Muzlagan O‘zbekiston, “oyog‘idan osilgan Erdo‘g‘an”, tilini tishlagan vazirlar, sarson ta’lim – Hafta dayjesti

Tahlil

O‘qishmish, o‘qishmasmish. Qishda o‘qish bo‘lmasmish. O‘qish bo‘lsa qishmasmish. O‘qishga borganlarga sovuq ta’sir qilmasmish. Qarorni o‘zgartirish vazirlikka ishmasmush. O‘qishmi, o‘qishmasmi Vazir o‘zi bilmasmish! Muallifi sizu biz bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan odamlarimiz bo‘lgan ushbu tez aytish bu hafta trendga chiqdi va ayrim mansabdorlarning uquvsizligi, boshqaruvdagi oqsoqliklariga oyna tutgandek bo‘ldi. Bugun o‘tayotgan eng sovuq haftaning qaynoq voqealarini birgalikda tahlil qilamiz. 

Sarson ta’lim – hayron muallim! 

9 yanvar kuni O‘zbekistonga kutilgan va ogohlantirilgan sovuq kirib kela boshladi. Biz uni anomal deyishga odatlandik, go‘yo qishda quyosh charaqlab, peshonamizdan ter chiqishi kerakdek. Ko‘pni ko‘rgan keksalardan so‘rasangiz, bu anomal sovuq emas, chilla. “Biz yoshligimizda bo‘y baravar qorlar yog‘ardi”, deyapti kattalar. Xullas, chillami, anomal sovuqmi, bu muhimmas, muhimi, anu shu inqirozli deyilayotgan vaziyatdan qanday o‘tayotganimiz. Ko‘pchilik energetika tizimi birinchi kunlarning o‘zidanoq hassa tayanib qolsa kerak, deb o‘y-xayoli shunda bo‘lgandi. Ammo ta’limdagi iniqrozli qarorlar energetikadagi muammollardan o‘tib tushishi mumkinligini bilmagan ekanmiz. Shunisi pand berdi. 

O‘zbekistonga 10-15 yanvar kunlari anomal sovuq havo kirib kelayotgani, ayrim hududlarda havo harorati -27 gacha pasayishi haqidagi ogohlantirish ortidan yuqori idoralarda o‘tirgan mansabdorlar shoshib qolib, barcha maktab, litsey, professional ta’lim muassasalari, universitet va institutlarda qishki ta’tilni 9 yanvardan 17 yanvargacha uzaytirib yubordi. Maktablarda 2022/2023 o‘quv yilining III choragi birinchi o‘qish kuni 18 yanvar etib belgilandi.

Ammo, bu – O‘zbekiston! Unda chiqarilgan qarorlar esa istalgan vaqtda, istalgan soatda o‘zgarishi mumkin. Bunga nafaqat ob-havo, balki kayfiyat ham ta’sir qiladi. 

Gap shundaki, 10 yanvar kuni birdan ayrim viloyatlardagi maktablarda o‘qish boshlanishi haqida uzunquloq gaplar chiqa boshladi. Birinchilardan bo‘lib Andijon viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘iga zid ravishda uzaytirilgan qishki ta’til bekor qilinib, barcha maktablar 11 yanvardan ish boshlashi aytildi. Kun qoraymay ro‘yxat ancha kengaydi. Qatorga Surxondaryo, Xorazm Buxoro qo‘shildi. 

Kuni bilan miq etmagan Vazirlik shu kuni qosh qorayganda, to‘g‘rirog‘i, soat 20:23 da butun mas’uliyatni bo‘ynidan soqit qilib, qishki ta’til davrini uzaytirish vakolati hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda, mahalliy hokimliklarga berilganini aytib chiqdi.

Mashmasha ana shundan keyin boshlandi. Jamoatchilik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va hokimliklarni o‘qituvchilar va o‘quvchilarni o‘yinchoq qilishda, kunning istalgan vaqtida qaror olish va uni bekor qilishda, tutruqsizlikda aybladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning o‘quvchilarga ertadan darslar boshlanishi haqidagi e’lonni kech soatlarda qanday yetkazishi haqida e’tirozli postlar paydo bo‘la boshladi. 

Respublika jamoatchiligining nigohi esa – poytaxt Toshkentda! Xo‘sh, bu vaziyatda poytaxt qanday yo‘l tutadi? Ish vaqti tugagunicha ma’lumot berilmaganiga qaraganda, poytaxt hokimligi viloyatlardan farqli o‘laroq 11 yanvardan maktablarda “darslarni boshlash chelenji”ga qo‘shilmasligiga umid qilindi. Yo‘q, chuchvarani xom sanabmiz. Poytaxt hokimligi ko‘pchilik uyquga ketganda, soat 22:47 da “dahshatli tush” yanglig‘ bayonot bilan chiqdi.

Unda aytilishicha “11 yanvardan boshlab Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma- bosqich o‘quv  jarayonlari boshlanadi. Bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etiladi”.

Ayrim tumanlarda maktablar hali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bayonoti berilmay turib maktab o‘quvchilarining ota-onalari Telegram guruhlariga 11 yanvardan o‘qish boshlanishi haqida xabarlar yuborgan. Xo‘sh, buning nomi maslahatlashuvmi yoki yuqoridan olingan buyruqni maromiga yetkazib bajarishmi? Ikki o‘rtada o‘qituvchilar sarson. Avvaliga maktab direktori xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘quvchilarga xabar berishni, ertaga davomatni ta’minlashni talab qiladi. Birozdan keyin “shoshmay turinglar” degan signal keladi. O‘qituvchi bechora o‘quvchining uyiga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, oxiri o‘zi dars berayottgan mushtdek o‘quvchidan “ustoz, nima deyapsiz, bir qarorga kelib olinglar, boraylikmi yo yo‘qmi”, degan ta’nali javob oladi. Va ertaga yana shu o‘qituvchi sinfga kirib, o‘quvchilarga dars o‘tadi. Darslarning bunday noqulay sharoitda boshlanganining sababini so‘rashganda esa o‘zi ham ishonmaydigan bahonalarga o‘quvchilarni ishontirishga harakat qiladi. Mana, bugungi ta’limdagi vaziyat, mana, o‘qituvchini sarson, subutsiz qilishning yaqqol namunasi.

Xo‘sh, oxiri nima bo‘ldi, deysizmi? 11 yanvar kuni rasman o‘qish boshlandi. Lekin o‘quvchilar maynavozchilik darajasiga chiqqan qarorlarga boykot e’lon qilib, darsga bormadi. Ayrim maktablarga faqat 5-10 o‘quvchi borgan, xolos. Telegram’da esa o‘qituvchi sho‘rlik bitta o‘quvchiga dars o‘tayotgani yoki bo‘sh sinfxonada o‘tirgani aks etgan videolar tarqaldi. O‘quvchilari darsga kelmagan o‘qituvchilar esa muz ustida sirpanchiq uchib, vaqtichog‘lik qilishdi. Maktablar ochilishi haqida xabar e’lon qilingan tunning o‘zidayoq tarmoqlarda maktablarning qishga tayyorgarligini tekshirish chelleji avj oldi. Hatto, Xorazmning Shovot tumani hokimi Odilbek Ortiqovning tarmoqdan uzilgan isitish tizimini go‘yo tekshirib, uning “issiq”ligidan mamnun bo‘layotgani aks etgan suratlar ham tarqaldi. Bularning ortidan hokimlik yana aytgan gapidan tonib, maktab boshlanishini 18 yanvarga qoldirdi. O‘sha kuni minglab, millionlab bolalarning ishonchi sindi. Maktab va maktabgacha ta’lim vaziri Hilola Umarova holat bo‘yicha hech qanday tushuntirish bergani yo‘q. Bu uning vazirlik faoliyatidagi ilk muvaffaqiyatsizligi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shu o‘rinda aytilgan gapni qaytarib olish amaliyoti Ibrohim Abdurahmonov boshqarib kelayotgan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida ham kuzatildi. Vazirlik 10 yanvar kuni tushda 11 yanvardan Oliy ta’lim muassasalari va litseylarda ta’lim jarayonlari boshlanishini e’lon qildi. Tabiiyki, ko‘plab talabalar bunga e’tiroz bildirdi. Chunki aynan vazirlikning o‘zi bundan bir necha kun avval talabalardan o‘qish joylariga qaytmaslik, hatto, temir yo‘l va aviachiptalarni almashtirishni so‘ragan edi. Lekin oliy ta’lim bilan bog‘liq barcha e’tirozlar maktab o‘quvchilarining o‘yinchoq qilinishi fonida qolib ketdi. 

Darvoqe, ta’lim muassasalarida o‘qish boshlanishi bilan bog‘liq qarorlar aslida faqat vazirlik va hokimiyatlarning tashabbusi emas. Maktabgacha ta’lim va maktab vazirligining ma’lum qilishicha, bu qaror Vazirlar Mahkamasiga borib taqaladi. 

Toshkent 50 yillik rekordni yangiladi

Joriy haftada poytaxt Toshkentda davom etayotgan anomal sovuq so‘nggi 50 yil ichida yanvar oyida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichni taqdim etdi. 13 yanvar tongida 50 yil ichidagi eng past harorat qayd etildi, u -19,8 darajani tashkil etdi. 

Toshkentda 2008 yil qishida havo harorati -17,4° sovuqgacha, 1974 yilning yanvar oyida -18,6° sovuqgacha pasaygan. 

Toshkent shahrida 1969 yil qishda termometr ustuni 23,1° sovuqgacha tushgan bo‘lsa, minimal havo haroratining mutlaq rekordi 1930 yil dekabr oyida 29,5° sovuqni tashkil etgan.

9 yanvar kuni kechasi poytaxtda qor yog‘a boshladi. 10 yanvar tongida butun shahar qorga burkangan edi. Ha-ha, butun shahar va va’da qilingan qor tozalash jarayonlariga guvoh bo‘lmadik. 

10 yanvar kuni avtomobillar harakatlanishi o‘ta og‘ir darajaga tushib qoldi. Shahar bo‘ylab o‘nlab yo‘l-transport hodisalari qayd etildi. Yo‘llarni tozalashni, buning uchun bir necha tonna vositalar va texnikalar tayyorlanganini va’da qilgan Obodonlashtirish xizmatining yo‘llarni tozalayotgan avtomobillariga ko‘zimiz tushgani yo‘q. Hatto, tumanlardagi asosiy ko‘chalarni ham obodonlashtirish xodimlari belkurak bilan tozalayotganiga guvoh bo‘ldik va bu poytaxt aholisida, jamoatchilik orasida “qani va’daning bajarilayotgani, qani qor tozalaydigan moslamalar”, degan haqli savollarni keltirib chiqardi. 

Men sizga aytsam ham, aytmasam ham o‘zingiz yaxshi bilasiz, poytaxtda qor yog‘gan birinchi kundan e’tiboran umuman qor tozalaydigan texnika ham, qum yo tuz ham, boring ana belkurak ko‘targan xodimlar ham yetib bormagan ko‘chalar bor. Aytaymi, qayer? Toshkent tibbiyot akademiyasining shifoxonasiga olib keluvchi asosiy yo‘l. Bu yerga kuniga o‘nlab tez yordam mashinalari kirib-chiqadi. Eng yomoni ular shoshilinch holatda ham muzlagan yo‘lda tirmashib yurishga majbur. Qiziq, bu ko‘chalarda sodir bo‘lgan YTHlar uchun kim javob berarkin? Qolaversa, kameralar muzlagan yo‘llardagi holatlarni ham muhrlarmikin yo bu paytda ko‘z qisib turadimi? Bunga va Toshkentdagi boshqa hodisalarga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Emaklayotgan energetika

Joriy haftada avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Respublika bo‘yicha anomal sovuq davom etayotgani sababli quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilmoqda.

Shu maqsadda, ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilgan.  

Tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani aytildi.

Shuningdek, ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yonilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorda, shu jumladan, zaxiralar hisobidan sotuvga chiqarilishi aytildi. Buning ortidan benzin quyish shoxobchalarida navbatlar har qachongidan ko‘paydi. Ayrim hududlarda benzin narxi oshishi kuzatildi.

Bu savolga sobiq vazir Musayev javob berishi kerak

O‘zbekistonda 20 bolaning vafoti va ko‘plab bolalarning sog‘ligi yomonlashib, jonlantirish bo‘limiga tushishiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq mashmashalar bu hafta ham tingani yo‘q. 

Hindiston joriy haftada ushbu dori ishlab chiqaruvchi bo‘lgan “Marion Biotech” kompaniyasining litsenziyasini to‘xtatdi. Kompaniya biologik va biologik bo‘lmagan dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ikkita turdagi litsenziyaga ega bo‘lgan. 

Joriy yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” suyuq dorilaridan saqlanishga chaqirdi.

JSST bu dorilar boshqa mamlakatlarda ham rasman sotilayotgan yoki norasmiy bozorlar orqali kirib borgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash bo‘yicha barcha regulyatorlarni mazkur dorilar aylanmasining oldini olishga chaqirgan. 

Uni ishlab chiqaruvchi “Marion Biotech” kompaniyasi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati bo‘yicha kafolat bermagan.

O‘zbekiston JSSTga ushbu dori vositalari bo‘yicha ogohlantirishni 2022 yil 22 dekabrda ma’lum qilgan. 

Shuningdek, insonlardan o‘zlari yoki yaqinlari ushbu dori vositalaridan foydalanganidan so‘ng nojo‘ya ta’sirlar sezilsa, zudlik bilan shifokorga uchrashishi va holat haqida milliy farmakologik markazlarga xabar berishlari so‘ralgan.

Vashingtondagi “The Diplomat” nashrining yozishicha, 2022 yilning oktyabr oyida G‘arbiy Afrikada ham “Dok-1 Maks” dorisidan o‘lim qayd etilgan. Shu munosabat bilan o‘sha oyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu dori bo‘yicha rasmiy ogohlantirish e’lon qilgan. Ammo shunga qaramay, “Dok-1 Maks” va boshqa yo‘talga qarshi Hindiston dorilari O‘zbekistonda 22 dekabrgacha iste’molda bo‘lgan. Xo‘sh, nega O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga JSSTning ogohlantirishi yetib kelganmi? Agar yetib kelgan bo‘lsa, nega choralar ko‘rilmagan? Bu savolga bizningcha hozirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri bo‘lib ishlayotgan sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev javob berishi kerak. “The Diplomat” qo‘ygan ayblovlarga rasmiy idoralar miq etgani yo‘q. 

Tugayotgan haftada Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining  "QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasini bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yo‘q qilish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. 

Sudning hal qiluv qarori bilan “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.

Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. 

Biroq, "QURAMAX MEDIKAL” MCHJ advokati sud o‘tkazilishi, da’vo arizasi kiritilgani bo‘yicha korxona avvaldan ogohlantirilmagani, ariza bilan tanishib chiqilmaganini aytmoqda. Sud esa ariza nusxasi pochta orqali "QURAMAX MEDIKAL” MCHJ manzligi yuborilganini aytdi. Advokatga ko‘ra, korxona muhrlangan va ularga hech qanday xabarnoma kelib tushmagan. Shu bois u sudya raddiya e’lon qildi, biroq sudya o‘zgargani yo‘q. Sud advokatga sud majlisining o‘zida da’vo arizasi bilan tanishib chiqishga 20 daqiqa vaqt bergan. Ish bo‘yicha "QURAMAX MEDIKAL” MCHJning ham aytar gaplari bor.

YouTube kanalimizda sud zalidan tayyorlangan alohida lavhani tomosha qilishingiz mumkin. 

Oshkentga aylangan Toshkent

Joriy haftada nafaqat ob-havo borasida, balki qator muammolari bilan ham poytaxt ko‘plab qishlarda kuzatilmagan rekordlarni qayd etdi, desak xato bo‘lmaydi. Anomal sovuq kunlari poytaxt tumanlari bo‘ylab gaz bosimi tushib ketdi, ayrim hududlar butkul gaz va elektr energiyasisiz qoldi. 

12 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tuman hokimlari va sektor rahbarlariga otalarcha mehribonlik va xushmuomalalik bilan, sen emas, siz deb murojaat qilgani audioyozuvi tarqaldi. Unda hokim kelgusi ikki kunda Toshkent va barcha hududlarda gaz bosimi keskin tushib ketishi haqida ogohlantirib, zavod va fabrikalar, qolaversa, gaz quyish shoxobchalari gaz va elektr energiyasidan uzilishini ma’lum qilgan.

U barcha sektor rahbarlarini yana bir bor ogohlantirib, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarmaslikka chaqirgan va xalqqa hokimlar ayni kunlarda kerakligini aytgan. 

Shu kunning o‘zida janob Ortiqxo‘jayev tashabbusi bilan Toshkent oshkentga aylandi. Shaharning barcha tumanlaridagi restoranlarda, shuningdek mahallalarda katta qozonlarda kuniga uch mahal osh damlandi. Osh avvalo kam ta’minlangan oilalar, Ichki ishlar, obodonlashtirish xodimlariga tarqatilishi belgilandi. Ortiqxo‘jayevning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlar qatorida xalqqa osh emas, issiqlik ta’minoti, elektr energiyasi, gaz va qordan toza yo‘llar kerakligini aytganlar ham topildi. Ayrimlar hokimliklar qaysi mablag‘lar hisobiga dasturxon yozayotgani, bular mahalliy kengashlar bilan kelishilgani yo yo‘qligini savol ostiga qo‘ydi. Hokimlik bu tanqidlar va savollarga javob berganicha yo‘q. 

Toshkentda 17 mashina ishtirokida YTH 

Boya qordan tozalanmagan yo‘llar, yaxmalaklar va avtomobillarning avariyaga uchrashi mumkinligi haqida gapirgandik. Aytganimiz ehtimolligicha qolib ketmadi. 12 yanvar kuni poytaxt Toshkentning Yunusobod tumani “Yangi shahar” ko‘chasida naq 17 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 

Unda 2 ta Nexia 3, 2 ta Nexia 1, 1 ta Mercedes-Benz, 1 ta Best tune T 33, 1 ta Damas, 5 ta Matiz, 2 ta Spark, 1 ta Kia K 5, 1 ta Volkswagen va 1 ta Isuzu yuk avtomobili zararlangan. 

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1 nafar haydovchi va yo‘lovchi tan jarohati olgan. Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilayotgani aytildi. Qizitq, bunda yo‘llar muzlagani va tozalanmagani uchun mas’ul idoralar javobgarlikka tortilarmikin? 

Rafiq Nishonov vafot etdi

Tugayotgan haftaning 11 yanvar kuni sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Rafiq Nishonov 96 yoshida vafot etdi. 

Rafiq Nishonov 1956 yilda O‘zbekiston Kompartiyasi Toshkent shahar qo‘mitasi bo‘limlaridan birining mudiri bo‘lgan. 

1985 yilda Rafiq Nishonov O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan. 1988 yil 12 yanvardan 1989 yil 23 iyungacha – O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng, u Moskvaga ketgan va u yerda yashagan. 1991 yil sentyabrda SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyovga maslahatchi bo‘lgan va Moskvada yashagan. Nishonov qayerga dafn qilingani ma’lum emas. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, oila a’zolari uni O‘zbekistonga yoki rafiqasi mangu orom topgan Jenevadagi qabristonga dafn qilishni rejalashtirgan. 

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Nishonovni “Aleksandr Nevskiy” ordeni bilan taqdirlagandi.

Murtazo Rahimov bilan vidolashgan Putin

Boshqirdistonning Birinchi Prezidenti Murtazo Rahimov ham 11 yanvar kuni 88 yoshida vafot etdi. 

Boshqirdiston parlamenti raisi o‘rinbosari Rustam Ahmadinurovga ko‘ra, Rahimov uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etgan. U 2022 yil iyul oyi oxirida Rahimov og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

U hududni 20 yildan ortiq boshqargan. Dastlab Boshqird Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashining raisi, keyin 1993 yil 25 dekabrdan Boshqirdiston prezidenti lavozimida ishlagan va 2010 yilda o‘z arizasi bilan Prezidentlikni tark etgan. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham Murtazo Rahimov bilan vidolashuv marosimida qatnashdi. Shu uchun u yo‘l bosib 13 yanvar kuni Ufaga keldi. 

Putin Boshqirdiston davlat konsert zaliga borib, motam lentasi bilan bog‘langan qizil atirgullar guldastasini Rahimov tobuti yoniga qo‘ydi va tobut oldida sukut saqlab, Murtazo Rahimovning jonsiz jasadiga ta’zim qildi.

Nomi tirikligidayoq o‘chirilayotgan Nazarboyev

Qozog‘iston parlamenti deputatlari shu hafta palatalarning qo‘shma majlisida “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni bekor qildi. 

Qozog‘iston Konstitutsiyasining 46-moddasi va “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 6-bobida belgilangan umumiy kafolatlar endi birinchi prezidentga ham tatbiq etiladi. Unda mamlakatning sobiq rahbarlariga tegishli alohida qoidalar mavjud.

Xususan, 34-moddada sobiq prezident, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi belgilangan. Shuningdek, 36-moddada sobiq davlat rahbari respublika prezidentining vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, davlatga xiyonat qilish hollari bundan mustasno, deb yozib qo‘yilgan. 

2000 yilda qabul qilingan “Birinchi Prezident to‘g‘risida”gi qonun ko‘ra, Elboshi unvonini olgan  Nursulton Nazarboyev alohida mavqega ega edi – birinchi prezidentni hibsga olish, ushlab turish, tintuv qilish, so‘roqqa chaqirish va qamoqqa olish mumkin emas. Qonun Nazarboyev va uning oila a’zolariga tegishli mulk va bank hisob raqamlari daxlsizligini kafolatlagan. Ularning barchasiga umrbod himoya, aloqa, transport va boshqa imtiyozlar berilgan. 

Qozog‘iston Adliya vaziri Azamat Yeskarayevning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident haqidagi qonun bekor qilinganidan keyin uning oila a’zolariga daxlsizlik huquqi berilmaydi. Shuningdek, joriy haftada Nursulton Nazarboyevga ilgari berilgan faxriy senator maqomi parlament reglamentidan olib tashlandi.

O‘g‘ri-muttaham tamg‘asidan qutulgan Akayev

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakatning birinchi prezidenti Asqar Akayevga nisbatan “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha tergovni to‘xtatdi. Akayevga qo‘yilgan barcha jinoiy ayblovlar olib tashlangan. 

Akayev 1990 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston SSR rahbari etib saylangan. 1991 yil avgust oyida u respublikaning birinchi prezidenti bo‘ldi va 2005 yilgacha mamlakat boshida qoldi. Akayev mamlakatda bo‘lib o‘tgan Lola inqilobi natijasida hokimiyatdan mahrum bo‘ldi. Inqilob davrida u lavozimini tark etdi va oilasi bilan mamlakatdan chiqib ketdi. O‘shandan beri Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Moskvada yashab, dars berib keladi. 

O‘tgan yili va undan oldingi yili Akayev “Qumtor” ishi bo‘yicha guvohlik berish uchun vataniga kelgan. Bu kon Qirg‘izistonning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, yiliga 15 tonnaga yaqin oltin qazib olinadi. Ilgari uni o‘zlashtirish bilan kanadalik investorlar shug‘ullangan, keyinroq kon davlat tomonidan o‘zlashtirildi. 

2005 yil aprel oyida Akayev va uning oila a’zolariga nisbatan bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, shu jumladan korrupsiya moddasi bo‘yicha, hozirda ularning barchasi to‘xtatilgan yoki tugatilgan.

Oyog‘idan osib ketilgan “Erdo‘g‘an”

11 yanvar kuni Turkiya va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terrorchi guruh sanalgan Kurdiston ishchilar partiyasining yuzlab tarafdorlari Stokgolmda miting o‘tkazdi. Ular partiya ramzlari va yetakchisi Abdulla O‘jalanning portretlarini namoyish qilib, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni haqoratlovchi so‘zlar aytgan. Shahar markazida, meriya yaqinida sodir bo‘lgan namoyish ishtirokchilari hokimiyat oldidagi ustunga Erdo‘g‘anga o‘xshagan qo‘g‘irchoqni oyog‘idan osib qo‘ygan. 

Turkiya hukumati bu harakatni qoraladi. Shvetsiyaning Anqaradagi elchisi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga nisbatan norozilik bildirildi. Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop Shvetsiya parlamenti rahbarining 17 yanvarga mo‘ljallangan Anqaraga tashrifini bekor qildi, unda shimoliy mamlakatning NATOga kirishi masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li esa Shvetsiyaning Kurdiston Ishchilar partiyasi tarafdorlari tomonidan Stokgolmda o‘tkazilgan mitingni qoralashi yetarli emasligini aytdi.

“KIPning Shvetsiyadagi provokatsiyalarini hammamiz ko‘rdik. Ular faqat qoralash bilan qutulolmaydi, Shvetsiya aniq choralar ko‘rishi kerak. Bunga qarshi kurashishi kerak. Bu harakat shahar markazida, shahar hokimiyati yaqinida bo‘lib o‘tdi”, deydi Chavusho‘g‘li.

Ushbu hodisadan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning advokati Husayn Oydin Anqara prokuraturasiga Shvetsiyada Turkiya rahbariga qarshi namoyish tashkilotchilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish talabi bilan murojaat qildi.

Turkiyada Prezidentni haqorat qilish jinoyat hisoblanadi. Mahalliy Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, u to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. 

Afg‘onistonda dahshatli portlash sodir etildi

11 yanvar kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul markazida mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatdagi Tashqi ishlar vazirligi binosi yonida portlash sodir bo‘ldi.

“Tolibon” hukumatidagi Bosh vazir idorasi rahbari o‘rinbosari Ahmadulloh Muttaqiy o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilishicha, Tashqi ishlar vazirligi binosiga xudkush-terrorchi hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan. 

Portlash oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi, 40 ortiq kishi jarohatlandi. Xudkush-terrorchining ismi Xaybar Qandagari bo‘lib, u Tashqi ishlar vazirligi xodimlari va qo‘riqchilari orasida o‘zini portlatgan.

Portlash uchun javobgarlikni ISHID o‘z gardaniga oldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing