Dunyoning g‘azabini qo‘zg‘atgan Isroil, Kolya Qirg‘izning xunini so‘rayotgan Japarov, Milliy gvardiyadagi suiqasd — Motam hafta tahlili

Tahlil

image

O‘zbekistonda pomidor narxi oshdi. Xorazmda esa suv narxi ikki baravar ko‘tarilyapti. Bu orada benzin narxi oshishi haqida ham gap-so‘zlar bolalagan. Pomidor yoki suvga avtomobillarning qanday aloqasi bor bilmadim-u ammo UzAutoMotors Lacetti, Damas, Labo va Cobalt modellari narxlari oshirilayotganini e’lon qildi. Narxlar 4,7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Xo‘sh, sizningcha, bu insofli oshirishmi?

 

Hafta davomida sodir bo‘lgan muhim voqealar tahlili bilan QALAMPIR.UZ’da tanishing.

 

Dunyo Isroilga qarshi tish qayrayapti

 

17 oktyabr kuni tunda G‘azo sektoridagi baptistlar shifoxonasiga aviazarba berilishi oqibatida 800 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Isroilning ushbu qilmishini xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlat rahbarlari keskin qoralab chiqdi.

 

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu buni terrorchilarning ishi deb baholashga urindi.

 

“Butun dunyo bilishi kerak: G‘azodagi shifoxonaga Isroil mudofaa kuchlari emas, vahshiy terrorchilar hujum qildi. Bizning bolalarimizni shafqatsizlarcha o‘ldirganlar o‘z farzandlarini ham o‘ldirmoqda”, deydi u.

 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumini qoraladi.

 

“G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, deyiladi TIV bayonotida.

 

O‘zbekiston TIV vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan holda, mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda o‘t ochishdan tiyilishga chaqirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodovning fikricha, Al-Ahliga qilingan hujum “shubhasiz, xalqaro huquq va umuminsoniy  qadriyatlar chegarasidan chiqishdir”. Tinch aholining, bolalarning xun to‘lashini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

 

“Bugun geosiyosiy aktyorlar mas’uliyatni olishi, siyosiy manfaatlarni talashish, o‘zaro ayblash emas, mintaqada vaziyatni normallashtirish ustida ishlashi shart”, deydi Bekmurodov.

 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni G‘azodagi shifoxonaga raketa hujumidan so‘ng “misli ko‘rilmagan shafqatsizlik”ni to‘xtatishga chaqirdi. U ayollar, bolalar va begunoh fuqarolarni o‘z ichiga olgan shifoxonaga qilingan hujumni Isroilning “insoniy qadriyatlardan begona” harakatlaridan biri ekanini urg‘uladi.

 

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, Isroilning G‘azodagi shifoxonaga raketa hujumini “varvarlik” deb atadi va yahudiy davlatining xalqaro sud oldida javob berishi muqarrarligini e’lon qildi.

 

Erdo‘g‘anning kenja qizi – Ayollar va demokratiya jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Sumeyya Erdo‘g‘an esa Istanbulda 39 nodavlat ayollar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tinch namoyishlarda qatnashib, Isroilni qoralash aksiyasiga boshchilik qildi. U Isroilning G‘azodagi begunoh odamlarni, ayollar va bolalarni, shifoxonalar va maktablarni nishonga olib, o‘ldirayotganini, buning 75 yildan beri davom etayotganini va hech qanday bahonasi yo‘qligini aytdi.

 

“G‘azoda bir necha 10 yillardan buyon qurollangan isroillik askarlarga qarshi bo‘sh qo‘llari va ulkan yuraklari bilan Al-Aqsoni himoya qilishga urinayotgan, Isroil tomonidan uylari va o‘ldirilayotgan go‘daklarini himoya qilishga uringan, har qanday qiyinchiliklar qarshisida qaddini tik tutayotgan falastinlik qahramon ayollarni ko‘rmaydilar. Ularning huquqlari himoya qilinmaydi. Bugun biz Turkiyadagi ayollar nodavlat tashkilotlari o‘laroq Falastin ayollari, bolalari va Falastinning yonidamiz, deb hayqirish uchun shu yerdamiz. Biz butun insoniyatni bu fojiaga qarshi ovozini baland ko‘tarishga chaqiramiz”, deydi Prezidentning qizi.

 

Sumeyyaning turmush o‘rtog‘i, suyukli kuyov Selchuk Bayroqdor esa videomurojaat bilan chiqib, xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi qarorlar olishga chaqirdi va uning

rahbarligidagi “Baykar” kompaniyasi Falastinga 280 million lira (taqriban 1 million AQSH dollari) yordam qilganini aytdi.

 

“Insoniyatni G‘azodagi qatliomlarning to‘xtatilishi uchun harakat qilishga taklif etamiz. Jim turish bu qatliomlarga sherik bo‘lishdir”, deydi Bayroqdor.

 

Falastindagi qirg‘in ortidan Prezident Erdo‘g‘an Turkiyada uch kunlik – 19 oktyabrdan 21 oktyabrgacha motam e’lon qildi. Uch kunlik motam davrida Turkiya bo‘ylab barcha hukumat binolarida davlat bayroqlari yarim hilpiratiladi. Biroq, hatto, Turkiya ham Isroil bilan diplomatik munosabatlarida uzilish qilayotgani yo‘q.

 

Shuningdek, Falastindagi shifoxonada qurbon bo‘lgan tinch aholi vakillari xotirasiga hurmat ramzi sifatida Eronda ham bir kunlik motam e’lon qilindi.

 

AQSH rahbariyatining Isroilga ko‘rsatayotgan yordami esa AQSHliklar manfaatlarini aks ettirmasligi yana bir bor o‘z bo‘yini ko‘rsatdi. AQSHda minglab odamlar namoyishga chiqib, Isroilning harakatlarini qoraladi. Namoyishchilar Kapitoliy tepaligidagi mamlakat Kongressining eng qadimiy ofisi bo‘lgan Cannon House binosiga bostirib kirdi.

 

Politsiya G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilayotganlarni namoyishni to‘xtatish uchun ogohlantirgan. Bu talabga rioya qilmaganlar hibsga olingan.

 

Inson huquqlari eksportyori ekanini da’vo qiluvchi AQSH, o‘z fuqarolari qarshiligiga qaramay, bu safar Isroil armiyasi uchun mo‘ljallangan zirhli texnikalarning birinchi partiyasini Tel-Avivga eksport qildi.

 

Rossiya Davlat Dumasi esa Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvi munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va butun dunyo mamlakatlari parlamentlariga murojaat yo‘lladi.

 

“Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va dunyo parlamentlariga murojaat qilib, Isroil-Falastin o‘rtasidagi qon to‘kilishini va tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishga hamda Yaqin Sharqda misli ko‘rilmagan gumanitar falokatning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiradi”, deyiladi murojaatda.

Rossiyalik deputatlar Ukrainadagi shifoxonaga, fuqarolik infratuzilmasiga, odamlar yashayotgan uylarga hujum qilganini unutgan yoki bexabar chog‘i, murojaatda G‘azodagi shifoxonaga raketa hujumi uyushtirilgani, oqibatda "yuzlab begunoh tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalarning halok bo‘lgan"i fojia ko‘lamini yanada kengaytirganini bildirgan.

 

Davlat Dumasi, shuningdek, mojaro ishtirokchilari tomonidan xalqaro gumanitar huquqning har qanday buzilishini keskin qoralashini ma’lum qilgan. Gap, xususan, xalqaro shartnomalar bilan taqiqlangan o‘q-dorilardan foydalanish, yoppasiga portlatishlar, fuqarolik infratuzilmasiga, birinchi navbatda, tibbiyot muassasalariga, energetika va suv ta’minoti ob’ektlariga hujumlar, tinch aholini majburan ko‘chirish haqida bormoqda.

 

Murojaatda urush va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etgan aybdorlar javobgarlikka tortilishi va ularga eng og‘ir jazo tayinlanishi lozimligi aytilgan. Bundan tashqari, deputatlar Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi kollektiv G‘arbning siyosatini axloqsiz va uzoq vaqt davomida urush olovini alangalatuvchi, deb baholagan.

 

O‘zbekistonlik qiz Amerikada Gitlerni eslagani uchun ishdan haydaldi

 

So‘z va fikr erkinligi, inson huquqlari himoyasichisi bo‘lgan Amerikada o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy fikri uchun ishdan haydaldi. Gap Citibank’ning o‘zbekistonlik xodimasi Nozima Husaynova haqida ketmoqda. U Instagram ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan storisi  sabab ishdan bo‘shatilgan.

 

Gap shundaki, Nozima Husaynova Instagram storisida ijtimoiy huquq faoli Shon Kingning G‘azodagi shifoxona portlatilishida Isroilni ayblagan postini bo‘lishgan. Unda shunday deyiladi:

 

“G‘azodagi baptistlar shifoxonasi portlatilishi bilanoq Isroil ochiqchasiga bu uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga oldi va buni shifoxona ichidagi “terrorchi”larni o‘ldirish uchun qilganini aytdi. Buni muvaffaqiyat deb atashdi. Tinch aholi qurbon bo‘lganini ko‘rsatadigan videolar paydo bo‘lishi bilan ular o‘z tvitini o‘chirdi va falastinliklar o‘zlarini portlatganini aytdi”.

 

Nozima Husaynova esa postni bo‘lishar ekan uning tagiga “Gitler nega ularning hammasidan qutulmoqchi bo‘lgani endi ajablanarli emas”, deb yozgan va unga tabassumli emoji qo‘shib qo‘ygan.

 

Shundan so‘ng Husaynovaning storisidan olingan skrinshot X ijtimoiy tarmog‘idagi @StopAntisemitism sahifasida paydo bo‘ldi. Bu esa ko‘plab muhokamalar va tanqidlarga olib keldi.

 

25 yoshli Husaynova internetda katta repressiyaga sabab bo‘lganidan so‘ng Citibank uni ishdan bo‘shatdi. Chunki ko‘pchilik foydalanuvchilar uning ish beruvchisini "antisemitizmga toqat"i uchun boykot qilish bilan tahdid qilgan.

 

25 yoshli Nozima Husaynova Nyu-York shahri, Manxettenning quyi qismida joylashgan Citibank’ning Uoll strit filialida ishlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nozima Husaynovaning boshlang‘ich darajasidagi Citibank xodimining o‘rtacha maoshi yiliga qariyb 75 000 dollarni tashkil etgan.

 

Isroilda sobiq o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi

 

Isroildagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, to‘rt nafari bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Isroil Tashqi ishlar vazirligi xabar tarqatdi.

 

Isroil rasmiy idoralariga ko‘ra, 15 oktyabr holatiga ko‘ra, Isroilda 148 nafar xorij fuqarosi halok bo‘lgan, 143 nafari bedarak yo‘qolgan.

 

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi Isroil Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarni rad etdi. Qayd etilishicha, qurolli mojarolar vaqtida O‘zbekistonda tug‘ilgan va 90-yillarda repatriatsiya dasturiga muvofiq Isroilga ko‘chib kelgan 5 kishi halok bo‘lgan. Buni Isroil Tashqi ishlar vazirligi va politsiyasi ham tasdiqlagan. Lekin halok bo‘lganlar amaldagi O‘zbekiston fukarolik pasportlariga ega emas.  

Milliy gvardiya xodimi o‘zini o‘ldirdi

 

Toshkentda, Olmazor tumani prokuraturasida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi o‘z joniga qasd qilib, o‘zini o‘zi otib qo‘ydi. Voqea 17 oktyabr tongida sodir bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

 

Hozircha Milliy gvardiya xodimi o‘z joniga nima uchun qasd qilgani ma’lum emas.

 

Milliy gvardiyaning sobiq xodimi 15 yilga qamaldi

 

Milliy gvardiyadan uzoqlashmaymiz. Tuzilmaning sobiq xodimi pedofillik ayblovi bilan qamoqqa tashlandi.

 

18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida 13 yoshli qizni zo‘rlangan Milliy gvardiya sobiq xodimi ustidan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Sudlanuvchi 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U Qibray tumani Qo‘riqlash bo‘limi safdor-xodimi sifatida ishlagan.

 

AQSH o‘zbekistonliklarga viza tartibini kuchaytirmoqchi

 

AQSH hukumati O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining Yevropadagi aeroportlar orqali mamlakatga noqonuniy kirishidan xavotirlanyapti. Shu bois ham Vashington Yevropa Ittifoqi davlatlaridan tranzit viza berish tartibini kuchaytirishni talab qilmoqda.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jo Bayden ma’muriyati yevropaliklarga ehtimoliy terrorchilarning AQSH hududiga kirib kelishining oldini olish uchun Markaziy

Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan sayohatchilar nazoratga olinishi kerakligini bildirgan.

 

Xususan, Vashington mamlakatga Yevropa orqali o‘tayotgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining vizalari jiddiy tekshirilishini xohlagan. Bu bilan muhojirlar oqimini cheklash hamda xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatining bir qismi Yevropa Ittifoqining gardaniga tushmoqda.

 

Bunga O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan bir guruh migrantlarning ISHID bilan aloqadorlikda gumonlanayotgani ham sabab bo‘lgan.

 

Ushbu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza berish masalasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan muhokama qilinishi kerak.

 

Shuni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston fuqarolari so‘nggi ikki yil ichida AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tuvchilar orasida uchinchi o‘rinda qayd etildi.

 

Rossiya o‘zbek migrantlarini “chiqarib yubormoqchi”

 

Migrantlar masalasida Rossiya ham O‘zbekistonga nisbatan yumshoq munosabatda emas. Deputatlar O‘zbekiston hukumatidan migrantlarini olib ketishni so‘ramoqda.

 

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘radi.

 

Bu Rossiyada ishlab yurgan va qaramog‘ida farzandlari bo‘lgan o‘zbekistonlik ishchilar ularni bog‘cha va maktablarga joylashtirishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan bog‘liq.

Quronboyev, shuningdek, Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston yosh fuqarolari uchun migratsiya tartib-taomillarini soddalashtirish masalasini ham qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishni so‘ragan.

 

Rossiyalik deputat Mixail Delyagin esa mazkur tashabbus Federatsiya qonunlariga mos kelmasligini aytib chiqdi.

 

“O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi Rossiya Konstitutsiyasi haqida hech narsa eshitmagan bo‘lsa kerak. Bu qonunda odamlarni millatiga ko‘ra kamsitish taqiqlangan. Faqat migrant bolalar uchun maktablar ochish Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan kamsitish ekanligi aniq.

 

Darvoqe, tojik diasporasi janoblari faqat tojiklarga xizmat ko‘rsatadigan tibbiyot markazlari ochilishi haqida gapirganda nimani nazarda tutgan bo‘lsa, bu ham xuddi shunday ma’noda”, deydi deputat.

 

Unga ko‘ra, bu Rossiyaga qarshi ataylab olib boriladigan siyosat va dushman kayfiyatida bo‘lgan anklavlarni yaratishga urinishdir.

 

“Menimcha, O‘zbekiston, albatta, bolalar bog‘chalari va maktablarni qurishi kerak, lekin faqat o‘z hududida. Ular Rossiyaga siqib chiqargan fuqarolarini qaytarib vataniga olib ketishi kerak. Chunki, aytaylik, Tojikiston aholisining uchdan biridan ko‘prog‘i Rossiyada yashaydi. Bu holat Tojikiston uchun ham, Rossiya uchun ham mutlaqo normal emas”, deydi Mixail Delyagin.

 

Chegarachilar ikki kishini otib o‘ldirdi

 

Tugayotgan haftada Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi “Vodil” aholi punktida xizmat olib borayotgan chegarachilar spirtli ichimlik ta’sirida ularga faol qarshilik ko‘rsatgan ikki fuqaroni otib qo‘ydi.

 

“Vodil” aholi punktida xizmat olib borayotgan Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari “Bo‘ston” MFY hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar boshqaruvidagi mashinani to‘xtatib, belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazgan.

Tekshiruv davomida mashinaning salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklar borligi aniqlangan. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida ikki fuqaroga bo‘linmaga borish taklif etilgan. Biroq bu ikkiovlon va ularning voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yig‘ilgan o‘n nafarga yaqin sheriklari spirtli ichimlik ta’sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va chegarachilarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga nisbatan kuch ishlatgan.

 

Oqibatda harbiy xizmatchilar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlar teng kelmagani bois, chegarachilar ogohlantiruvchi o‘q uzishga majbur bo‘lgan. Ogohlantirishdan keyin ham to‘g‘ri xulosa qilmagan fuqarolarning ikki nafariga ham o‘q uzilgan. Ularning ikkisi ham voqea joyida vafot etgan. Aytilishicha, hozirda holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Yana pora, yana “O‘zbekiston temiryo‘llari”

 

O‘tgan safargi dasturimizda “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning Afrosiyob poyezdidan foydalangan niderlandiyalik sayyoh 15 dollar evaziga ekonom klassdagi joyini VIP joyga almashtirib olganini sharmanda, deb izohlagan edi. Buning uchun kameralar qarshisida va sizning guvohligingizda chin yurakdan, afsus va nadomat bilan uzr so‘rayman. Bu sharmanda emas, shappa-sharmanda ekan.

 

Tugayotgan haftada Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkilotining Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi o‘tkazildi va butun dunyo nigohi O‘zbekistonda bo‘ldi. Unda Turizm sohasining eng kazo-kazolari qatnashdi. Shunday nufuzli tadbir o‘tayotganda, aksiga olib deng, yana ijtimoiy tarmoqda turkiyalik sayyohning hayotida birinchi marta pora bergani, bu O‘zbekistonda sodir bo‘lgani, u Toshkent-Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdga chiqqani va 100 ming pora berib joyini VIP joyga o‘zgartirib olganini aytgan video tarqaldi.

 

“Vagon ma’muri keldi va biroz pul evaziga bizga yaxshiroq xona berishi mumkinligini aytdi. Hayotimizda ilk marotaba pora berdik, do‘stlar. Tan olish kerak, avvaliga o‘zimni yomon his qildim. Ammo bergan pulimizga yarasha javob oldik.  100 ming so‘mga yaxshigina kupeda Toshkentdan Andijongacha ajoyib manzaralarni tomosha qilib ketdik”, deyiladi videoda.

 

Niderlandiyalik sayyoh bilan sodir bo‘lgan pora ishining fosh bo‘lishi ortidan poyezd boshlig‘i ishdan olingani aytildi-yu ammo hech qanday isbot taqdim etilmadi. Galdagi holatda esa pora talab qilgan xodim o‘z ishining ustasi, pixini yorgan bo‘lib chiqdi. “O‘zbekiston temiryo‘llari”dagilar qancha urinmasin, pora olgan xodimni topa olmadi.

 

Shu o‘rinda yana niderlandiyalik sayyoh masalasiga qaytsak. Tugayotgan haftada u QALAMPIR.UZ’ga xat yozdi va o‘zi pora bergan poyezd rahbari ishdan bo‘shatilganidan afsusda ekanini bildirdi. Uning bildirishicha, poyezddan foydalanganidan bir necha kun avval chiptalarini qonuniy yo‘l bilan VIP'ga almashtirib berishlarini so‘rab, “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga murojaat qilgan. Biroq yordam berilmagan. Vokzalda chiptasini almashtirib berish uchun yordam berishi mumkin bo‘lgan odamni qidirgan. Ammo ingliz tilini biladigan xodim ham, yo‘lovchi ham topilmagan.

 

“Bu voqea ularning poyezdlari va qulay sayohatlari tufayli emas, balki poyezd chiptalarini band qilishning murakkabligi, til bilan bog‘liq to‘siqlar va mijozlarni juda xafa qiladigan xizmat tufayli sodir bo‘ldi. Agar “Afrosiyob”ning stansiyada yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish guruhida rus bo‘lmagan sayyohlarga yordam bera oladigan ishchisi bo‘lganda edi, bunday holat hech qachon yuz bermasdi.

 

Ishchini ishdan bo‘shatish va bu bilan korrupsiyaga qarshi kurashayotganini ko‘rsatib qo‘yish ular uchun "faxrli ish" bo‘lishi mumkin, ammo "O‘zbekiston temiryo‘llari" kompaniyasi ham o‘zini oynada ko‘rishi kerak”, deydi niderlandiyalik sayyoh.

 

“O‘zbekiston temiryo‘llari”ga bildirilayotgan tanqidlar ortidan 20 oktyabrdan tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarining chipta narxlari mos ravishda 50, 100 foizga oshirilishi haqidagi qaror bekor qilindi. Bildirilishicha, ayni vaqt tashkilot stavkalarni qayta ko‘rib chiqmoqda, ammo hozircha chipta narxlari qachon va qanday qiymatda qimmatlashi aniq emas.

 

Ha, bu orada aytib ketay. So‘nggi ikki hafta ichida “O‘zbekiston temiryo‘llari”dagi ikki korrputsiyaviy holat bo‘yicha ma’lumotlar tarqalayotgan bo‘lsa ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi miq etmay, sukut saqlamoqda.

 

Sergelidagi portlash uchun 4 kishi hibslandi

 

Sergelida ombor portlagani esingizdan chiqqani yo‘qmi? Tugayotgan haftada ushbu dahshatli fojia sabab tashkil topgan Hukumat komissiyasining bildirishicha, 4 kishi hibsga olindi.

 

Aytilishicha, yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz bergan. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.

 

Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.

 

Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar, omborda poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalarning mavjudligini ko‘rsatgan.

 

Portlashga omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelishi sabab bo‘lgan. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Japarov o‘z korchalonidan “Kolya Qirg‘iz”ning xunini so‘ramoqchi

 

Bundan bir necha kun avval Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev kriminal avtoritet Kolya Qirg‘iz nomi bilan tanilgan Qamchibek Ko‘lboyevning o‘limi ortidan kimdir bosh ko‘tarib, uning xunini talab qilgudek bo‘lsa, o‘sha ko‘tarilgan bosh chopilishini aytgan edi. Endi esa Kolya Qirg‘izning xunini uncha-buncha odam emas, naq Prezident Sadir Japarovning o‘zi talab qilyapti.

U mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida mamlakat Harbiy prokuraturasiga “Vor v zakone” Qamchibek Ko‘lboyevning yo‘q qilinishi yuzasidan tergov o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini aytgan.

 

Prezident Qo‘lboyevning o‘ldirilganini hamma qatori internetdan bilganini va darhol Bosh prokuror Qurmonqul Zulushevga qo‘ng‘iroq qilgan.

 

“Men unga harbiy prokurorni o‘zi bilan olib borishini, o‘sha joyga borib, sodir bo‘lgan voqea haqida ma’lumot berishini aytdim. U borib, menga qo‘ng‘iroq qilib, voqea joyida otishma bo‘lganini, o‘lganlar va jarohatlanganlar borligini aytdi”, deydi Prezident.

 

Japarovga ko‘ra, Harbiy prokuratura Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining maxsus operatsiyasi qonuniy ravishda o‘tkazilgan yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida tergov olib bormoqda.

 

Ammo mamlakatda allaqachon Kolya Qirg‘izning boyliklarini talash boshlab yuborilgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qamchibek Ko‘lboyevga tegishli zotdor otlarni musodara qildi. Ularning taxminiy qiymati 500 ming dollardan oshgan.

 

Zato bizda “Tashkent city” bor

 

Toshkent shahrida havo sifat darajasi “nozik guruhlar” allergik va nafas olish organlarida muammosi bor aholi qatlami uchun “nosog‘lom” deb topildi.

 

Ma’lum qilinishicha, poytaxt havosining sifat darajasi “qizil” xavfga ega bo‘lib, 18 oktyabr kuni JSST tavsiya qilgan yillik havo sifati me’yoridan yuqori darajani qayd etgan. Shu bois mutaxassislar shahar aholisidan ko‘cha-ko‘yda chiqishdan oldin niqob taqishni so‘ramoqda.

 

Amerika Qo‘shma Shtatlarining real vaqt rejimida faoliyat yurituvchi IQAir portalida keltirilishicha, ayni damda Toshkent shahri – havosi eng ifloslangan dunyo shaharlari reytingida 7-o‘rinni band etmoqda.

Zato bizda “Tashkent city” bor.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing