Tebranayotgan O‘zbekiston, vahshiy qotillik qurboni, yadroviy tahdid — Hafta tahlili

Tahlil

Uyingiz qanchalik zilzilaga bardoshli ekanini bilasizmi? Buni bilish uchun qayerga murojaat qilishni-chi? Shaxsan men bilmayman, bilish harakatidamanu lekin aniq javob beradigan odamning o‘zi yo‘q. Xalq tilida "novostroyka" deyiladigan yangi uylarda yashayman, lekin shu kunlarda uyimiz qanday qurilish mahsulotlaridan qurilganiyu qanchalik zilzilaga bardoshli ekani meni o‘ylantiryapti. Turkiyada 50 ming kishining yostig‘ini quritgan zilzilalar tez unutdik, shu hafta o‘zimizda sodir bo‘lgan kichik, har holda Turkiyadagidek bo‘lmagan zilzilalar odamni xavotirga solib qo‘ydi. Tebranib turgan lyustri ostida yotarkanman, ko‘z o‘ngimdan butun hayotim lentadagidek o‘tdi. Yaratganning o‘zi asradi, bizda talafotlar, jarohatlanganlar va qurbonlar bo‘lmadi. Qo‘shnilarimiz borasida esa bunday deyolmayman. Titrayotgan zamin, voqea hodisalardan jumbushga kelgan dunyo bu haftani qanday o‘tkazdi? Tugayotgan hafta voqealari tahlili bilan tanishing.

Avtomobillarga navbatni yo‘qatolmagan Umuruzoqov hokim bo‘ldi

O‘tgan hafta tahlilimizni poytaxt Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripovning maslahatchisi o‘laroq ish boshlagani haqida xabarlar tarqalganini aytishdan boshlagandim. Bu xabarlar-ku o‘zining isbotini topmadi, ammo Toshkentga bu hafta yangi hokim tayinlandi. Kim-kim sobiq prokuror, O‘zbekistonda monopol tashkilotlar haqida gap ketganda ro‘yxat avvalida keladigan “O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umurzoqov Ortiqxo‘jayevdan qolgan o‘rinni egalladi. 

Hozircha u ham Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi. Umurzoqov bu o‘rinda ko‘p vaqt ishlaydimi, vazifasini bajaruvchilikdan hokim degan nomni to‘liq oladimi, bunisi hozircha mavhum. Ortiqxo‘jayevning tarixiga qarasak, u 2018 yilning aprelida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan bo‘lsa, oradan sakkiz oy o‘tib, o‘sha yilning dekabrida mutlaq hokim bo‘lgan. Va ma’lumingiz kim, shu yilning 16 yanvar kuni lavozimini bo‘shatib berdi. 

Uning o‘rnini egallagan birinchi o‘rinbosari, to‘g‘rirori Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan 64 yashar Baxtiyor Rahmonov bu lavozimda uzoq qolmadi. Toshkentni bor-yo‘g‘i 67 kun boshqargan Rahmonov bu muddat ichida ko‘plarni jazolashga ham ulgurdi. Endi esa o‘zining taqdiri savol ostida turibdi. Chunki uning avvalgi – hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimini allaqachon boshqa odam egallab bo‘lgan. Rahmonovning esa qayerga ketgani ma’lum emas. Hokimlik saytining rahbariyat bo‘limidan esa uning nomi butkul o‘chirildi. 

Shavkat Umurzoqovning Toshkentga hokim bo‘lishi Ortiqxo‘jayevning o‘rnini Rahmonov egallashidan ko‘ra ko‘proq shokka tushirdi. Jamoatchilik “O‘zavtosanoat”dagi navbatlarni hal qilolmagan Umurzoqov Toshkent muammolarini qanchalik yecha olarkin degan savolni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Uning birinchi ish kunidanoq tanqidlar yog‘ildi. 

Shaxsiy fikrlarim bilan o‘rtoqlashsam: Men Umurzoqov shaxsi bilan tanish emasman. Ortiqxo‘jayev yaxshimi yo yomon, o‘zidan tarix yozib ketdi. Undan dog‘ qoldimi yo bog‘, yillar o‘tgani sayin anglab boraveramiz. Lekin shahar ham, shaharliklar ham ko‘p o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgani aniq. Bu o‘zgarishlarni kim ijobiy, kim salbiy qabul qilishi shaxsiy qarashlariga bog‘liq.

Endi Ortiqxo‘jayevni qo‘msab qoldingizmi, siz-ku unga eng ko‘p muxolif bo‘lgan, demang. Aksincha, biz unga fikrlar, tanqidlar bilan yordam berishga harakat qildik. Va hamisha shaxsiyatiga nisbatan hurmatni saqlab qoldik. Qilgan yaxshi ishlarini hech qanday manfaatsiz ko‘pirtirib yozgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Ammo hech qachon stol atrofida hamfikr bo‘lolmadik. 

OAVning Ortiqxo‘jayev bilan murosasizligiga kelsak, bunga 60-70 foiz aybdor uning atrofidagilar bo‘ldi, Matbuot xizmati, u yerda ishlagan ayrimlarning naglosti, o‘zini hokimdek tutishi, “ignor” qilishi sabab bo‘lgan. Oqibatda esa kichik muammo ham kattalashib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Ortiqxo‘jayev shaxsi bilan bog‘lanavergan. 

Maydonda endi Umurzoqov. U matbuotga yopiq qoladimi, jurnalistlarga dushman bo‘ladimi yo shahardagi muammolarni ular bilan baham ko‘radimi, vaqt o‘tsa ko‘ramiz. Fakt shu, Ortiqxo‘jayev ketdi, muammolar yechilmadi. 

Ha darvoqe, O‘zavtosanoatning raislik kursisiga uning sobiq raisi, Indoneziyaga elchi qilib yuborilgan Ulug‘bek Rozuqulov qaytib keldi. 

Sobiq hokim 4 yilga qamaldi

Hokimlar mavzusidan uzoqlashmay turamiz. Joriy haftada jinoiy javobgarlikka tortilgan ikki hokimga sud tomonidan hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi. 

Davlat manfaatlariga 60 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazishda gumonlanib hibsga olingan Qarshi shahrini 2016 – 2019 yillarda boshqargan Jamshid Fozilov Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Ayni paytda sudlanuvchi Jamshid Fozilov tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda. 

Shuningdek, Andijon viloyatining Asaka tumani hokimi lavozimida Mansurjon Alixonovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining 2023 yil 27 yanvardagi hukmi bilan 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Alixonov sudning qarori nisbatan apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. Jinoyat ishi 30 mart kuniga apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi. 

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining 2023 yil 27 yanvardagi hukmi bilan Mansurjon Alixonov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Diqqat, zilzila!

Bu xabarni aytmasam ham o‘zingiz boshingizdan o‘tkazdingiz. Joriy yilning 21 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:47 da Afg‘onistonda kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Mazkur zilzila O‘zbekiston hududlarida ham sezilib, 5-6 ballni tashkil qildi. Zilzilalar oqibatida vayronalar, qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilmadi. 

Shuningdek, 23 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 01:07 da Tojikistonda zilzila sodir bo‘ldi. Ushbu yer silkini ham O‘zbekistonda sezildi va yana 5-6 ballni tashkil etdi. Zilzila epimarkazi Toshkent shahridan 217 km janubi-sharqda ekani aytilldi. Bundan tashqari, tongi soat 07:53 da ham respublika hududida 2-3 balli zilzila qayd etildi.

O‘sha kuni Tojikistonda 6 ta zilzila sodir bo‘lgani aytildi. 

21 mart kuni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan 6,6 balli zilzila oqibatida Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva viloyatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, 44 kishi jarohat oldi. Afg‘oniston sharqidagi Lag‘mon viloyatida esa ikki kishi o‘lgan.


O‘zbekistonda sezilgan zilzilalar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda turli chaqiriqlar, aftershoklar, 9 ballgacha kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqida yolg‘on xabarlar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Samandar Hikmatullayevning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, yaqin  kunlarda O‘zbekistonda kuchli zilzilalar bo‘lishi ehtimoli yo‘q. Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Xonanda Dilmurod Daliyev xotinini o‘ldirdi

Tugayotgan haftaning 23 mart kuni soat 01:55 da farg‘onalik 36 yoshar xonanda Dilmurod Daliyev rafiqasini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Rishton tumanida yashovchi 36 yoshli Dilmurod Daliyev uning 31 yashar rafiqasi o‘rtasida oilaviy masalada janjal chiqqan. Shu vaqtda Daliyev oshxona pichog‘i bilan ayoliga bir necha marotaba jarohati yetkazgan. Oqibatda ayol hodisa joyida vafot etgan. 

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

O‘zbekistonlik ayol Istanbulda dahshatli tarzda o‘ldirildi

Turkiyada ham o‘zbekistonlik 40 yashar Umida To‘laganova o‘ta dahshatli jinoyat qurboni bo‘ldi. Mamlakatning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan Istanbul shahri Bog‘chaliuylar tumanida yashagan o‘zbekistonlik To‘laganova turmush o‘rtog‘i 61 yoshli Riza Beler tomonidan tosh bilan o‘ldirilgan. Ayol qotillik qurboni bo‘lgani yetmagandek, uning jonsiz tanasi bo‘laklarga bo‘linib, muzlatgichda saqlangan. 

Voqea 23 mart kuni ertalab soat 05:30 da 4 qavatli turar-joy binosining 3-qavatidagi xonadonda sodir bo‘lgan.

Riza Beler uzoq vaqt birga yashagan Umida To‘laganovaga bankdan 17 ming turk lirasi (taqriban 891 AQSH dollari) kredit olganini aytgan. Ikkovi o‘rtasida kredit qarzi va oldingi qarzlar yuzasidan kelishmovchilik chiqqan. Janjaldan so‘ng Riza Beler To‘laganovani tosh bilan o‘ldirib, jasadini bo‘laklab tashlagan. Beler Umidaning kesilgan bo‘laklarini axlat qoplariga solib, muzlatgichga qo‘ygan.

Er-xotinning uyidan janjal ovozlarini eshitgan qo‘shnilar politsiyaga xabar bergan. Chaqiriq bo‘yicha uyga kelgan politsiya guruhlari o‘ldirilgan ayolning jasadini muzlatgichdan topib, gumondor Riza Belerni qo‘lga olgan.

Holat bo‘yicha boshlangan tergov-surishtiruv doirasida Beler ayolini o‘ldirishni rejalashtirib yurganini, ushbu jinoyatni sodir etganini tan olgan. 

U qo‘lga tushmaslik uchun ayolning jasadini bo‘laklarga bo‘lib, uni qoplarga solgan, vaqti-vaqti bilan ularni tashqariga uloqtirmoqchi bo‘lgan.

O‘zbekistonning o‘zida qotillik qurboni bo‘layotgan ayollar yo‘q deb o‘ylaysizmi? Yuzlab topiladi. Bolalar-chi? O‘xxo‘, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, aynan jinsiy zo‘ravonliklar haqida qanchadan qancha ayanchli voqealarni eshitdik. Yanvar oyida poytaxtning, "xavfsiz" deyilgan poytaxtning Yangi hayot tumanida 12 yashar qizaloq uyida usta bo‘lib ishlagan 29 yashar yigit tomonidan zo‘ravonlikka uchrab, so‘ng o‘ldirib ketilganini eslang. Nasib bo‘lsa endi bunday harakatlargacha bo‘lgan kichik zo‘ravonliklar ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu 23 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar to‘plami bilan mustahkamlandi.  

Unga ko‘ra, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi pornografik mahsulotni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llash taqiqlanmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik, shuningdek, ushbu jinoyatlarni jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish yoki unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan sodir etish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Yana bir muhim yangilik – oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Bundan tushuniladiki, endi oiladagi urush janjallar nisbatan ta’sirchan choralar qo‘llaniladi. Xususan jismoniy zo‘ravonlik bilan bir qatorda iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni, nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik, shahvoniy shilqimlik qilish, voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik kabi harakatlar uchun javobgarlik kiritilmoqda.

Aliment majburiyatlari bajarilishini ta’minlovchi chora sifatida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb qilish kabi yangi ma’muriy jazo chorasi kiritilmoqda.

Shu bilan birga ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sport, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva esa buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb bilmoqda. 

“Bu nafaqat O‘zbekiston ayollarining, balki barcha tafakkurli, ilg‘or insonlarning g‘alabasi!" deydi Mirziyoyeva. Saida Mirziyoyev haqida aytar gaplarimiz hali ko‘p. Unga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Si Szinpin Rossiyaga nega keldi? 

Yaqindagina uchinchi muddatga Xitoy Xalq Respublikasi raisi lavozimini egallagan Si Szinpin ilk davlat tashrifini Rossiyadan boshladi. U 20-22 mart kunlari Rossiya rahbari Vladimir Putinning aziz mehmoni bo‘ldi. Szinpinni aeroportda Putin kutib olmadi. Davlat rahbarlari Kremlning birinchi binosidagi vakolatxonasida bir-birlarini qarshiladi. Rossiya Prezidenti va XXR raisi o‘rtasidagi muzokaralar yakkama-yakka formatda bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng ular kechki ovqat paytida muloqotni davom ettirdi.

Uchrashuvda Putinning aytishicha, Xitoy iqtisodiyoti boshqa ko‘plab mamlakatlarga qaraganda ancha kuchliroq. U Xitoy so‘nggi yillarda o‘z taraqqiyotida ulkan sakrashga erishganini yuqori baholagan va unga hasad qilishini qistirib o‘tgan. 

Si Szinpin esa Kremldagi uchrashuvda Putinni “qadrdon do‘st” deb atadi. Kelasi yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida rus xalqi yana Putinni tanlashiga ishonishini aytdi. 

Shuningdek, u Putin bilan norasmiy uchrashuvda Xitoy Ukraina inqiroziga siyosiy yechim topishda konstruktiv rol o‘ynashda davom etishga tayyorligini bildirdi. 

U aksariyat davlatlar olovga moy quyishga qarshi ekani, tarixan qarama-qarshiliklar hamisha muloqot yo‘li bilan hal etilgani, qiyinchilik va murosasizliklar qancha ko‘p bo‘lsa, tinchlik uchun bo‘sh joy qoldirish shunchalik muhim ekanini aytgan.

Si Szinpin Xitoyda bo‘lib turganida Oq uy uni Putinga bosim o‘tkazishga, Ukraina suverenitetini hurmat qilishni va Ukrainaga qarshi urushni tugatishni aytishga chaqirdi. 

Xitoy rahbari Pekinga qaytmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda ikki rahbar kechki ovqatga nima tanovul qilgani ma’lum bo‘ldi. Rahbarning kechki ovqati yetti taomni o‘z ichiga olgan.

Birinchi taomga Uzoq Sharq dengiz mahsulotlari berilgan. Yetakchilar keyin bedana va qo‘ziqorinli krep, pirog bilan cterlyad baliq sho‘rvasi, anor sharbatini tatib ko‘rgan.

Shundan so‘ng, ularga sabzavotli "Pechora" nelmasi yoki olcha sousi bilan kiyik go‘shtini tanlash taklif etilgan. Desertga esa "Pavlova" shirinligi tortilgan.

Kechki ovqatga Rossiyaning "Usadba Divnomorskoye" vino zavodidan ikkita “Sharqiy yonbag‘ir” va “G‘arbiy yonbag‘ir” vinolari hamroh bo‘lgan.

Xitoy rahbarining Rossiyaga tashrifidan keyin esa birdan Yevropa Ittifoqi Tashqi idorasi rahbari Jozep Borrel, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoyga boradigan bo‘lib qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yevropa Ittifoqi Xitoyni yolg‘izlatib qo‘ymaslikka chaqirgan. 

Yadroviy urush boshlanadimi?

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri o‘rinbosari baronessa Annabel Goldi Britaniya hukumati Ukrainaga zirhli transport vositalarini yo‘q qilish samaradorligini oshiradigan, tarkibida  uran bo‘lgan snaryadlar yetkazib berishini e’lon qildi. Bu esa o‘z ortidan qator xavotirli bayonotlarni boshlab keldi. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Britaniyaning harakati yadroviy to‘qnashuv tobora yaqinlashayotganini ko‘rsatadi. 

Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin esa agar Buyuk Britaniya aytganida tursa, birinchi navbatda Yevropaga ta’sir qiladigan global fojia sodir bo‘lishini aytdi.

Uning eslatishicha, Vashington Yugoslaviya va Iroqda ham xuddi shunday snaryadlardan foydalangan, bu esa hududning ifloslanishiga, shuningdek, odamlar orasida saraton kasalligining keskin kuchayishiga olib kelgan.

U uranli o‘q-dorilar yetkazib berilgandan so‘ng, Kiyev iflos bomba yoki taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini, agar bu sodir bo‘lsa, ortga qaytib bo‘lmasligini taxmin qildi.  

Britaniyaning fikricha, snaryadlarning yetkazib berilishi mojaroning yadroviy kuchayishiga olib kelmaydi. 

“Yadroviy eskalatsiya yo‘q. Yadroviy jihatlar haqida gapiradigan yagona davlat – bu Rossiya. Mazkur holat Rossiyaga hech qanday tahdid solmaydi, bu Ukrainaga o‘zini himoya qilishda yordam beradi, xolos”, deydi Britaniya Ta’lim va tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli.  

Shuningdek, Britaniya Mudofaa vazirligi snaryadlar tarkibidagi uranni o‘nlab yillar davomida qo‘llanilayotgan zirhli teshuvchi o‘q-dorilarning standart komponenti deb atagan va Moskvaning ularni Ukrainaga yetkazib berishga munosabatini qasddan yo‘ldan ozdirishga urinish deb baholagan.

Rossiya xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning fikricha, Ukrainaga chet el qurollari yetkazib berilgan har bir kun, oxir-oqibat, xuddi shu yadroviy apokalipsisni yaqinlashtirmoqda.

Rus va O‘zbekiston hamisha birga bo‘ladi – Shavkat Mirziyoyev

21 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi. Bayram tantanalaridan so‘ng Shavkat Mirziyoyev qozoq, qirg‘iz, turk, ozar, nemis, tatar, ukrain, rus va boshqa xalqlarning milliy madaniyat markazlari ko‘rgazmalarini borib ko‘rgan.

Prezident Rus madaniyat markazi ko‘rgazmasi oldiga kelganida uni O‘zbekiston va Rossiya do‘stligi haqidagi qo‘shiq bilan kutib olishgan. Shavkat Mirziyoyev markaz vakillarini qutlar ekan, ikki xalqning tinch va osoyishta yashayotgani katta yutuqligi, rus va O‘zbekiston og‘ir kunlarda doim birga bo‘lgani va bundan keyin ham shunday bo‘lishini aytgan. 

“Qo‘shiqda to‘g‘ri aytilgan: Rus va O‘zbekiston – ular doimo birga bo‘lgan va bo‘ladi. Eng og‘ir damlarda biz birga bo‘lganmiz va birga bo‘lamiz”, degan Prezident.

Bungacha u Rus madaniyat markazi ko‘rgazmasi yonida joylashgan ukrain madaniyat markazi ko‘rgazmasida markaz vakillari bilan suhbatlashgan. U yerda Mirziyoyevga “Pidmanula” qo‘shig‘i kuylangan.

Medvedev Germaniyaga raketa hujumlari bilan tahdid qildi

Xabaringiz bor, joriy yilning 17 mart kuni Gaaga xalqaro jinoiy sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Prezidentning Bolalar masalalari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olish bo‘yicha order berdi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari, hatto, AQSH ham sudning ushbu qarorini bajara olmasligini aytib chiqayotgan bir paytda Germaniya uni so‘zsiz ado etishini bildirdi. Bu haqda mamlakat Adliya vaziri Marko Bushman aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin sud qarorini bajaradi va Rossiya rahbari Germaniya hududiga kelgan taqdirda hibsga oladi. 

Bu esa Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning e’tiroziga va tahdidiga sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, agar Berlin Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni hibsga olsa, Rossiyaning barcha raketalarini Germaniyaga uchadi. 

“Agar Germaniyada Rossiya Prezidenti hibsga olinsa, bu urush e’lon qilish bilan barobar bo‘ladi va bizning barcha raketalarimiz Bundestagga va kansler ofisiga uchib ketadi”, degan Medvedev.

Germaniya esa Medvedevning po‘pisasiga javob berishni ham lozim topmadi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt bu provakatsiyaga javob berishni istamagan. 

Saida Mirziyoyeva BMT minbariga chiqdi

Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi so‘nggi kunlarda diqqat markazida bo‘lib turibdi. Kuni kecha Toshkentdagi Bunyodkor stadionida o‘tkazilgan U-20 futbol musobaqasini Prezidentning yonida o‘tirib tomosha qilgan va o‘g‘li bilan tushgan suratlari tarmoqlarda trendga chiqqan Saida Mirziyoyeva tugayotgan haftada AQSHga bordi. Tashrif bemaqsad emas. U BMTning bosh qarorgohida Suv masalalariga bag‘ishlangan konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida O‘zbekiston nomidan asosiy mehmon sifatida ishtirok etdi, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda nutq qilgan minbarga minbarga chiqdi. O‘shanda ham Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi Orol masalasini ko‘tarib chiqqan edi. Saida Mirziyoyevaning chiqishini ham Orol mavzusi qamrab oldi. 

U Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda O‘zbekistonning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi.

Mirziyoyeva Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini ta’kidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibroyim Yusupov ijodidan dengizning ko‘z ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni o‘qib bergan. E’tiborlisi shundaki, tarixda birinchi marta BMT minbarida qoraqalpoq tili yangragan. 

Mintaqaning og‘ir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli g‘amxo‘rlik va ko‘makka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini aytgan. 

Ushbu yig‘ilishga Orolga oid muhim yangilik yangradi. Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovning konferensiyada ma’lum qilishicha, bank uch yil ichida Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksiga kamida 400 million dollar sarmoya kiritmoqchi.

Saida Mirziyoyevaga kelsak, u Nyu-Yorkda Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar uchun dasturxon yozgan. Unda Nyu-York meri Erik Adams ham qatnashgan.

Tadbirga AQSHda istiqomat qilib, ko‘plab yutuqlarga erishgan o‘zbekistonliklar, jumladan O‘zbekiston xalq artistlari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva ham qatnashgan. AQSHda yashadigan ushbu ikki san’atkor bilan suhbatda bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulovaning Feysbukda yozishicha, Saida Mirziyoyev o‘zi uyushtirgan tadbirga kelgan mehmonlarning har biriga alohida hurmat ko‘rsatib, ular bilan suhbatlashgan.

O‘zbekiston "Tolibon" bilan nimaga kelishdi?

Tugayotgan haftada Prezidentning qizi AQSHga safar qilgan bo‘lsa, Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov va Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashevdan iborat delegatsiya Qobulda bo‘ldi. Mehmonlar Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttakiy, Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan uchrashgan.

Uchrashuvda vakillari rasmiy Toshkent “Tolibon”ga siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va boshqa sohalarda yordam berishga tayyorligini bildirgan.

“Tolibon” Mudofaa vazirligi ushbu uchrashuvda ikki tomonlama chegarani himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash va munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini bildirdi. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalarni muhokama qilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi ayollar huquqlarini hurmat va himoya qilish, qizlarning ta’lim olishini ta’minlash zarurligini bildirgan. 

Tashqi ishlar vazirligi uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deganu lekin aynan qaysi suv haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

Ammo biz tagiga yetdik. "Sputnik Afg‘oniston"ning yozishicha, uchrashuvda O‘zbekiston Amudaryo havzasida qurilayotgan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha "Tolibon" bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.  

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonning Amudaryo suvlariga bo‘lgan huquqini tan olish va unga kanalning barcha afzalliklaridan foydalanish uchun texnik yordam ko‘rsatish istagini bildirgan. 

Bunga javoban "Tolibon" vakili loyiha bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilib, uning vositasida  ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga umid qilayotganini aytgan. 

Avvalroq bir qancha ekspertlar tomonidan ushbu kanal O‘zbekiston va Turkmanistonning katta qismida suv taqchilligini keltirib chiqarib, bu mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini og‘ir ahvolga solib qo‘yishi va katta ehtimol bilan "Tolibon" va O‘zbekiston o‘rtasida ixtiloflarga sabab bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilingandi. 

Mazkur kanalning uzunligi 280 kilometr, chuqurligi 8,5 metr va kengligi 100 metr bo‘lib, soniyasiga 650 metr/kub suv o‘tkazish imkoniyatiga ega. "Tolibon" hukumati o‘tgan yil uni qurish uchun 77 million dollar sarflagan.

Fransiya og‘ir tebranyapti

Fransiya hukumatning pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko‘tarish qarori tufayli yuzaga kelgan inqiroz davom etmoqda. 23 mart  kuni butun mamlakat bo‘ylab milliondan ortiq odam pensiya islohotiga qarshi namoyishlarga chiqdi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda Parijda yuz mingdan ortiq namoyishchi ko‘chalarga chiqqan, politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlangan. Bordo meriyasiga o‘t qo‘yilgan.

Butun mamlakat bo‘ylab tartibsizliklarga aloqadorlikda gumon qilingan 457 ortiq kishi hibsga olindi. To‘qnashuvlarda  huquq-tartibot organlarining 441 xodimi yaralangan.

Bu Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mutlaqo zarur deb hisoblagan islohotga qarshi namoyishlarning to‘qqizinchisi. Qonun yanvar oyida ko‘rib chiqish uchun taklif qilingan va o‘tgan hafta mamlakat rahbari uni parlament ovozisiz ma’qullagan, bu esa inqirozni kuchaytirgan.

Prezident Emmanuel Makron xalq g‘azabi oloviga moy quygan. U 22 mart kuni televideniyega bergan intervyusida hukumatni himoya qilib, pensiya islohotlari zarur ekanini ta’kidlagan edi.

Fransiya kasaba uyushmalarining ma’lum qilishicha, tartibsizliklarda 3,5 millionga yaqin muxolif qatnashgan.

Hukumat o‘zgarishlar 2030 yilda pensiya tizimidagi 13,5 milliard yevrolik bo‘shliqning oldini olish uchun zarurligini ta’kidlamoqda. Ammo kasaba uyushmalari dam olish kunlarida ko‘proq harakat qilishga chaqirgan. Tashkilot tomonidan 28 mart kuni yana bir umummilliy miting o‘tkazilishi e’lon qilingan. Uyushma a’zolari islohotni rad etish fikrida qat’iy qolmoqda.

Inoyatov nima deyapti?

Vazir lavozimiga o‘tirganiga ko‘p bo‘lmaganu ammo allaqachon aytgan gaplari bilan tanqidlar ostida qolishga, hatto, kulgi bo‘lishga ulgirgan Sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatov tugayotgan haftada ham yana diqqat markazida bo‘ldi. Inoyatov Yangilanayotgan Konstitutsiya referendum targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etib, 15-20 yil muqaddam tibbiyot juda og‘ir ahvolda bo‘lganini aytdi 

Inoyatov vazir bo‘la turib hali ham shifoxonalarda dorilar yetishmasligi, ayni ilmiy-amaliy markaz maqomini olgan tibbiyot muassasalarida davolanish otning kallasidek narx turishini yo bilmaydi, yo bu joylarga borib ham ko‘rmagan. Boring kordiologiyaga, endokrinologiyaga. Odamlar qanday navbatda turganini, navbatlarni oshib o‘tish uchun nimalarga tayyor bo‘layotganini bir ko‘ring. Bunday shifoxonalar ko‘p va ularga cho‘ntakni to‘ldirib bormasangiz, darvozadan ham kirolmay, shuvut bo‘lib turasiz. To‘g‘ri, pulni shifokorlar cho‘ntagiga solinmaydi, million-millionlarni davlat shifoxonasiida davlat qo‘ygan kassaga borib to‘lanadi. Boshimdan o‘tgani uchun gapiryapman, siz bilmasangiz men juda yaxshi bilan janob Inoyatov. Gapiring, ammo evi bilan gapiring. 

Inoyatovning gaplari nafaqat menda, balki boshqalarda ham qator e’tirozlarni paydo qildi. Jamoatchilik siz yomon deb aytayotgan, tibbiyotimiz og‘ir degan davrlarda 20 ta bola doridan vafot etmagan deb “Dok-1 Maks” preparati bilan bog‘liq voqeani esladi. Ijtimoiy tarmoqlarda maydonlarga chiqib gapirishni bilar ekansiz, nega bu masalada sukut saqlab kelyapsiz, degan haqli savol o‘rtaga tashlandi. 

Tarmoqning yana bir foydalanuvchisi “Star Med” klinikasida bloger Farhod Mannopovning operatsiya stolida o‘lganini eslab, vazirdan qaysi tibbiyotni og‘zi to‘lib maqtayotganini tushuntirib berishini so‘ragan. 

Londonda Ramazon Yangi yil kabi qarshilandi

Londonning madaniy markazi – West End'da tarixda birinchi marta Musulmon olami uchun muqaddas Ramazon oyi katta tantana bilan qarshilandi. Ko‘cha 30 mingdan ortiq bayramona chiroqlar bilan yoritildi. 

Buyuk Britaniya poytaxtining mashhur tumani fonus va yarim oy shaklidagi, shuningdek, “Ramazon oyi muborak” yozuvi tushirilgan yulduzli chiroqlar bilan bezatildi. Chiroqlarni Ramazonni nishonlayotgan Londondagi 1,3 million musulmondan biri bo‘lgan London meri Sodiq Xon yoqdi.

Qayd etilishicha, bu hudud Buyuk Britaniya poytaxti umumiy aholisining qariyb 15 foizini tashkil etuvchi Londondagi Fors ko‘rfazi davlatlaridan kelgan sayyohlar va musulmonlar orasida mashhur. Bu yerda dunyoga mashhur savdo, ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlar joylashgan.  

Muqaddas oyda West End'ga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshadi.  


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing