Jahon chempioni bo‘lgan Madrimov, “Zeromax” kasriga qolgan “Bunyodkor” – Sport dayjesti

Tahlil

O‘zbekistondagi minglab yoshlar Instagram platformasida, Nexia-2 “legenda” deb, ma’no va mazmuni tushunarsiz izohlarni yozib, vaqtini behuda sarflayotgan bir paytda bolaligidan sportning ma’lum bir yo‘nalishini mahkam tutib, tinimsiz mehnat qilayotganlar allaqachon jahonda o‘z o‘rnini topib ulgurdi. Jumladan, o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov o‘z vaznida WBA yo‘nalishida jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 19 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida peshqadam bo‘lish sari dadil qadam tashlamoqda. Ko‘rayotganigiz QALAMPIR.UZ va sport dayjesti. Biz boshladik.

Isroil Madrimov professional boksning WBA yo‘nalishida jahon chempioni bo‘ldi

8 mart kuni super yarim o‘rta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) kamari uchun rossiyalik Magomed Qurbonovga qarshi jang qildi.

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi "Kingdom Arena" majmuasida tashkil etilgan boks oqshomida Isroil Madrimov raqibini texnik nokautga uchratdi. 12 raundga belgilangan jangning 5 raundida o‘zbekistonlik bokschining ketma-ket zarbalaridan so‘ng referi bahsni to‘xtatdi va texnik nokaut qayd etdi.

Isroil Madrimov chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Bu uning faoliyatidagi 10-jangida 9-g‘alabasi bo‘ldi.

Abdusattorov xalqaro turnirda g‘olib bo‘lib, dunyo reytingida 4-o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Chexiya poytaxti Praga shahri mezbonlik qilgan “Prague Masters 2024” turnirida musobaqa tugashiga 1 tur qolganda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

8-turdagi eronlik Parxam Magsudlu taslim etilgan o‘yinda Nodirbek farzinni qurbon qilib juda chiroyli g‘alabaga erishdi va muddatidan avval turnir g‘olibi bo‘ldi. Hozirgi vaqtga kelib Abdusattorov 7 ta imkoniyatdan 6 ochko jamg‘argan.

Magsudlu ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng 19 yoshli Abdusattorov live reyting bo‘yicha amaldagi jahon chempioni xitoylik Ding Lirenni ortda qoldirdi va 2765.5 reyting bilan 4-o‘ringa ko‘tarildi.

Qayd etish joiz, Abdusattorov mazkur shaxmat festivalining oltinchi chempioni hisoblanadi. Chexiya poytaxtidagi muvaffaqiyat uni Nikita Vitiugov, Alirizo Firuzja, Sem Shankland, Pentala Xarikrishna va Rey Robsonlar safiga qo‘shdi.

Italiyada 3 qilichboz o‘zbekistonlik sportchi qizni zo‘rlaganlikda ayblanmoqda

Ortda qolayotgan haftada italiyalik uch qilichboz o‘zbekistonlik 17 yoshli sportchi qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar tarqaldi.

Qayd etilishicha, mazkur voqea o‘tgan yilning avgust oyida sodir bo‘lgan. Biroq Siyena politsiyasi ish bo‘yicha tergovni boshlaganidan keyingina u haqdagi ba’zi ma’lumotlar ommaga ochiqlandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Toskana viloyatidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida uch italiyalik o‘zbekistonlik qizni zo‘rlagan.

Ayblanuvchilarning ikki nafari hozirda tergov qilinmoqda, uchinchisi esa voyaga yetmagan bola ekani aniqlangan.

Ayblovlarning jiddiyligiga qaramay, Siyena prokuraturasi darhol tergovni boshlamagan. Bu esa yirik xalqaro janjalga sabab bo‘ldi.

Ish avj ola boshlagach, Italiya qilichbozlik federatsiyasi tergov bilan hamkorlik qilishini va ish sudgacha borgan taqdirda, fuqaroviy da’vogar sifatida chiqishga tayyorligini e’lon qildi.

Jabrlangan qilichboz qizning yuridik vakili ayblanayotgan sportchilarga nisbatan chora ko‘rilmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini va uchalasiga ham hech qanday sanksiya yoki musobaqa faoliyatidan chetlatilmaganini ta’kidlagan.

Gumonlanuvchilar va qizning ismi oshkor etilmagan.

Biroq mazkur xabar chiqishidan biroz o‘tib O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi ushbu xabarlarni rad etdi.

“O‘zbekiston Qilichbozlik federatsiyasi Italiyada o‘zbekistonlik qilichboz bilan bog‘liq voqea haqidagi asossiz ma’lumotni rad etadi. 2023 yil 4-5 avgust kunlari qilichbozlik bo‘yicha Milliy terma jamoa a’zolari (uch turdagi qurollar bo‘yicha) hech qanday xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga bormaganini to‘liq mas’uliyat bilan bildiradi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, 2023 yilning 28 iyulidan 5 avgust kuniga qadar asosiy jamoa tarkibi Jahon Universiadasida ishtirok etish uchun Xitoyning Vusi shahriga uchib ketgan.

Ishtirok etmagan sportchilarning qolganlari esa o‘z uylarida oilalari bilan bo‘lgan.

“Qilichbozlik federatsiyasi rahbariyati tomonidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylari hamda federatsiya mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida yuqoridagi xabardagi ma’lumotlar muhokama qilindi va federatsiyaning fikricha, bunday urinish kuchli sportchilarga qaratilgan eng keng tarqalgan ig‘volardan biridir. Bu ayni damda dunyoda yetakchi o‘rinni egallab turgan va kimgadir yoqmayotgan o‘zbek qilichbozlarimiz uchun qandaydir provokatsiya bo‘lishi ham mumkin”, deyiladi munosabatda.

“Bunyodkor” Rivaldo va Denilson ishi bo‘yicha Shveysariya Federal tribunaliga shikoyat qilishi mumkin – Nikimbayev

Bir necha kun oldin tarmoqlarda Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) Toshkentning “Bunyodkor” klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga 9,5 million yevro (120 milliard so‘m) to‘lab berishi borasida qaror qabul qilgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev mazkur holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Buni FIFA emas, Sport arbitraj sudi (CAS) qarori bo‘lganidan boshlaylik. Sud majlisining o‘zi o‘tgan yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan, ammo qaror hozircha e’lon qilinmagan. Aytgancha, yechimning o‘zi hali CAS veb-saytida mavjud emas”, deydi Nikimbayev.

Nikimbayevga ko‘ra, “qaldirg‘ochlar”ga qo‘yilgan qarorni amalga oshirmaslikning imkoni yo‘q.

“Qaror futbol hokimiyati tomonidan qabul qilinmagan bo‘lsada, uni amalga oshirmaslikning imkoni yo‘q, chunki CAS yurisdiksiyasining tan olinishi futbol federatsiyasining FIFA'ga a’zo bo‘lish shartlaridan biridir. Bundan tashqari, “Bunyodkor”ning o‘zi klublarni litsenziyalash tizimida ishtirok etish uchun ariza topshirayotganda CAS yurisdiksiyasini tan olganligi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi kerak”, deyiladi mutaxassis Telegram sahifasida.

Qayd etilishicha, Toshkent klubi holat bo‘yicha faqat Shveysariya Federal tribunalida shikoyat qilish imkoniyatiga ega.

“CAS qaroriga faqat Shveysariya Federal tribunalida shikoyat qilish mumkin, ammo shikoyat qilish uchun juda ko‘p asoslar mavjud emas – yurisdiksiyaning yo‘qligi, asosiy protsessual qoidalarning buzilishi (masalan, adolatli sudlov huquqini buzish) yoki davlat siyosatiga mos kelmasligi”, deb yozdi Nikimbayev.

Keyin nima bo‘ladi? Bir nechta variant mavjud:

  •     “Bunyodkor” agar, albatta, asos topsa, Shveysariya Federal tribunaliga murojaat qiladi.
  •     “Bunyodkor” qarzni to‘liq yoki qisman to‘laydi (klub Denilson va Rivaldo bilan shartnomadagi raqamlarni qisqartirish bo‘yicha muzokara olib borsa).
  •     “Bunyodkor” to‘lashdan bosh tortadi va faoliyatini to‘xtatadi.

Agar, 2 va 3-variantlar amalga oshirilsa, “Bunyodkor” CAS belgilagan muddatlarda qarzdorlikni yopmasa, FIFA tomonidan klubga vaqtinchalik sanksiyalar (ochkolarni olib tashlash, quyi ligaga tushirish, transfer taqiqlari) qo‘llaniladi.

Braziliyalik futbolchi Rivaldoning da’volari “Zeromax” kompaniyasiga qaratilgan va uning maoshi bo‘yicha qarzdorlik nega “Bunyodkor”ga qo‘yilayotgani noma’lum. 

Gap shundaki, Rivaldo va boshqa xorijlik futbolchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzilgan: futbolchilar, klub va “Zeromax”. Futbolchilar “Bunyodkor”da o‘ynashlari kerak edi, biroq ularning maoshi va boshqa to‘lovlari “Zeromax” tomonidan to‘lanishi kerak.

“Pul o‘tkazmalari “Zeromax”ning Shveysariyadagi hisob raqamlaridan futbolchilarning xorijiy hisob raqamlariga, ya’ni O‘zbekiston bank makonini chetlab o‘tgan. Bu uch tomonga ham soliqlar, bank o‘tkazmalari va o‘sha paytda O‘zbekistonda bo‘lgan valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq muammolardan qochish imkonini bergan. Xullas, Rivaldo “Bunyodkor” bilan yangi shartnoma imzolaganida, to‘lov majburiyatlari qandaydir tarzda “Zeromax”dan klubga o‘tgan. Bundan tashqari, futbolchilarga maoshni “Zeromax” to‘lab berishi haqidagi band shartnomada saqlanib qolgan, biroq kompaniya o‘z faoliyatini to‘xtatgan”, deb yozdi Nikimbayev Telegram sahifasida.

Nikimbayevga ko‘ra, Rivaldoning “Bunyodkor”ga qarshi da’volari o‘rinli bo‘lib, bu CAS qarori bilan tasdiqlangan.

Otabek Xolmatov jarohat bilan jang qildi – Top Rank

3 mart kuni o‘zbekistonlik professional bokschi Otabek Xolmatov Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) kamari uchun jangda amerikalik Raymon Fordga qarshi jang o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi.

AQSHning Nyu-York shtati, Verona shahrida o‘tkazilgan jang to‘liq 12 raund davom etdi. Dastlabki raundlarda ustunlik O‘zbekiston vakili tarafida bo‘ldi. Raundlarning ikkinchi yarmi startida amerikalik bokschi tashabbusdagi muvozanatni tikladi. Oxirgi raundlarda esa Ford ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi va 12-raundda Raymondning ketma-ket yo‘llagan zarbalaridan so‘ng hakam bahsni to‘xtatib, texnik nokaut qayd etdi.

Shunday qilib, 25 yoshli Xolmatov profboksdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Ford esa profringdagi 15-g‘alabasini tantana qildi va WBA kamari sohibiga aylandi.

Jangni tashkil qilgan proumouterlik kompaniyasi Top Rank'ning ma’lum qilishicha to‘qnashuvdan oldin o‘zbekistonlik bokschining jarohati bo‘lgan. 25 yoshli Xolmatov tizzasidan olgan jarohati bilan jang qilgan.

“Xolmatov tizzadagi jarohati bilan jang qildi. Otabek Xolmatov jangchi”, deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Otabek Xolmatov WBA kamari uchun ringga ko‘tarilib, imkoniyatni boy bergandan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar. Meni qo‘llab-quvvatlagan insonlarga katta rahmat. Hali hammasi oldinda. Qachondir, baribir yurtimizga kamarlarni olib boraman”, deydi Xolmatov.

Qayd etish joiz, 25 yoshli o‘zbekistonlik bokschi Fordga qarshi chempionlik jangi yakunlanishiga 7 soniya qolganida texnik nokautga uchradi. 11 raund yakuniga ko‘ra esa Xolmatov 106:103, 104:105 va 106:103 hisobida g‘alaba qozonayotgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing