6 yilga qamalgan Salimboy, terror qurshagan Rossiya, jinoyatda ayblanayotgan logoped, Karimovning “zapret” videosi – Hafta tahlili
Tahlil
−
23 mart
13931Rossiyada Putinning saylovdagi navbatdagi g‘alabasi ortidan dahshatli terakt sodir etildi. Turkiyada taniqli oshpaz va ijtimoiy tarmoq fenomeni Nusretning restoraniga hujum uyushtirildi. G‘azoda halok bo‘lgan bolalar 14 mingdan ortdi. O‘zbekistonda esa 7 yashar qizni ammasi vahshiylarcha o‘ldirdi. Shu va boshqa qator muhim voqealar tahlili bilan kameralar qarshisida Qamariddin Shayxov va biz boshladik.
Dasturimizni Moskvadagi ko‘pchilikni larzaga keltirgan teraktdan boshlasak. 22 mart kuni kechki soatlarda Moskvadagi “Krokus Siti Holl” konsert majmuasida qurollangan shaxslar majmuadagilar va tomoshabinlarga qarata o‘q uza boshladi.
Hujum oqibatida binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi, atrofni quyuq tutun qopladi. Hujum qurollangan uch kishi tomonidan amalga oshirilgani xabar qilindi.
Ayni vaqtgacha qurbonlar soni 70 dan oshdi va ko‘payishda davom etmoqda. Rossiya tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Bir necha kun avval saylovdagi g‘alabasini nishonlab, ko‘plab davlatlar rahbarlaridan tabriklarni qabul qilgan Prezident Vladimir Putinga bu gal ta’ziyalar yo‘llandi. Xususan hamdardlik bildirganlar orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Mirziyoyev yo‘llagan ta’ziyanomada O‘zbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qat’iy qoralashi bildirilgan.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasidan ma’lum qilinishicha, qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar aniqlanmagan.
O‘zbekiston rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
“Reuters”, “The New York Times”, “Al Arabiya” kabi ommaviy axborot vositalari “Krokus Siti Holl”dagi teraktni ISHID terrorchilik guruhi uyushtirganini aytib chiqdi. Biroq, bu ma’lumotlar tasdiqlanganicha yo‘q.
Yer tagida ilon qimirlasa biladigan Amerika esa ushbu terakt sodir etilishini ham avvaldan bashorat qilgan bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, AQSHning Moskvadagi elchixonasi joriy yilning 7 mart kuni murojaat bilan chiqib, unda ekstremistlar Moskvada aholining yirik yig‘inlarini, jumladan, konsertlarni nishonga olishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarni kuzatayotganini qayd etib, AQSH fuqarolariga keyingi 48 soat ichida katta yig‘ilishlarda ishtirok etmaslikni tavsiya qilgan. Shuningdek, Amerika razvedkasi Rossiyani “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik guruhi Rossiya hududida teraktlar uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgan.
Ukraina esa teraktga aloqasi yo‘qligini aytib chiqdi. Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning maxsus videomurojaatida aytilishicha, Ukraina hech qachon terroristik urush usullaridan foydalanmagan. U so‘zida Rossiyaning mavjud hukumati o‘z fuqarolariga qarshi ma’lum teraktlar qo‘llagan ko‘plab holatlar tarixda sodir bo‘lganini aytib, galdagi teraktni Hukumatning o‘zi uyushtirgan bo‘lishi mumkinligiga shama qildi.
Podolyak ushbu teraktdan ancha oldin, ya’ni 9 mart kuni Rossiyadagi xorijiy davlatlarning diplomatik vakillari teraktlar sodir etilishi ehtimoli haqida ogohlantirilganiga ham e’tibor qaratgan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Moskvada sodir etilgan teraktni keskin qoraladi va agar terakt ortida Kiyevning qo‘li bor bo‘lsa, o‘sha qo‘lni kesishini bildirdi.
“Ularning barchasi topilib, terrorchilar sifatida shafqatsizlarcha yo‘q qilinishi kerak. Jumladan, bunday vahshiylikka yo‘l qo‘ygan davlat amaldorlari ham. O‘lim uchun faqat o‘lim”, deydi Medvedev.
Gap boshi Putin bilan boshlangan ekan shu bahonada unga oid yana xabarni aytib ketsam. Rossiyada o‘tkazilayotgan Prezident saylovidan olamshumul natija kutilmayotgan bo‘lsa-da, galdagi saylov ham sinchkov bilan kuzatildi. Va oxir-oqibat kutilganidek Vladimir Putin yana bir bor mamlakat Prezidenti lavozimini egalladi.
U 87,3 foiz ovoz oldi. Qolganlar uch nomzodning ovozlari loaqal 5 foizga yetgani yo‘q.
Putinni birinchilardan bo‘lib Boliviya, Venesuela, Nikaragua, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston, Tojikiston kabi davlatlar rahbarlari tabriklagan bo‘lsa, G‘arb davlatlari saylovni adolatsiz deb atadi.
Jumladan, Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Sharl Mishel X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq istehzoli bayonot e’lon qildi. U Rossiyada saylov boshlanmasidanoq Putinni “ishonchli g‘alaba”si bilan tabrikladi.
Germaniya hukumati esa ovoz berishni senzura, repressiya va zo‘ravonlikka asoslangan avtoritar hukmdor davridagi soxta saylov deb atadi. Germaniya Prezidenti Frank-Valter
Shtaynmayer Putinni tabriklamoqchi emasligini va unga xat jo‘natilmasligini ma’lum qilgan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada erkin, plyuralistik va demokratik saylovlar uchun shartlar yana bir bor bajarilmaganini ta’kidlab, saylov hech qanday xolis xalqaro kuzatuvsiz o‘tganini qayd etdi.
“Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini qonuniy, erkin va adolatli deb hisoblash mumkin emas. Ovoz berish aholiga nisbatan qattiq repressiya sharoitida o‘tdi, bu esa erkin demokratik tanlovni imkonsiz qildi”, deyiladi Polsha Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron ham Rossiyadagi saylovlarga o‘z munosabatini bildirdi.
“Putin o‘zining siyosiy raqiblarini yo‘q qiladi, ommaviy axborot vositalarini nazorat qiladi va keyin o‘zini g‘olib deb e’lon qiladi. Bu – demokratiya emas”, deydi u.
Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis ham Rossiyadagi saylovlarni demokratik iroda ifodasi deb hisoblash mumkin emasligini aytib, natijalarni tan olmasligini ta’kidladi.
AQSH ma’muriyati esa Putin siyosiy raqiblarini qamoqqa tashlagani va boshqalarning saylovda qatnashishiga to‘sqinlik qilganini inobatga olishga chaqirib, bu saylov ochiq ham, adolatli ham bo‘lmaganini urg‘uladi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Oq uy bayonotini izohlar ekan, bu tinglashga arzimaydigan fikr ekanini aytgan.
“Dunyodagi hamma tushunadi, bu shaxs tarixda tez-tez sodir bo‘lganidek, shunchaki hokimiyatga “kasal” bo‘lib, hukmronlik qilish uchun hamma narsani qiladi”, dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.
21 mart kuni tonggi soat 05:00 atrofida dunyoga mashhur restoranlar tarmog‘i egasi turkiyalik Nusret Go‘kchening Istanbuldagi restoraniga qurolli hujum uyushtirildi.
Huquq-tartibot organlarining bildirishicha, Nusretning Beshiktosh tumanidagi restoranida otishma yuz bergan. Mototsiklda kelgan ikki kishi yemakxonaga hujum qilib, voqea joyidan yashiringan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida hududdan 11 dona bo‘sh patron topilgan. Qorovul hujum sodir bo‘lgan zahoti politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Faqatgina restoran zarar ko‘rgan. Ayni paytda xavfsizlik kameralari yozuvlari tekshirilib, chaqirilmagan mehmonlarning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Aniqlanishicha, ushbu hujumdan oldin xuddi shu restoranda avtomobillar turargohi xodimlari va mototsiklga hujum qilganlar o‘rtasida mojaro chiqqan. Ushbu hodisaga aloqadorlar va gumondorlar qo‘lga olinib, qamoqqa olingani bildirildi.
16 mart kuni o‘zbekistonlik 43 yoshli Durdona Sultonova AQSHning Pensilvaniya shtatida joylashgan Montgomeri okrugidagi uyida sobiq eri tomonidan o‘ldirildi.
Sultonovaning 44 yoshli Al Allaberg ismli sobiq turmush o‘rtog‘i ayolning xonadoniga bostirib borgan va uning ko‘krak qafasiga bir necha marta o‘q uzgan. Sobiq xotinining o‘lganiga ishonch hosil qilgan Allaberg o‘zining boshiga o‘q otib, joniga qasd qilgan.
Rasmiylar 17 mart kuni Quyi Morelend shaharchasida qotillik va o‘z joniga qasd qilish holati sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Rasmiy bayonotda ayolning o‘limi qotillik, erkakniki esa o‘z joniga qasd qilish sifatida keltirilgan. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Politsiyaga 17 mart kuni 911 raqami orqali ikki nafar voyaga yetmagan bolalar qo‘ng‘iroq qilgan. Ular soat 16:38 lar atrofida jinoyat sodir etilgan xonadonga yetib borgan. Jasadlar uyning yotoqxonasidan topilgan. Bildirilishicha, 12 va 10 yashar bolalar marhum er-xotinning farzandlari bo‘lgan. Ayni damda ular xolasining qaramog‘ida ekani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Durdona Sultonova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti bitiruvchisi bo‘lib, magistraturani Yaponiyada o‘qigan. Keyin esa AQSHga ko‘chib o‘tgan. Uning eri ham JIDU bitiruvchisi bo‘lgan.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirdi.
Bekobod tumani Zafar shaharchasida yashovchi er-xotin ikki nafar qizini Bo‘ka tumanida yashovchi singlisi qaramog‘iga ishonib topshirgan va Rossiyaga ishlagani ketgan. Ota-onasi xorijda ishlab yurganda, bolalar har kuni kaltak yeb, ammasi tarafidan zulm ko‘rgan.
Joriy yilning 12 mart kuni soat 01:00 da vasiylikka ishonib berilgan ayol qarindoshlarining kichik qizi, 2017 yilda tug‘ilgan qizning dars tayyorlamagani va yolg‘on gapirganini vaj qilib, o‘zini qizning mazkur xatti-harakatlari uchun go‘yoki jazolayotgandek ko‘rsatib, o‘ta shafqatsizlik bilan uning tanasining turli joylariga qo‘llari va yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan 12 mart kuni Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 13 mart kuni ayolga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Oradan ikki kun o‘tib, 15 mart kuni tuman markaziy tibbiy birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, qizaloq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Bolaning ota-onasi janozaga ham yetib kelolmagan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda logoped Dilorom Jabborovaning duduqlanishdan aziyat chekayotgan bolani so‘kinish orqali hamda qo‘rqitish usulida “davolayotgani” aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, holat yuzasidan Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangandi.Endilikda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bildirilishicha, Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limi olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan nazorat doirasida o‘rganilib, ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida, Jabborovaning harakatlarida aldash va odamlarni ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan va joriy yilning 27 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani logoped Dilorom Jabborovaning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun so‘rov kiritgan. Shu asosda malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh o‘tkazgan o‘rganish natijasida Jabborovaning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, uning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan.
Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini bildirgan.
Buxoro viloyati Kogon tumanida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi.
Hodisa bugun, 18 mart kuni soat 10:30 lar atrofida Buxoro viloyatining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi A-380b avtomobil yo‘lining 32-kilometri hamda 4R-69 avtomobil yo‘lining 6-kilometri kesishgan chorrahada sodir bo‘lgan.
1991 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan avtobus hamda 1984 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomobili to‘qnashib ketgan.
YTH oqibatida ikki nafar avtobus yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.
Hodisa ortidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, darhol tergovga kirishilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
16 mart kuni Samarqandning Bog‘ishamol dahasidagi Ozod Sharq ko‘chasida 13 yashar bola Damas avtomobiliga oyog‘idan kishanlangan holda topildi. U huquqni muhofaza qilish organining sobiq xodimi tomonidan bandi qilingan. Bolani bu holatda ko‘rgan atrofdagilar Ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qilgan. Xodimlar zo‘ravon shaxsning sobiq Ichki ishlar xodimi ekanini bilgach, atrofdagilarga bu holatning zo‘ravonlik bo‘lmagani haqidagi dalolatnomaga qo‘l qo‘ydirib olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda tug‘ilgan Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”da tahsil oluvchi 6-sinf o‘quvchisining vasiylari mazkur maktab o‘qituvchisini chaqirgan. Qizig‘i, ular o‘qituvchidan bolani xulqi og‘irligi tufayli Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi”ga olib borishni so‘ragan. O‘qituvchi ekani aytilgan shaxs huquqni muhofaza qilish organining sobiq xodimi bo‘lgan.
Maktab o‘qituvchisi, ya’ni o‘sha sobiq Ichki ishlar xodimi go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin, degan vaj bilan bolani avtomobilning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygani aniqlangan.
“Bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqiga ziddir”, deydi Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.
Hozirda bolaga tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Darvoqe, bu holatga Bolalar ombudsmanidan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
“Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi, barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatamiz. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman”, deydi Mirziyoyeva.
1991 yil Namangan. O‘shanda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va O‘zbekiston Islomiy Harakati terrorchilik tashkiloti rahbari Tohir Yo‘ldosh o‘rtasida hokimlik binosida kechgan suhbatdan ko‘pchilikning xabari bor. Bundan 33 yil sodir bo‘lgan ushbu voqeaning internetda videosi mavjud. Hatto, davlat televideniyesi tomonidan efirga uzatilgan hujjatli filmlar, xususan Prezident Karimov vafotiga oid xotira dasturlaridan ham o‘sha voqealar kadrlari o‘rin olgan.
Endilikda ushbu video sudga oid dinshunoslik ekspertizasining 2023 yil 17 oktyabrdagi xulosasiga ko‘ra, ekstremistik va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalovchi materiallar qatoriga kiritildi.
Oradan 33 yil vaqt o‘tishiga qaramay, bugun mazkur videoni kimgadir yuborgan shaxs konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilgan hisoblanadi.
“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, ayni paytda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani "Chirchiq" mahallasi Shodon ko‘chasida yashovchi fuqaro shu video havolasini otasiga ulashgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanmoqda.
Gumonlanuvchi o‘tgan yilning sentyabr oyida otasiga Karimov va Tohir Yo‘ldosh ishtirokidagi videoni jo‘natgani uchun qo‘lga olingan. Sud-teologik ekspertizasi ham ushbu videoni “ekstremistik” xususiyatga ega deb topgan.
Ekspertlarning fikricha, 2009 yilda o‘ldirilgan Tohir Yo‘ldoshni 2016 yilda Oliy sud ekstremistlar ro‘yxatiga kiritgan. Shu bois ham uning nutqi yoki surati tushirilgan har qanday materiallar amaldagi davlat tuzumiga tajovuz sifatida baholanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati tugayotgan haftada O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasida ikkita yashirin yerosti yo‘lini aniqladi va ular orqali tovar-moddiy boyliklarni mamlakatga olib o‘tish bilan shug‘ullangan ikki davlat fuqarolaridan iborat transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatini fosh qildi.
DXXning Andijon viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Xonobod shahrining Alisher Navoiy MFY hududini Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi 2 ta yashirin yerosti yo‘li aniqlangan.
Dastlab Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga 16 ta qopda jami 813 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, mamlakatdan esa 1 kg 745 gramm oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahridagi boshqa sheriklari aniqlangan. Jinoiy sheriklarga tegishli 10 ta manzil ko‘zdan kechirilganida, u yerda mazkur yerosti yo‘laklari orqali olib o‘tilgan mobil telefon apparatlari, planshet, noutbuk va ularning aksessuarlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ma’lum qilinishicha, har ikki yerosti yo‘li 20 metr chuqurlikda joylashgan, kengligi 70-80 santimetrni, balandligi 170-180 sm, birinchisining uzunligi 350 metrni, ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qiladi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xalq orasida "Salimboyvachcha" nomi bilan mashhur Salim Abduvaliyev 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida bo‘lib o‘tgan yopiq sud majlisida Salim Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi JKning 248-moddasi 2-bandi bilan (noqonuniy qurol-yarog‘ saqlash) aybdor deb topilgan. Sud ishi yuzasidan apellyatsiya shikoyati yuborilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev (“Salimboyvachcha”) O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha noyabr oyida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgan.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga ko‘ra, Salim Abduvaliyevning noqonuniy qurol saqlayotgani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.
Isroil armiyasining G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri davom etgan zarbalari oqibatida qurbon bo‘layotgan falastinlik bolalar soni tugayotgan haftada 14 mingga yetdi. 27 bola to‘yib ovqatlanmaslik va suvsizlik tufayli vafot etgan va ular orasida ikki oylik chaqaloq Muhammad ham bor. 17 ming bola ota-onasidan ayrilgan. Kamida 1,1 million kishi oziq-ovqat zaxiralarini tugatgan va halokatli ocharchilik xavfi ostida qolgan.
Ayni kunlarda esa ko‘pchiligimiz saharlikka va iftorlikka nima yeyish, qanday tansiq taom bilan o‘zimizni siylash haqida bosh qotirish bilan ovoramiz. Yo‘q, ta’na qilmayapman, topganingiz sizniki, istaganingizcha yeng, shunchaki, shukrni unutib qo‘yganingizni yodga solay dedim. Salomat bo‘ling!
LiveBarchasi