza 2024 yilgi Rossiya Prezidenti saylovi natijalarini tan olmaslikka chaqirgan. Yevropa parlamenti “Rossiyadagi prezidentlik saylovlari”ning noqonuniyligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani qabul qilgan.
Inauguratsiya marosimidan so‘ng Putin ushbu lavozimda yana olti yil, 2030 yilning mayigacha faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ldi. Bu bilan Putin Rossiyani Ivan Grozniy va Yekaterina II dan keyin eng uzoq vaqt boshqargan hukmdorga aylanadi.
Toshkentda talaba yigit Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasini yoqib yuborishga urindi
Mazkur holat joriy yilning 19 aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilganiga qaramay, bu haqdagi ma’lumotlar shu haftaga kelib ochiqlandi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi bo‘lgan yigit 2023 yilning 19 oktyabr kuni, ya’ni Isroilning G‘azo sektoridagi qirg‘ini boshlanganidan 12 kun o‘tib Isroilning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yubormoqchi bo‘lgan.
U o‘sha kuni soat 4:30 lar atrofida o‘z maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga kerosin solingan shisha idish, gantel, ikki quti gugurt va mato bo‘laklarini joylab, velosipedda elchixona yoniga kelib to‘xtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIB xodimlarining e’tiborini tortgan.
Xodimlar yigitdan to‘xtashni so‘ragan, u esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, to‘xtatgan va IIB binosi yoniga olib borgan hamda yelkasidagi sumkani ochib ko‘rsatishni so‘ragan. Talaba yigit shunda ham o‘z maqsadiga yetishish uchun IIB xodimlarini chalg‘itib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gantel toshini qo‘liga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlagan. Bu orada u qo‘lidagi shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirgan.
Yigit sudda bergan ko‘rsatmasida 2023 yil oktyabr oyining o‘rtalarida G‘azo sektorida Isroil va Falastin o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolarni ko‘ra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon ko‘rib qolganini, o‘ch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi yigitni Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Dastur avvalida qozog‘istonlik diplomatning rafiqasi eridan shikoyat qilib chiqqanini aytgan edik. Shu masalaga batafsilroq to‘xtalish fursati keldi
Qozog‘istonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi maslahatchisi Saken Mamash xotinini muntazam kaltaklab kelgan va shu yilning 5 may kuni xotinining singlisiga nisbatan ham kuch ishlatgan. Bu haqda do‘pposlanib, yuziyu ko‘zi momataloq bo‘lib ketgan Karina Mamash videomurojaat qilib chiqdi.
Videomurojaatdan so‘ng, ayol Dubaydan vataniga qaytarildi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikka uchragan Karina Mamashning mamlakatga qaytishini tashkil qilgan.
“NeMolchiKZ” fondining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda muttasil davom etgan zo‘ravonlik uchun diplomat Saken Mamashni javobgarlikka tortish hamda Karinaning bolalari bilan yashash joyini aniqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Putinning inauguratsiyasiga hech bir davlat rahbari kelmagan bo‘lsa-da, qasamyoddan ikki kun o‘tib, 9 may kuni Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Gvineya-Bisau, Laos va Kuba Prezidentlari Qizil maydonda o‘tadigan harbiy paradni tomosha qilish uchun Moskvaga to‘plandi.
Rossiyaga tashrif bahonasida Yevrosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda nutq qilgan Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan Vladimir Putin nomiga yo‘llangan qutlovlar va ezgu tilaklarga qo‘shilishini bildirdi. Shuningdek, u majlisda ishtirok etgan barcha yetakchilarni muhim sana – fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G‘alabaning 79 yilligi hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etilganining o‘n yilligi bilan qutlagan.
Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston Prezidentlari o‘rtasida alohida uchrashuv ham bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatidan xabar qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Kremlda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi alohida uchrashuv aks etgan videotasvirda Putin O‘zbekistondan meva va sabzavotlar kutayotganini aytgan.
Yana halokat. Yana o‘lim va yana Tojikiston fuqarosi.
Hozircha bu masalani qo‘ya turaylik, yaxshisi Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning har gap boshini o‘z xalqini himoya qilishdan boshlayotganiga e’tibor qaratsak.
Putinning taklifiga binoan Rossiyaga borgan Imomali Rahmonga Federatsiya Prezidenti bilan yakkama-yakka gaplashish baxti nasib etdi. U Putinga “Krokus Siti Holl”da sodir bo‘lgan terakt o‘z mamlakati obro‘siga jiddiy putur yetkazganini aytdi.
U o‘zini Putinga oqlay ketdi va ikki mamlakat razvedka xizmatlari o‘tgan yillarda yaxshi ishlaganiga qaramay, “Krokus Siti Holl”dagi fojia yuz berganiga diqqat qaratdi. Rahmonning aytishicha, Tojikiston 30 yildan ortiq terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib keladi va bu muammoni bevosita biladi.
“Tojiklar uzoq tarix, madaniyat va sivilizatsiyaga ega qadimiy xalqdir. Bo‘lib o‘tgan voqeani, albatta, biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bu esa xalqimizning qiyofasiga, tarixiga, madaniyatiga, urf-odatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Biz bu borada siz bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Rahmon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dushmanlar davlatlar o‘rtasida janjal chiqarishni xohlashiga qaramay, Rossiya Tojikiston uchun strategik hamkor va ittifoqchi.
Bundan tashqari, Rahmon Vladimir Putinni mehnat muhojirlari masalasini muhokama qilishga taklif qilib, bu mavzuni nozik deb atagan. Albatta nozik, chunki Rossiyada faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyolik migrantlarning asosiy qismini tojiklar tashkil qiladi.
Imomali Rahmon Putindan tojikistonliklarga nisbatan munosabat o‘zgarmasligini so‘rab ortiga qaytib ketganidan bir kun o‘tib, yana fojiali hodisa ro‘y berdi. Sankt-Peterburg markazida 20 ga yaqin yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus daryoga tushib ketdi. Rulda esa Tojikiston fuqarosi bo‘lgan.
Hodisa oqibatida 7 kishi vafot etgan. Politsiya Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264-moddasi 5-qismi bilan ish qo‘zg‘atdi. Haydovchi gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Agar aybdor deb topilsa, yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Joriy yilning may oyi boshida “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha 2024 yilgi yangi reytingda 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi
Bu O‘zbekiston 2023 yilgi reytingdagi o‘rnidan 11 pog‘ona pastlaganini anglatadi. Bugungacha rasmiy Toshkent reytingda O‘zbekistonning o‘rni pastlashiga munosabat bildirmay kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari Komil Allamjonov nihoyat reytingda mamlakatning o‘rni pasayishiga munosabat bildirdi.
“Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi, deb o‘ylayman”, deb yozdi Komil Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.
10 may kuni Allamjonov nodavlat telekanallar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda so‘z erkinligi, milliy kontent va bolalar uchun sifatli media mahsulotlarni yaratish masalalari muhokama qilingan. Amaldorning qayd etishicha, Prezident Mirziyoyevning matbuot va so‘z erkinligi borasidagi pozitsiyasi qat’iy. Uchrashuvda ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishish qiyinligi urg‘ulangan.
“Rivojlanish hech qachon silliq bo‘lmaydi. O‘yin qoidasi aniq-ravshan va hamma uchun teng bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi. So‘z erkinligi – bu barchaning huquqi. Matbuotning ham, unda aks ettirilayotgan shaxslarning ham. Shu muvozanatni ushlash muhim. Demak, ortga yo‘l yo‘q – bu aniq. Faqat oldinga. Oldinga – huquq, me’yor va qonun doirasida, oldinga”, deb yozgan Allamjonov.
U so‘zida davom etarkan, hali yana ko‘p muammolar bo‘lishi mumkinligini ham aytib, buni tabiiy jarayon deb atagan.
“Lekin bu muammolar biz boshlagan islohotlarga soya solmasligi kerak. Chunki bugungi davrda matbuot – nafaqat ko‘zgu, balki mudofaa, xavfsizlik masalasi darajasidagi institutdir”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkilotining hisobotida O‘zbekiston to‘q qizil rangda tasvirlangan, ya’ni matbuot va so‘z erkinligi “juda jiddiy” holatdagi davlatlar qatoridan o‘rin olgan. Hisobotda 2024 yildan bugungi kunga qadar 4 nafar jurnalist hibsga olingani keltirilgan. Rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni hali amalga oshirmagan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan.
Shuningdek, tashkilot dunyodagi vaziyatga ham baho berib o‘tgan. Bildirilishicha, Xalqaro miqyosda bu yil jurnalistlarni himoya qilish tamoyillarini, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining 2222-rezolyutsiyasini amalga oshirishda xalqaro hamjamiyat tomonidan siyosiy iroda yo‘qligi bilan ajralib turadi. G‘azodagi urush 2023 yil oktyabr oyidan beri jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan rekord darajadagi qonunbuzarliklar bilan qayd etilgan.
100 dan ortiq falastinlik muxbirlar Isroil mudofaa kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, qotilliklarning kamida 22 nafari ish paytida sodir bo‘lgan.
Abituriyentlarga aytar gapimiz ko‘p. Bu kunni, bu haftani yodingizdan chiqarmang! O‘zbekiston Oliy ta’limida o‘zgarishlar katta
Hukumatning fikricha, hozirgi OTMlarga qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni, yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.
Endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga berilmay, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Ya’ni, Oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan, ammo kelgusida yaxshi o‘qimagan talabadan davlat granti olib qo‘yilib, bilimli talabalarga beriladi.
Shuningdek, davlat granti asosida o‘qigan talabalarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinyapti.
Davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shakliga bo‘linadi. Ta’lim granti talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi. O‘z navbatida, byudjetda o‘qigan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor bo‘ladi. Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant esa maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi.
Magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikat talabiga o‘zgartirish kiritildi. O‘zbekistonda ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi.
Soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikat talabi bir pog‘ona – B1 darajasiga tushiriladi.
Sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida S1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanadi.
Rossiya 6 may kuni Ukrainaning ittifoqdoshlarini ogohlantirib, yadro quroli bo‘yicha mashg‘ulotlarni e’lon qildi
Federatsiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar G‘arbning ayrim rasmiylarining Rossiya Federatsiyasiga nisbatan provokatsion bayonotlari va tahdidlariga javobdir.
Qayd etish joizki, Rossiya strategik yadroviy kuchlari muntazam ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazib tursa-da, bu taktik yadroviy qurollar bo‘yicha mashg‘ulotlarning birinchi marta ochiq e’lon qilinishidir. Bu e’lon Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilariga ikki yildan ortiq davom etgan urushga yanada chuqurroq aralashish haqida ogohlantirish bo‘ldi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘tgan hafta Ukrainaga qo‘shin yuborishni istisno qilmasligini takrorladi, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron esa Kiyev kuchlari Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali qurollaridan foydalanishi mumkinligini aytdi.
Kreml bu izohlarni xavfli, Rossiya va NATO o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytiruvchi, deya baholadi. Urush allaqachon Moskva va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy taranglik keltirgan.
Mashg‘ulotlar “strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlarning jangovar vazifalarni bajarishga tayyorligini oshirish” uchun mo‘ljallangan va Prezident Vladimir Putinning buyrug‘i bilan o‘tkazilmoqda.
Rossiyadagi ushbu tayyorgarliklar fonida Belarus Rossiya bilan sinxronlashtirilgan, taktik yadroviy qurol tashuvchilardan foydalangan holda kutilmagan tekshiruv o‘tkazishini e’lon qildi.
Lukashenkoning dunyoga berayotgan mesejiga ko‘ra, yadro qurollari "to‘xtatuvchi va mudofaa quroli" bo‘lib, "hech kim ular bilan biror davlatga hujum qilmoqchi emas".
U taktik yadroviy qurol tashuvchilarining tezkor tekshiruvi mudofaa xususiyatiga ega ekanligini aytgan.
“Ayni vaziyatni olovlantirayotgan narsa – boshqa mamlakatlar xavfsizligiga zarar yetkazadigan harbiy bloklar va ittifoqlarning kengayishidir. Men yaqin va uzoq xorij xalqlariga murojaat qilaman: aqldan ozgan siyosatchilarni to‘xtating, ularning sayyoramizni kulga aylantirishiga imkon bermang. Dunyo tobora yadroviy urush ostonasiga yaqinlashmoqda”, degan u.
Yil boshidan buyon xorijda ishlab kelgan 115 ming mehnat muhojiri O‘zbekistonga qaytdi
Bu degani shuncha odamning oilasida daromad kamaydi. Ayrimlarning ro‘zg‘oridagi kemtik katta teshikka, g‘ovakka aylandi. Yil oxirigacha yana 250-300 ming kishi O‘zbekistonga qaytib kelishi mumkin. Xo‘sh, ularga bu yerda ish, qora qozonini qaynatishga yumush bormi? Menda bu savolga javob yo‘q. Gap avvalida daromadingiz haqida so‘ragandim. Xo‘sh, bizni ko‘rayotganlar orasida qaytgan yo qaytayotgan migrantlar bormi? O‘zbekistonda ish topdingizmi yoki qaytsangiz ish topishga ko‘zingiz yetyaptimi? Qaytgach, nima qilmoqchisiz? Bular haqida ham, albatta, izohlarda yozing. Kelgusi dasturda ko‘rishguncha, salomat bo‘ling.
LiveBarchasi