Umurzoqov qayerda? Rossiyadan O‘zbekistonga tahdid – Hafta tahlili
Tahlil
−
23 dekabr 2023
33383Ti teper patsan, a krugom vragi. Bu so‘zlar allaqachon sizga tanish bo‘lsa kerak. Rossiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Slovo patsana. Krov na asfalte” serialida ishlatilgan ibora va qo‘shiqlar ijtimoiy tarmoqlarda va yoshlar orasida trendga chiqdi. O‘tgan asrning 80-yillari oxirida Qozondagi yoshlar guruhlari haqidagi rus jinoiy seriali premerasi aynan O‘zbekistonda va Qirg‘izistonda davom etayotgan jinoiy olamga qarshi kurash, “Salimboyvachcha”, “Baxti Tashkentskiy”, “Saidaziz Medgorodok”, Buzruk nomi bilan tanilgan qator shaxslarning turli jinoyatlarda ayblanib, qo‘lga olinishi davriga to‘g‘ri kelgani bilan ham ahamiyatli. Xuddi atay qilgandek, film ssenariysi va hayotdagi ishlar o‘rtasidagi bog‘liqlik bordek. Sizlar bilan bugun bu serial haqida emas, sizu biz yashab, ko‘rib, jonli guvohi va ishtirokchisi bo‘lib turgan, ba’zan susib, ba’zan panja ortidan qarab, ba’zan eshitmaganga olib o‘tayotganlarimiz haqida gaplashmoqchiman.
Bosqinchilik qonida borlar
Bosqinchilik, tahdid va tajovuz faqat jinoyat olami vakillariga tegishli sifatlar emas. Ba’zan o‘qigan, ilmli, ziyoli odamlardan ham shunday narsalar chiqadi. Muhammad Yusuf “yaxshi odam bir kun yomon bo‘laru yomon odam yaxshi bo‘lmas hech qachon”, deb aytganidek, tajovuz qilish, qo‘rqitish, bo‘yin egdirish, egallab olish o‘sha odamlarning qonida bo‘ladiki, ilm ham, zamonaviy dunyo qonuniyatlari ham ularni tuzata olmaydi. Chunki ularga bu sut bilan kirgan, chiqsa jon bilan chiqadi, chiqmasa avlodiga o‘tadi. Bundaylar ruhan nosog‘lom va ular yolg‘iz bo‘lmaydi. Albatta, kimdandir, qayerdandir mutlaqo kuch oladi.
Rossiyalik yozuvchi, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin ana shunday odam, desam nima deysiz? Agar shunaqa bo‘lmaganda sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib olish, buni O‘zbekistondan boshlash haqida gapirarmidi?! Uning fikricha, bunday harakat Rossiyadagi “migrantlar muammosi”ni hal qilgan bo‘lardi.
Prilepinga ko‘ra, Rossiyaga mehnat muhojirlari qaysi mamlakatlardan kelsa, o‘sha davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerak. Da ladno, ti chto suma soshol?
“Ularni rus tilini bu yerda emas, o‘z yurtida, deylik O‘zbekistonda o‘qitish kerak. Men hazillashayotganim yo‘q. Biz Sovet Ittifoqining parchalanishini rad etish mavzusini ko‘taramiz, bu bizga istalgan vaqtda “Sizning ikki million fuqarongiz bizning hududimizda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz. Chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda va ular hatto bunga ovoz bergan” deyishga imkon beradi. Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan Prilepin.
Uning atrofiga yig‘ilgan o‘ziga o‘xshaganlar qarsaklar bilan olqishlab, aytganlarini ma’qulladi.
Ana, endi ko‘ring Prilepinning O‘zbekistonda birdan mashhur bo‘lib ketganini. Lekin butun boshli Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sanoqli deputatlarigina unga javob qilishga “duxi” yetdi, xolos.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov esa O‘zbekiston Republikasi Tashqi ishlar vazirligiga taklif etildi. Ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz, aynan taklif etildi. Boshqa davlatlarda shunday hodisa ro‘y bersa, elchilar qat’iyat bilan chaqirilsa, biznikilar lutfan taklif qilgani haqida bayonot berdi.
Unga Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi O‘zbekistonda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan. Tashvish hissi. Kechirasizu men bir o‘zbekistonlik o‘laroq aytamanki, hech tashvishlanmadim, aksincha, nafratlandim, alam bor edi tashvishdan ko‘proq. Nega tashvishlanayki, axir O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega emasmi? Ega, buni hatto yangi Konstitutsiyaning 153-moddasida ham yozib qo‘yilgan.
Xullas, jamoatchilikning keskin e’tirozi ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova tilga kirib, Prilepinning O‘zbekiston haqida aytgan gaplari shaxsiy fikri ekani, Rossiyaning pozitsiyasini ifoda etmasligini aytib, ishontirishga urindi. Gap Prilepinning aytganida ham emas, unga qarsak chalib qo‘llayotganlarda. Demak, o‘qimishli doirada shu kayfiyat bor.
Prilepinning aytganlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning ham qulog‘iga yetib borgani aniq. Davlat rahbari ertasi kuni, 22 dekabrda Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishida tashqi tahdidlar masalasiga to‘xtaldi.
“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz.
Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti.
Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti”, deydi Mirziyoyev.
Qamaganlar, qamalganlar, qamatganlar...
2022 yilning avgustidan 2023 yilning oktyabriga qadar Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida faoliyat yuritgan va ko‘pchilik nazdida tartibli, intizomli, qishloq xo‘jaligida yangiliklar qila olgan vazir sifatida tilga olingan Aziz Voitov ayni vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, sobiq vazir O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)si 3-qismi “a” bandi va 205-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)si 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinib ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 14 dekabrdagi ajrimi bilan Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasiga ko‘ra, Aziz Voitovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qamalgan amaldorlar ro‘yxatida Voitov yolg‘iz emas. Buxoro tumanining sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda va qo‘lga olingan.
Jo‘rayev 2020 yilning dekabridan joriy yilning iyuligacha hokimlik qilgan.
Namangan viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Sultonov ham qo‘lga olingan. U Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Qamoqqa olinganlar ro‘yxatida soliqchilar ham bor. Xususan, Soliq qo‘mitasining Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi boshqarmasining QQS to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i hamda qo‘mitaning Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar shu’basi boshlig‘i ham ushlangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda mansab soxtakorligi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishida so‘nggi vaqtlardagi “qama-qama”lar masalasiga ham to‘xtalib, shunday dedi:
“O‘zini “ko‘cha” deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz. Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va albatta shunday bo‘ladi”.
Prezident Mirziyoyev “ko‘cha” deb kimlarni nazarda tutayotgani sizga u qadar mavhum emas. Mamlakatda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyevdan tortib, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, Dilshod Tulqinovich Sharipov, Anvar Boborajabovich Mirzaxonov, Toshkentning “kriminal avtoriteti” ekani aytilgan Abbosxon Xo‘jayev, “Buzruk” nomi bilan bilinadigan Buzruk Buzrukov kabi shaxslar qo‘lga olindi.
Umurzoqov qayerdaligi ma’lum bo‘ldi?
Sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning hibslanishi avgust oyida Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, Prezident Administratsiyasi rahbarligidan ketgan va o‘shandan buyon umuman ko‘rinish bermayotgan Sardor Umurzoqov haqidagi mish-mishlarni yanada ko‘paytirdi. Umurzoqov bilan hammasi joyida, u nima bilan bandligi joriy haftada qisman ma’lum bo‘ldi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti, Prezident Mirziyoyevning Iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti Linkedin sahifasiga Sardor Umurzoqov bilan tushgan suratini joyladi.
“O‘tgan hafta Toshkentda yaqin do‘stim, Prezident Mirziyoyevning maslahatchisi Sardor Umurzoqov bilan juda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Prezidentni ko‘rgani birga borib, 2024 yilga mo‘ljallangan ish dasturimizni kelishib oldik. Yanvar oyi boshida Toshkentga qaytaman”, deya suratga izoh yozgan Chakrabarti.
Umurzoqovning nima uchun bu Administratsiya rahbarligidan chetlatilgani sabablari hamon jamoatchilik uchun jumboqligicha qolmoqda. Ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi. Oxirgi marta Sardor Umurzoqov joriy yilning 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvida maslahatchi o‘laroq ko‘rinish bergandi.
Yong‘indan xavfliroq balo
Avvallari yong‘inga nisbatan “tilsiz qotil” degan ta’rif ishlatilar edi. Yong‘inni-ku ko‘rasiz, sezasiz, juda bo‘lmasa alanga tashqaridagilarga belgi beradi. Albatta, Yaratganning o‘zi bu balodan har birimizni asrasin. Ammo yillarki, is gazi yong‘indanda xavfliroq bo‘lib boryapti. Uning na belgisi bor, na ko‘rinishi. Bu haftaning o‘zida bu rangsiz, tilsiz balo 13 kishini oramizdan olib ketdi. Ularning 4 nafari Farg‘onada, 4 nafari Namanganda yana 5 nafari Qoraqalpog‘istonda. O‘zaro farqli bo‘lmagan jihat shuki, ushbu kulfat oqibatida uch oila nom-nishonsiz ketdi.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani, “Obod” MFY hududidagi uyda sodir bo‘lgan holatda er-xotin va ularning ikki qizi qurbon bo‘ldi.
Namangan viloyatining Yangi Namangan tumani, “Beruniy” MFY hududidagi fojiada esa 48 yashar erkak, uning 41 yashar turmush o‘rtog‘i va 19 hamda 14 yashar farzandlari vafot etdi.
Qoraqalpog‘istonda esa oilaning 7 a’zosidan 5 nafari – 66 yashar otaxon, uning 62 yashar turmush o‘rtog‘i, ularning 37 yashar qizi va 15 hamda 12 yashar nabiralari vafot etdi. Ikki kishi tirik qoldi.
Shuningdek, tugayotgan haftada Toshkentda sodir bo‘lgan yong‘in ko‘pchilikning yuragini zada qildi. Yashnobod tumanidagi hovli uylardan birida sodir bo‘lgan dahshatli yong‘inda nafaqat xonadonning kuli ko‘kka sovurildi, balki oilaning uch a’zosi 1995 yilda tug‘ilgan ayol va uning 2015 va 2018 yilda tug‘ilgan qizlari o‘limiga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
24 qavatdan qulagan “qorbobo”
Odamlarning o‘limiga faqat baxtsiz hodisalar emas, ba’zan ko‘ngilxushliklar, ahmoqona hazillar ham sabab bo‘ladi. Rossiyaning Chelyabinsk shahrida bolalarga "syurpriz" qilish uchun bino tashqarisidan 24-qavatga ko‘tarilgan "qorbobo"ning o‘limi bunga yaqqol misol.
“Qorbobo” kiyimidagi alpinist 24-qavatdan uyning ochiq maydoniga tushishi va bolalar bilan o‘yin-kulgi qilishi kerak bo‘lgan. Ammo u 24-qavat balkonidan tushishni boshlashi bilan muvozanatini yo‘qotib, pastga qulagan. Balkonda ikkita arqon bo‘lgan, “qorbobo” arqonlarni bog‘lashni unutgan.
Qashqadaryoda qizlar “beshikdan turiboq” turmushga chiqadimi?
Tugayotgan haftada Qashqadaryoda 7-sinf o‘quvchisi, hali go‘dak qiz turmush qurishga tayyornayotgani, unashtiruv marosimi o‘tkazilib, qaynona bo‘lmish qiz ko‘rdiga kelganda unga tilla zanjir taqib ketgani jamoatchilikning tepa sochini tikka qilar darajada muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bolalar ombudsmani esa voqeaga aniqlik kiritib, mazkur holatga bergan munosabatida qizning ota-onasiga tayanib, tarqalgan videoda qizning unashtiruv marosimi emas, tug‘ilgan kuni aks etganini bildirdi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga ko‘ra, ushbu video 22 mayda, qizning tug‘ilgan kunida suratga olingan.
Ammo viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan rasmiy munosabatda "O‘quvchini tug‘ilgan kuni bo‘lmagan” degan so‘zlar keltirilgan. Viloyat MMTBning bergan mujmal va tushunarsiz izohi ko‘plab savollar tug‘ilishiga olib kelyapti.
Shuningdek, qiz Ko‘kdala tumanidagi 68-maktabning 7-sinf o‘quvchisi emas, 8-sinfida o‘qishi aniqlangan. U hozirda majburiy ta’limga asosan ushbu maktabdagi o‘quv jarayonida ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash joiz, respublikaning bu hududida qizlarning unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odatlari qisman bo‘lsa-da saqlanib qolmoqda. Ayniqsa oxirgi vaqtlarda bunday holatlar yuz bergani haqidagi xabarlar tez-tez yangramoqda.
Masalan, Kosondagi maktabning 8-sinflaridan 9 nafari allaqachon oilali bo‘lgani, maktab direktori ham yosh qizni kelin qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinchalik Qashqadaryo Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bu xabarni rad etib chiqdi.
Salim Abduvaliyevning o‘g‘li ham IIBBga olib ketilgan
Xabaringiz bor, Salim Abduvaliyev 20 kundan ziyodki, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, hibsda qolmoqda. Salim Abduvaliyev qo‘lga olingan kuni uning Toshkentning Fayzobod dahasidagi uyida tintuv o‘tkazilib, uning xonadonidan qurollar bilan birga qimmatbaho soatlar ham olingan. Boshqa hech narsaga, xususan Salimboyning kolleksiyalariga tegilmagan.
Shu kunning o‘zida uning uyida bo‘lgan yaqinlari, ishchilari va o‘g‘li Jasur – jami 20 dan ortiq kishi so‘roq qilish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga olib ketilgan.
Ulardan qurol kimga tegishliligi so‘ralgan. Savol-javob tugagach, ular uylariga qo‘yib yuborilgan.
Qozog‘istonda taqiqlanayotgan “Slovo patsana”
Dasturimizni “Slovo patsana. Krov na asfalte” serialidan boshlagandik. Yakunni ham shu bilan qilsak. Qozog‘istonda ushbu serial ustidan yoshlar ongiga salbiy ta’siri uchun tekshiruv boshlandi. Ushbu kontent konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish, fuqarolarning yaxlitligini buzish, davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi, urush targ‘iboti, ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy, sinfiy, urug‘-aymoqchilik, shafqatsizlik va zo‘ravonlik madaniyati, o‘z joniga qasd qilish va pornografiya, giyohvandlikni targ‘ib qilsa, Madaniyat vazirligi ushbu serialni zararli deb topadi. Bunday holatda tegishli choralar ko‘riladi. Xo‘sh, siz ko‘rdingizmi bu serialni? Uni O‘zbekistonda ham taqiqlash kerakmi? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring. Kelgusi haftada ko‘rishguncha omon bo‘ling.
LiveBarchasi